“Vasvasa tojdor virusdan ham xavfli yov”
...Tan olib aytish lozimki, bugun yurtimizda SOVID-19 xastaligi tufayli oʻrnatilgan tartib-qoidalarga hamma ham birdek rioya qilmayapti.
Tahlillarga qaraganda, bugun yurtimizda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mavjud quvvatlari aholi va tibbiyot muassasalarining dori vositalari hamda tibbiy buyumlarga boʻlgan ehtiyojining 27 foizini qoplaydi. Qolgan dori va tibbiyot vositalari mamlakatimizga xorijdan import asosida olib kiriladi.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Noqonuniy faoliyat ustidan doimiy nazorat yoʻlga qoʻyildi” sarlavhali maqola ana shunday tahlillar bilan boshlangan. Material muallifi Lutfulla Suvonovning taʼkidlashicha, ayni paytda dorixonalarda sotilayotgan dori-darmonlar zaxirasi va narxlari tegishli tashkilotlar tomonidan qatʼiy nazorat qilinmoqda. Xususan, kasallanish holatlari ortib borayotgan Toshkent shahrida ham ayni yoʻnalishda bir qator zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.Shu kunlarda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari poytaxtimizdagi mavjud 1 562 ta dorixonada boʻlib, dorilar narxi asossiz oshishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tushuntirish-targʻibot tadbirlarini oʻtkazmoqda...
...Tan olib aytish lozimki, bugun yurtimizda SOVID-19 xastaligi tufayli oʻrnatilgan tartib-qoidalarga hamma ham birdek rioya qilmayapti. Aksariyat fuqarolarimiz har qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, koronavirus balosining haqiqiy koʻlami, uning ayanchli oqibatlarini chuqur his etayotgani yoʻq. Baʼzilar esa karantin qoidalariga bepisand munosabatda boʻlmoqda.
“Xalq soʻzi” gazetasida chop etilgan “Ogoh va birdam boʻlsak, koʻrinmas ”yov“ daf boʻladi” nomli material ayni shu mavzu tahliliga bagʻishlangan. Maqolada qayd etilishicha, bunday odamlar nazarida xastalik ularga mutlaqo begona, oʻzi hamda yaqinlari esa koronavirus balosidan butunlay himoyalangandek goʻyo. Biroq koʻrmoqdamizki, ayni shunday fikrda boʻlgan va koronavirus xavfini chuqur anglab yetmagan qanchadan-qancha insonlar shifoxonalarda ushbu kasallikni yengish uchun kurashmoqda, yana qancha bemorlar esa xastalik qarshisida ojiz qolib, dunyodan koʻz yumayotir. Shu bois bugun koʻpga kelgan bu baloga qarshi mustahkam tura olish, uning oqibatlaridan himoyalanish uchun har birimiz, avvalo, oʻzimizni isloh qilishimiz lozim. Buning uchun koronavirus xavf-xatarini toʻgʻri baholab, hayot tarzimizni butkul oʻzgartirishimiz, eng asosiysi, INSON degan yuksak nomga munosib boʻlmogʻimiz zarur...
... Bolaligimizda mashhur multfilmning qahramoni “Alvastijon, hoy Alvasti, anavi Ivanushka-chi, sendan qoʻrqmas ekan”, desa, Alvasti “Xoʻsh, qoʻrqmasa nima qilibdi”, deb soʻrardi. “Qoʻrqmagani, seni hurmat qilmagani,” derdi qahramon. Yoki bolani uxlatishdagi anʼanaviy usullardan birini eslab koʻring: “Ana, olaboʻji keldi, koʻzingni yum tez” kabi qoʻrqitishga asoslangan holatlar bugungi kundagi vaziyatni anglatmayaptimi sizga? Tojdor virus haqidagi axborotlarning haddan ziyod koʻpligi va ulardagi bir-biridan qoʻrqinchli xabarlarning tafsilotlari, yonimizdagi baʼzi bir ruhiyati nimjonroq va hissiyotlarga beriluvchan kattayu kichikni vahima domiga tortib ketmayaptimi?
“Adolat” gazetasida bosilgan “Vasvasa tojdor virusdan ham xavfli yov” sarlavhali maqolada ayni shu savollar javobini topasiz. Jurnalist Zarafshon Qalandarova mavzuni tahlil qilar ekan,
soxta xabarlar tarqatib, odamlarni vasvasaga tushirayotganlarni qoralaydi. “Ikki-uch kun avval elga maʼlumu mashhur Oʻzbekiston xalq artistining tojdor virusdan vafot etgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi, – deb yozadi muallif.– Oradan bir necha soat oʻtib aktrisaning qizi ushbu maʼlumotni inkor qilib, onasining sogʻligi kundan-kunga yaxshilanib borayotganini maʼlum qildi. Koʻpchiligimiz ”Xudoga shukur, opa salomat ekan“, deb yengil tin oldik. Kuni kecha yana bir Oʻzbekiston xalq artistining ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida shov-shuvli xabar tarqaldi. Shukrki, bu gal aktrisa opaning oʻzi chiqib, xabar yolgʻonligi haqida bayonot berdi. Yana yengil tin oldik...”
... Bugun hayotimizda oʻta xavfli illat sanalmish korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Albatta, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni alohida taʼkidlash joiz. Ammo ishonch bildirgan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimining oʻzi korrupsiyaga oid jinoyatga qoʻl ursa-chi?
“Kuch – adolatda” gazetasida berilgan “Nafsiga aldangan xodim...” sarlavhali ocherkda ayni shu jinoyat tafsilotini oʻqiysiz. Materialda yozilishicha, Fargʻona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili ham jinoyatga murosasiz boʻlish oʻrniga vaziyatdan “unumli” foydalanib qolishga urindi. Yaʼni shaxsiy manfaatini oʻylab, jinoyatchini pora berishga undadi. Gap shundaki, 2020-yil 19-aprel kuni Fargʻona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan “Oriyat” tadbiri oʻtkaziladi. Mazkur tadbirda shaharning Yangi asr koʻchasidagi koʻp qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini oʻtayotgan Shoira Fayzimatova oʻz uyida qoʻshmachilik qilayotgani aniqlanadi. Shu bois, ayni holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga yuboriladi. Natijada Sh.Fayzimatovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi...
"Oʻzbekiston bunyodkoriʻ gazetasida eʼlon qilingan “Foydali loyihalar amalga oshmoqda” sarlavhali materilda “Qoʻqon” EIZ hududida soliq va bojxona toʻlovlari uchun chegirmalar mavjudligi xususida soʻz boradi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida imtiyozlar tadbirkorlarga 3 yildan 10 yil muddatga, yaʼni kiritiladigan investitsiyalar hajmiga qarab belgilanadi va unda tadbirkorlar yer, mulk hamda daromad soligʻidan ozod qilinadi. 10 million va undan koʻp
AQSH dollari hajmidagi investitsiyalar uchun soliq imtiyozlari – keyingi 5 yilda amaldagi stavkalardan 50 foiz kam hajmdagi foyda soligʻi va yagona soliq toʻlovi stavkalari qoʻllangan holda 10 yil muddatga berilishi koʻzda tutilgan...
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.