Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi savdo markazlaridan birida ro‘y bergan qotillik aks etgan video va fotosuratlar keng tarqaldi. Qonga botgan pichoqni ko‘tarib, ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan fuqaro muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu video (foto) yuzasidan IIB xodimlari tekshiruv ishlarini olib borgan. Vahshiylik aks etgan ushbu videolavhalar 3 nafar samarqandlik yigit tomonidan tasvirga olinib, tarqatilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalaridan zo‘ravonlik g‘oyalarini targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasida davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashning yo‘llaridan biri sifatida zo‘ravonlikni, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarni o‘z ichiga olgan axborot tarqatilishiga qarshi harakatlar qilish ekanligi mustahkamlangan.
Qolaversa, ushbu fuqarolar bilan zo‘ravonlik va shafqatsizlik aks etgan lavhalarni tarqatmaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilganda ular IIB xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 189-1 va Jinoyat kodeksida 130-1-moddalarida zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilangan.
IIV xabariga ko‘ra, ushbu shaxslarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan. Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan uch yigitga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.