Vakolatli iqtisodiy operator maqomining avzalliklari
Bugungi kunda tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni o‘rganish va amaliyotdagi muammolarga yechim topish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi 430-son qarori bilan tasdiqlangan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risida”gi nizomning yangi tahriri, vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish talablari, uning afzalliklari hamda sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, yangi tartib tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Muloqot davomida qator tadbirkorlar vakolatli iqtisodiy operator maqomiga ega bo‘lishga qiziqish bildirdi.
Tadbir doirasida Bojxona qo‘mitasi mas’ul xodimlari vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun ariza bergan “STAL MAKON” MCHJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Korxonaning ishlab chiqarish va tashqi iqtisodiy faoliyat yo‘nalishlari ko‘zdan kechirilib, mazkur maqomning korxona uchun berishi mumkin bo‘lgan amaliy imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan hududdagi tashkilotlar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazilib, bojxona to‘lovlarini to‘liq ta’minlash, mahsulotlarni qayta ishlash orqali eksport hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hamda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish yo‘nalishlarida amaliy ishlar olib borilmoqda.
2026-yil boshidan buyon Toshkent viloyatidagi 80 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti tomonidan xorijdan olib kelingan qiymati 360 million AQSH dollariga teng xomashyo “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilgan. Qayta ishlash jarayonidan so‘ng esa qiymati 148 million AQSH dollariga teng tayyor mahsulotlar xorijga eksport qilingan.

Bu ko‘rsatkichlar viloyatda xomashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish borasidagi imkoniyatlar kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
A.Musayev, O‘zA