Vaksinatsiya – vatanparvarlik demak...
Vaksinatsiya har qaysi zamonda ham yuqumli kasalliklarga yagona chora bo‘lgan.
Vaksinatsiya – yaqinlaring va atrofingdagilar sog‘ligi haqida qayg‘urish va g‘amxo‘rlik degani. Jamiyat hayotiga xayrixoh munosabatning bir belgisi, ta’bir joiz bo‘lsa, vatanparvarlik demak...
Qisqa davr ichida “yangi asr vabosi” deya nisbat berilayotgan koronavirus infeksiyasi va bu kasallikka qarshi emlash jarayoniga turlicha qarashlar paydo bo‘lib ulgurdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Alisher Shodmonovning O‘zA muxbiri bilan suhbat jarayonida ta’kidlashicha, hozirgi kunda koronavirusga qarshi vaksinalarga nisbatan odamlarning munosabatini uch toifaga bo‘lish mumkin. Birinchi toifadagilar ongida to‘g‘ri tushuncha shakllangan xayrixohlar bo‘lsa, ikkinchi toifadagilar vaksinaga mutloq qarshilardir. Uchinchi toifadagilar esa gumondorlar.
Savol tug‘iladi: nega biz ikki yildan buyon shu ofat bilan kurashar ekanmiz, hanuzgacha kasallikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga nisbatan odamlar ongida to‘liq ongli munosabatni shakllantira olmayapmiz? Dunyo aholisini katta tahlika ostiga qo‘yib, millionlab odamlar hayotida fojia yasab ulgurgan epidemiyaning jiddiy asoratlarini ko‘ra-bila turib, boshimizdan o‘tkazib, jabrini chekayotgan bo‘lsakda, bu boradagi axborotning ishonchlisini tanlab olishga ikkilanyapmiz?
– Nazarimda, hamma gap yana o‘sha loqaydlik va beparvolik illatiga borib taqalyapti, – deydi A.Shodmonov. – Biz duch kelayotgan fojialarga aslida o‘zimiz va yaqinlarimiz sog‘ligiga panja orasidan qarayotganimiz sabab bo‘lyapti.
Tibbiyot ilmidagi ko‘p yillik tajribalarim va shaxsiy kuzatishlarimga asoslanib aytadigan bo‘lsam, biz avvalo saboqni o‘tmish bilan bugunni taqqoslagan holda chiqarsak to‘g‘ri bo‘ladi. O‘tgan asr boshlarida aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 35 ni ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu raqam ikki barobardan oshdi. Asrlar davomida ko‘p qirg‘inlar, urush va ekologik noqulay vaziyat, ocharchilik hamda epidemiyalar sabab milliardlab umrlar bevaqt zavol topdi.
Bu yo‘qotishlarning bosh omili yuqumli kasalliklar edi. XIX asrda dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi aynan epidemiyalar sabab qirilib ketdi. Dunyo rivojlanish va taraqqiyot sari yuksalib borgani sayin tibbiyot ilmi olimlari tomonidan vaksinalar joriy etilib, bu kasalliklarning oldi olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan vaksinalar har yili uch millionga yaqin o‘lim holatining oldini olishga yordam beradi.
– JOHNS HOPKINS universitetining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, ayni payttgacha dunyo bo‘yicha 4 milliardga yaqin odam koronavirusga qarshi emlandi. Ammo nima sababdan O‘zbekistonda “Sovid-19”ga qarshi kurash tizimi yaratilib, xukumat doirasida barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganiga qaramasdan haligacha odamlarda vaksinatsiya jarayoniga to‘g‘ri munosabatni shakllantira olmayapmiz? Birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib vaziyatga to‘g‘ri baho berishga, aniq va to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishimizga sizningcha, nima to‘sqinlik qilyapti?
– Yuqorida aytib o‘tganimdek, odamzod tarixda ko‘k yo‘tal, qizamiq, qora chechak (OSPA), sil va boshqa ko‘plab yuqumli kasalliklarni boshidan kechirgan. Bu kasalliklarning vaqt o‘tgani sayin butkul yo‘qolib ketishiga yoki keskin kamayishiga aynan emlash omili sabab bo‘ldi. Hozirgi paytga kelib, yuqumli kasalliklarning ko‘plari emlash sabab, mutloq uchramaydi.
Bugun koronavirusning yangicha shtammlari paydo bo‘lib, virus turli ko‘rinishlarda o‘zini namoyon qilayotgan jiddiy vaziyat. Odamlar orasida turli vahima, asossiz gumonlar tarqalgan: vaksina olgandan keyin ahvol yomonlashib qolarkan, vaksina yillar o‘tib inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatarkan va hokazo...
Yo‘q, emlanishdan qo‘rqish kerak emas. Vaksina amaliyotidan keyingi bir -ikki kunda o‘tib ketadigan vaqtinchalik holsizlik va biroz og‘riqqa chidash kasallikka chalinib, havo yetmasdan reanimatsiyaga tushish va o‘lim bilan yakun topadigan qattiq jon azobidan solishtirib bo‘lmas darajada afzal.
Tabiiyki, vaksina bilakka qilinganidan keyin kuchsiz og‘riq his qilamiz, ayrimlarda 3 kungacha biroz tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilishi mumkin. Bu tabiiy jarayon, hatto yaxshi belgi. Demak organizmda immunitet paydo bo‘lyapti.
