Vaksina olmagan fuqarolarning SIM-kartalari bloklanadi
Pokistonning eng ko‘p aholi yashaydigan viloyati Panjobda koronavirusga qarshi emlashdan bosh tortgan fuqarolarning SIM-kartalari bloklanadi, deya xabar berdi The Express Tribune nashri.
Mazkur qaror viloyat sog‘liqni saqlash vaziri Yasmin Rashid boshchiligidagi yig‘ilishda qabul qilingan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, viloyatda koronavirus tarqalishini oldini olish uchun barcha resurslardan foydalanish kerak.
Hokimiyat organlariga odamlarni tezroq vaksinatsiya qilishga undash uchun qator choralar taklif qilinyapti. Masalan, emlanmagan fuqarolarning Panjob hududiga kirishi taqiqlanadi, ular park, restoran va savdo markazlariga ham qo‘yilmasligi mumkin.
Ta’kidlanishicha, viloyatda sanitariya qoidalariga rioya qilish va ommaviy emlashlar tufayli COVID-19 bilan bog‘liq kasalliklar soni sezilarli darajada kamaygan.
Pokiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 938 ming kishi koronavirusga chalingan. Shulardan 873 mingdan ortig‘i sog‘aygan, 21 mingdan ortiq odam esa vafot etgan.