Vashington va Pekin “online” do‘stlashmoqda
AQSH va Xitoy sun’iy intellekt xavfi bo‘yicha alohida muloqot tizimi yaratishga kelishdi. Bu ikki davlat texnologiya sohasida keskin raqobatlashayotgan bir paytdagi kam sonli hamkorlik tashabbuslaridan biridir.
Qo‘shma Shtatlar moliya vaziri Skott Bessent Nyu-Yorkda XXR Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen bilan muzokaradan so‘ng “AQSH – Xitoy sun’iy intellekt muloqoti”ni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘tarilganini bildirdi. Vashington SI bilan bog‘liq milliy xavfsizlik darajasidagi ehtimoliy hodisalar haqida o‘zaro xabardor qilib turishni taklif qilgan. Tomonlar bu borada keyingi uchrashuvni o‘tkazishga kelishgan. Bessent ta’kidlashicha, SI bo‘yicha dunyoning birinchi va ikkinchi yirik kuchi o‘rtasida shaffoflikni oshirish muhim.
Muloqot Donald Tramp va Si Szinpinning shu hafta rejalashtirilgan uchrashuvi oldidan bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, tomonlar ikki rahbar may oyida Pekinda muhokama qilgan yangi “Savdo kengashi”ni ishga tushirishga ham kelishdi.
“Sinxua” axborot agentligi muzokarani “samimiy, teran va samarali” deb baholagan, biroq SI bo‘yicha loyiha tafsilotini keltirmagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA