Vaqt amri – islohot va yangilanish yo‘li
Mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohot, yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan o‘zgarishlar yuzasidan navbatdagi suhbatdoshimiz – JIDU qoshidagi Diplomatik akademiya direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Abdusamat Haydarov.
— Keyingi yillarda xalqaro munosabatda yuz berayotgan turli xil voqealar mamlakatimiz taraqqiyotiga qanchalik ta’sir qiladi va Konstitutsiyamizning yangilanishi bu jarayon bilan qay darajada bog‘liq?
— Darhaqiqat, so‘nggi yigirma yil ichida xalqaro munosabatda va jahon iqtisodiyotida jiddiy, ahamiyatli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ayni jarayon girdobli harakat kuchayib borishi, rivojlanishini oldindan aytish qiyinligi bilan ajralib turadi. Global miqyosda jahon siyosati yetakchilari ishtirokidagi ziddiyat kuchayishi natijasida shakllangan xalqaro munosabat murakkablashuvi, shubhasiz, siyosiy jarayon va xo‘jalik aloqasi rivojlanishiga, shuningdek, jahon hamjamiyati boshqa a’zolarining tashqi siyosat evolyutsiyasiga ham ta’sirini ko‘rsatadi.
Hal etilmagan mintaqaviy muammolar jahon siyosatining umumiy manzarasida salbiy ko‘rinish hosil qildi. Yaqin vaqtgacha Markaziy Osiyo ham shunday mintaqalardan biri edi.
Mantiqan, xalqaro munosabat murakkablashuvi, jahon hamjamiyatining ko‘plab a’zolari uchun o‘ziga xos chaqiriqqa aylandi, bu esa barqaror rivojlanish uchun qulay shart-sharoitni saqlab qolish yo‘lida, milliy, mintaqaviy hamda global miqyosda ushbu chaqiriqlar bilan kurashda yangi yondashuv, muqobil yo‘l izlashni talab qildi.
Ushbu murakkab jarayonni tushunish, mustaqillikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratish manfaatini ifodalash 2016 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan barcha jabhalarni o‘zgartirishga qaratilgan yo‘lning asosini tashkil etadi. Qisqa vaqt ichida ishlab chiqilgan va 2017 yil fevralida qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizni jahon siyosati va iqtisodiyoti periferiyasiga chiqib qolishdan saqladi va 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Bu Strategiya barqaror rivojlanish uchun qulay shart-sharoit yaratish yo‘lining mantiqiy davomi bo‘lib, o‘z navbatida, hozirgi konstitutsiyaviy islohotlarning ob’ektiv zaruratini shart qilib qo‘ydi.
- Respublikada barcha sohalarni isloh qilish davom etmoqda. Abdusamat Ahatovich, fikringizcha mazkur jarayon O‘zbekiston tashqi siyosatining vazifasi nimada ko‘rinadi?
- Hammaga ma’lumki, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh qilish va modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur maqsadi mamlakatimiz aholisi tinchlik va farovonlik darajasini izchil oshirib boradi. Bunga barqaror rivojlanishsiz erishib bo‘lmaydi. Respublikamiz tashqi siyosatining asosiy vazifasi ham shundan ma’lum bo‘ladi. Bu vazifa murakkab zamonaviy va ba’zan oldindan aytish qiyin bo‘lgan xalqaro munosabatda mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun tashqi qulay shart-sharoit yaratishdan iborat.
Shu munosabat bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan respublikaning tashqi siyosat strategiyasini mukammallashtirish, bu sohada faoliyatning yangilangan konsepsiyasini qabul qilish va barqaror rivojlanish uchun zarur shart-sharoitni ta’minlashga qodir samarali tashqi siyosat yuritish vazifa sifatida qo‘yildi.
- Respublikamiz zamonaviy tashqi siyosatining asosi yangilangan Konstitutsiya loyihasida aks etdimi?
- O‘zbekiston zamonaviy tashqi siyosati asosiy tamoyili yangilangan Konstitutsiya loyihasining 17-18-moddalarida o‘z aksini topdi. Xususan, 17-moddada Respublika tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmasligi yoki kuch bilan tahdid qilmasligi, chegaralar mustahkamligi, hududiy butunligi, nizolarni tinch yo‘l bilan tartibga solish, boshqa davlatlar ichki ishiga aralashmaslik tamoyiliga asoslanadi.
18-moddada qayd etilganidek, Respublika davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat yuritadi.
