Surxondaryo viloyati Boysun tumani shimoli-g‘arbidagi suvsiz tog‘ cho‘qqisida joylashgan Uzundara qadimgi yunon va mahalliy me’morchilik an’analari asosida toshdan bunyod etilgan manzilgohdir.
Qadimda Uzundara Baqtriya va So‘g‘d chegarasida shimoliy hududdagi mudofaani ta’minlagan muhim strategik ob’ekt hisoblangan. Bu tarmoq tarkibiga nafaqat qal’alar, balki Suvsiztog‘ orqali Qashqadaryo cho‘llaridan Surxon va Sho‘rob vohasiga o‘tadigan joylarni yopadigan Darband va boshqa devorlar ham kirgan. Uzundarada ochilgan ma’muriy va harbiy rahbarlarning xonalari devorlari ichki tomoni gorelef va geraldik tasvirlar bilan bezalgan. Uzundara qal’asi o‘ziga xos “himoya chegara” vazifasini o‘tagan. 2016 yilda O‘rta Osiyo tarixida birinchi marta qazishmalar paytida xona polidan noyob topilma topilgan. Bu “Aleksandr” tipidagi draxma kumush tanga bo‘lib, tanganing old tomonida Aleksandr Makedonskiy boshiga sher tasvirli niqob va orqa tomonida Zevs xudosining taxtda o‘tirgani aks etgan.

Manzilgohdan shuningdek, ilk salavkiylardan bo‘lgan Antiox I ning turli tangalari topilgan. Kolleksiyada yuzdan ortiq mis va kumushdan zarb qilingan draxma va gemixalklar o‘rin olgan. Ushbu yodgorlik hozirda O‘zbekiston FA va Rossiya FA san’atshunoslik instituti mutaxassislari tomonidan tadqiq etilmoqda. Tashqi tomonidagi tosh taxtachalari alebastr qorishmalari bilan suvalgan. Qal’a hududida arxeologik to‘liq vannalar va cho‘milish kosalari topilgan. Bularning hammasi Uzundara qal’asi garnizonining hayoti, tarixini tiklashga xizmat qiladi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida arxeologik yodgorlikni qayta tiklash bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Loyihada Uzundaraning qayta rekonstruksiya qilinib, turistik manzilga aylantirilishi rejalashtirilgan.
O‘zA