Vashingtonda Amerika–Kanada o‘zbek yuristlari assotsiatsiyasi ta’sis etildi
O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasida Amerika–Kanada o‘zbek yuristlari assotsiatsiyasi (ACULA)ning ta’sis qurultoyi bo‘lib o‘tdi. E’tiborli jihati, mazkur yig‘in AQSH va Kanadada faoliyat yuritayotgan o‘zbek huquqshunoslarini yagona kasbiy tashkilot atrofida birlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Tuzilmaning asosiy maqsadi – xorijdagi vatandosh huquqshunoslar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston bilan AQSH va Kanada o‘rtasidagi huquqiy va akademik aloqalarni rivojlantirishdan iborat.

Qurultoyda tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalari muhokama qilindi. Xususan, muntazam kasbiy uchrashuvlar, seminar va o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish, yosh huquqshunoslar uchun mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistondagi yuridik ta’lim va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’sis qurultoyi doirasida assotsiatsiya rahbariyati ham shakllantirildi. Yaqinda yetti nafar nomzod ishtirokida o‘tkazilgan saylovda 44 foiz ovoz to‘plagan huquqshunos Erkinboy Abdullayev ACULA prezidenti etib saylandi.Shuningdek, prezident tavsiyasiga asosan,direktorlar kengashi tomonidan Kanadada istiqomat qilayotgan huquqshunos Rahmadjon Sobirov assotsiatsiya vitse-prezidenti lavozimiga tasdiqlandi.
Ta’kidlash joiz, ACULAning tashkil etilishi xorijdagi o‘zbek huquqshunoslarining kasbiy salohiyatini birlashtirish, yosh kadrlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xalqaro huquqiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
O‘zA