Eng muhim tamoyillardan kelib chiqib, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p yillik chegaraviy, hududiy va suv-energetika muammolarini hal etish uchun izchil sa’y-harakatni ishga soldi. Birgina 2016 yil oxirida O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalasi bo‘yicha yangi muzokara jarayonini boshladi. bugungi kunga kelib, ushbu masalalarning aksariyati hal etilgan yoki hal etilishning yakuniy bosqichida turibdi.
Murakkab masalalar ijobiy hal etilganiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlariga tashrifi natijalarini misol qilishimiz mumkin. Bu tashriflarda chegara masalasi bo‘yicha ko‘p yillik kelishmovchilik hal etildi.
Qozog‘iston va Turkmaniston bilan o‘zaro munosabatda ham ahamiyatli yutuqlarga erishildi. Mintaqada mavjud ko‘p yillik maummolarning hal etilishi mintaqa mamlakatlari bilan savdo hajmini jiddiy ravishda oshirish imkonini berdi. Qozog‘iston bilan savdo aylanmasi so‘nggi yillarda ikki barobar oshib, 4 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Qirg‘iziston bilan sakkiz barobar oshib, 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shubhasiz, O‘zbekiston bunday yondashuvni nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari bilan, balki boshqa davlatlar, boshqa mintaqalardagi an’anaviy sheriklari bilan saqlab qolgan.
- Yaqinda Diplomatik akademiyasi Dehlida bo‘lajak referendumga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi. Hindiston, shuningdek, boshqa davlatlar vakillari O‘zbekistonda Respublikaning yangilangan Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum bilan bog‘liq voqealarni qanday baholayotgani qiziq, albatta.
- O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi bilan birga aprel oyi o‘rtalarida tashkil etilgan davra suhbatida olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati muhokama qilindi. Hindiston matbuoti bo‘lajak referendumni ijobiy baholab, Konstitutsiyani yangilashning ob’ektiv zarurati va ayni paytida ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga Diplomatik akademiya Hindistonning “Hindiston-Markaziy Osiyo” fondi tomonidan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo: Yevrosiyoga nazar” mavzusidagi xalqaro seminarda ishtirok etdi. Anjumanda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek Rossiya olim va ekspertlari ham qatnashdi. Seminarda Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining yangi muhiti yaratilgan muvaffaqiyatli o‘zaro harakati, shuningdek, zamonaviy bosqichda Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqalararo o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash masalalari yoritilgan ma’ruzalar tinglandi.
Bundan tashqari, Konstitutsiya yangilanishi bilan bog‘langan mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur siyosat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil, me’yorlariga asoslanishi ta’kidlandi. Shu o‘rinda Markaziy Osiyo, xususan, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston vakillarining chiqishida ikki tomonlama munosabatdagi ko‘p yillik muammolarni hal etish va mintaqada samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yish imkonini bergan Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan yangilangan tashqi siyosat borasida ijobiy fikrlar aytildi.
Shu bilan birga, Diplomatik akademiya tomonidan “Hindiston-Markaziy Osiyo” fondi va "India Blooms" hindiston axborot agentligi saytlarida joylashtirilgan «Current Foreign Policy of Uzbekistan and Constitutional Reform» nomli maqola tayyorlandi.
Bundan tashqari fursatdan foydalanib, Diplomatik akademiya Rossiyaning Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi va mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi bilan birga joriy yil 20 aprelda yangilangan Konstitutsiya masalasi bo‘yicha referendumga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Rossiyaning Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi direktori A.Rusakov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish bo‘yicha referendum mamlakatning Markaziy Osiyoda haqiqiy yetakchi sifatida shakllanishiga zamin yaratadi. Qirg‘izistonning “Oy Ordo” ekspert tashabbuslari markazi rahbari Igor Shestakov fikricha, aynan Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlar uchun namunaga aylandi. Respublika MDHda kun tartibini belgilash va ikki tomonlama hamkorlikni jadal rivojlantirishda faollik ko‘rsata boshladi.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, umuman, me’mori Prezident Shavkat Mirziyoyev bo‘lgan O‘zbekistonning islohotlar yo‘li va tashqi siyosati ana shunday murakkab va tahlikali davrda mamlakat barqaror rivojlanishi uchun qulay sharoitni yaratish va ta’minlashga qaratilgan.
Suhbatni O‘zA muxbiri Abror G‘ulomov olib bordi.