Men yaqinda o‘zbek-xitoy vaksinasini oldim. Butun oilam, hatto 83 yoshli otamga ham shu vaksinani ravo ko‘rdim. Chunki men vaksinaga ishonaman. Vaksinatsiya har qaysi zamonda ham yuqumli kasallikka yagona chora bo‘lgan. Vaksina yaqinlaring va atrofingdagilar sog‘ligi haqida qayg‘urish va g‘amxo‘rlik degani. Jamiyat hayotiga xayrixoh munosabatning bir belgisi, aytib o‘tganingizdek, vatanparvarlik...
– Sizni, bugun tibbiy olim sifatida nimalar xavotirga soladi?
– Jamiyatda odamlar qarshi fikrni tez tarqatatishga odatlanib borayotgani, ulardagi pessimisik qarash, biron bir voqelikka yoki ilmga ishonchsizlik kayfiyati. Hozirgi epidemik vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu kabi salbiy qarashlarning oqibati yaxshi emas. Kasallik tarqalgan dastlabki kunlarda ayrim vatandoshlarimiz asossiz ravishda, hatto o‘zi tushunmagan bir holatda koronavirus ham, bu kasallik ham yo‘q, o‘ylab topilgan, degan fikrlarni bildirishdi. Hatto, oramizda epidemiyani “siyosiy urush” deganlar bo‘ldi. Bugun esa bu virusining mavjudligi isbotlandi.
Dunyoda vaksina olganlar soni to‘rt milliardga yaqinlashgan bir paytda bizda bu jarayonga juda sovuqqonlik bilan qaralmoqda. BAA, Isroil, AQSH va Yevropaning barcha davlatlari vaksinatsiya jarayonlarida ilgarilab ketdi.
Qiziq, ushbu davlatlar aholisining ongi shunchalar pastmi, bilimi yetarli emasmi? Nega bizda ham o‘sha davlatlar singari barcha kuchlar va mablag‘lar shu jarayonga qaratilayotgan bo‘lsa-yu, biz ijtimoiy tarmoqlarda o‘zboshimchalik bilan tarqatilayotgan yolg‘on-yashiq fitnalarga ishonib, fikrimizni o‘zgartirsak!? Axir gap, o‘tib ketadigan moddiy qiziqishlar emas, har qanday ne’matdan ustun turadigan inson salomatligi haqida boryapti.
Toshkent tibbiyot akademiyasi professor o‘qituvchilari ana shu mas’uliyatdan kelib chiqib, bugun aholi orasida xalqimizga koronavirus oqibatlarini yumshatish, kasallikning yangi mutatsiyaga uchragan turlari haqida odamlarga to‘g‘ri, ilmiy asoslangan ma’lumotlar yetkazishga bel bog‘ladilar. Ilmiy-pedagogik jamoamiz har kuni Toshkent shahriga yaqin tumanlar hududidagi poliklinikalar, mahalla va guzarlardagi tibbiy punktlarda, klinikalarda amaliy faoliyat bilan band. Bu borada hamkasblarimizga ko‘maklashish maqsadida Qashqadaryoda ham bo‘lishdi.
Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, bugun vaziyat kechagidan jiddiy. Ilgari kasallik tarqalishi nisbatan sekin edi. Bemorlar 7-8 kungacha virusni sezmasdi. Keyingi xaftada organizmda og‘irlik sezilardi. Hozir mutlaq boshqacha holat. Virus tushgan organizmda kasallik ikki-uch kunda avj olib, tez og‘ir holat va hattoki o‘lim bilan yakun topyapti. O‘pkani tez ishdan chiqaryapti.
Agar o‘tgan yilgi birinchi to‘lqin paytida ayollar va bolalarda kasallik juda kam holatlarda kuzatilgan bo‘lsa, ayni kunda homilador ayollar va yosh bolalar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi, afsuski, yuqori ko‘rsatkichlarda o‘zini namoyon etyapti.
Yana omma ichida yoshi kattalar, surunkali kasali borlar, nogironlar bor. Ularning organizmiga virus tez moslashadi. Shu sababli biz ularning yaqinlariga to‘g‘ri maslahatlarni berib, targ‘ibotning eng ommabop usullarini qo‘llashimiz kerak, deb o‘ylayman.
Shtammlar va mutatsiya afsuski mavjud. Uni to‘xtatishning yagona yo‘li – bu vaksinatsiya. Biz bir yilda katta tajriba to‘pladik. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha sharoitlar yaratildi. Dori-darmon, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi bugungi kunda kasalxonalarimizda yetarli. Muhimi, koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha yagona, ishonchli tizim yaratilgan. Kasallikdan davolanish bepul.
– Epidemiyaning tarqalishi yuqori. Demak, vaksinatsiya juda muhim, shundaymi?
– Bir kishi kasallansa, butun oilaga tezlikda tarqayapti. Bu kasallik kirib kelmagan oila qolmadi. Shuni ko‘ra- bila turib, vaksina mavjud bo‘lib, uni xor qilmayapmizmi? Axir, ayrim mamlakatlar aholisi bunga zor-ku!
Xalqimizda “oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, degan ibora bor. Har narsaning qadriga o‘z vaqtida yetaylik. Ertaga kech bo‘lishi mumkin. O‘zingizni va siz uchun qadrli bo‘lganlarni asrang. Vaksina oling. Vaqt g‘animat. Fursat kutib turmaydi.
O‘zA muxbiri
Mohigul Qosimova suhbatlashdi.