Uzunda zamonaviy agromajmua ish boshladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda 72 ta yirik investitsiya loyihasi va 91 ta ijtimoiy soha inshootini ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbir doirasida Surxondaryo viloyatida 9 ta yirik investitsiya va ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirildi.
Eng aziz, eng ulug‘ shodiyonamiz arafasida ish boshlagan investitsiya loyihalari safida Uzun tumanidagi “Uzun AgroStar” mas’uliyati cheklangan jamiyatining zamonaviy agrokompleks majmuasi ham bor.

“Milliy brend” ostida xurmo, anjir mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan agrokompleks majmuasi 2,5 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda ikki ming tonnali sovutgich, o‘n ming tonnali omborxona, quritish va qadoqlash binosi, majmua ofisi, o‘quv markazi, laboratoriya, yotoqxona barpo etilgan. Xurmo, anjir yetishtirish bo‘yicha o‘qitishga ixtisoslashgan “Xonadon maktabi” ham tashkil etilgan.

Agromajmua 46,6 gektar maydonda xurmo plantatsiyasi va 2 gektar maydonda Xitoy texnologiyasi asosida issiqxonada anjir yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqda.
Kompaniya shuningdek, yuqori hosildor xurmo ko‘chatlarini yetishtirish va zamonaviy bog‘ tashkil etish xizmatini ham ko‘rsatib, yer maydonlarini o‘rganish, ekish sxemasi, sug‘orish va parvarishlash bo‘yicha maslahat beradi. Anjir yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkor va fermerlarga zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etib, issiqxona yoki ochiq sharoitda ko‘chat ekish, parvarishlash, oziqlantirish, sug‘orish va hosilga tayyorlash jarayonlarini o‘rgatadi.

Yangi loyiha yiliga 350 milliard so‘mdan ortiq sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, 20 million dollarlik mahsulotni xorijga eksport qiladi. O‘rtacha 8,5 milliard so‘m byudjet tushumini ta’minlab, 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri