Uzumini yengu ko‘chatini surishtiring (+video)
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi tasarrufidagi 220 gektar yer maydonida bog‘ va tokzorlar, jumladan, 30 gektarda ko‘chatxonalar mavjud.
Joriy mavsumda bu yerda o‘n turdan ortiq 650 ming tup mevali daraxt ko‘chati va 450 ming dona tok ko‘chati tayyorlandi.
– Ilmiy-tajriba stansiyamizda o‘tgan yili kuz va bu yil bahorgi ekish mavsumida 1,5 million tup ko‘chat tayyorlab, dehqon va fermer xo‘jaliklari, korxona va tashkilotlar hamda aholiga sotishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi ilmiy tajriba stansiyasi bosh agronomi Jamshid Rasulov. – Bu ko‘chatlar asosan Samarqand viloyatining, shuningdek, bizning doimiy mijozlarimiz bo‘lgan qo‘shni viloyatlarning tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib yaratilgan. Har bir ko‘chat belgilangan standartlarga javob beradi va nav sertifikatlariga egamiz. Boshqa ko‘chat yetishtiruvchilardan farqli ravishda biz qaysi hududga qaysi mevali daraxtni ekish to‘g‘ri kelishi, iqlimiga mosligi bo‘yicha ham tavsiya berib, uch yilgacha ularga agrotexnik tadbirlarni qanday amalga oshirish bo‘yicha yordam beramiz. Hozir bizda olmaning yangi – “Pink ledi”, “Jeremi”, “Gransmid”, “Gala” singari serhosil va istiqbolli navlari, MM-106 payvandtagli ko‘chatlar mavjud.
Ilmiy tajriba stansiyasidagi bog‘ va ko‘chatxonalarda doimiy ravishda ilmiy izlanishlar olib boriladi. Ilmiy xodimlar xorijdan keltirilgan va istiqbolli mahalliy navlar asosida mevali darxtlar va uzumning yangi navlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Shu bois tashkil etilganiga yetmish yil to‘layotgan muassasada shu paytgacha olma, nok, uzum, shaftoli, gilosning ko‘plab yangi navlari yaratildi.
– Ilgari ilmiy-tajriba stansiyamizda mevachilik, uzumchilik, gulchilik, qayta ishlash, ko‘chatchilik singari bo‘limlar mavjud edi, – deydi katta ilmiy xodim Baxtiyor Mirzohidov. – Hozirgi kunda mevachilik, uzumchilik va ko‘chatchilik bo‘limlari faoliyat olib bormoqda. 220 gektar meva bog‘, tokzorlarimiz bor. Barchasi ilmiy tadqiqotlar, izlanishlarga asoslangan. Seleksion izlanishlarimiz doimiy ravishda davom etadi, bir qator loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Masalan, oxirgi yillarda nokning bir qator yangi navlari yaratildi, ular orasida “Fariziy”, “Azamat” navlariga 2024 yilda patent olindi. Ayni paytda yana bir yangi eko navga talab yuqori bo‘lyapti, respublika bo‘yicha kelib ko‘chat olib ketishyapti. Bu nav bo‘yicha onalik bog‘lardan har yili kurtaklarini olib, payvand qilgan holda 100-200 ming ko‘chat yetishtirmoqchimiz. Bu navga mahalliy aholi “Dyushes” deb nom qo‘ygan. Avvalgi navlarga qaraganda sovuqqa, kasalliklarga ancha chidamli. Bundan tashqari, zardoli (o‘rik) bo‘yicha ham juda katta ilmiy izlanishlar, seleksiya ishlari olib borilgan va bu ishlar bugun ham davom etmoqda. Ayni paytda biz gullash davri kechroq boshlanadigan va bahorda yuzaga keladigan sovuqlarga chidamli navlarni yaratish ustida ish olib boryapmiz. Chunki ko‘rib turibmiz, keyingi yillarda iqlim o‘zgarishlari tufayli fevral, mart oylarida havo birdan isib ketib, o‘rik daraxtlari erta uyg‘onib, gullayapti. Ko‘p hollarda aprel, hatto may oylarida kirib keladigan sovuq havo oqimi ta’sirida bu daraxtlar hosilini sovuq urib ketishi kuzatilmoqda. Shuning uchun bu borada jiddiy izlanishlar ketmoqda.
Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida keyingi yillarda olmaning xorijdan keltirilgan 54 ta navi orasidan 4 tasi yurtimiz iqlim va tuproq sharoitiga moslashtirilib, ko‘paytirilmoqda. Yangi navlar serhosil va eksportbopligi bilan qisqa vaqtda bog‘bonlar orasida ham, bozorda ham o‘z o‘rnini topdi.
[gallery-22248]
– Bizning vazifamiz eng yaxshi navlarni parvarishlab, respublikada ommalashtirish, – deydi Baxtiyor Mirzohidov. – Lekin bu oson emas, ilmiy ish uzoq davom etadigan jarayon. Yillar davomida ob-havoning har yili turlicha bo‘lishini hisobga olib ishlashga to‘g‘ri keladi. Masalan, o‘zim uzumchilik bo‘yicha o‘n yilda bitta nav yaratdim. Yaxshi bilasiz, uzumchilik bizning mamlakat qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri. Bu borada juda katta imkoniyat, salohiyatimiz bor. Ammo bugun iqlim o‘zgarmoqda, bozorda talab va taklif o‘zgaryapti – shundan kelib chiqib eksportbop, yaxshi daromad beradigan yangi navlarni yaratishimiz zarur. Masalan, bizda yaratilgan “Rizamat” navli uzum bugun butun respublikamizda yetishtirilmoqda, xorijga ham katta miqdorda eksport qilinadi. Yoki bizning uzumzorlarimizning asosiy qismini tashkil etadigan toyfi, danaksiz oq va qora kishmishga ham bugun talab oshib bormoqda. O‘zimiz ham bunday maydonlarni kengaytiryapmiz. Bulardan tashqari, bizning ilmiy izlanishlarimiz mahsuli bo‘lgan katta danakli “Moturudiy”, “Samarqand”, “Malika”, “So‘g‘diyona” singari yangi navlar ham bugun katta-katta maydonlarda parvarishlanib, bog‘bonlarlarimiz bundan yaxshi daromad qilmoqda, bozorlarimizdan yil davomida uzum, mayiz uzilmayapti.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2n4f-rxZP7k" title="Uzumini yengu ko‘chatini surishtiring" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bugun akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi ko‘chatxonasidan yurtimizning turli hududlariga ko‘chat olib ketishmoqda. Tajriba stansiyasi xodimlari o‘zlari yaratgan va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan mevali daraxt va uzum ko‘chatlarini to‘la ishonch va kafolat bilan xaridorlarga taklif etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat, video), O‘zA muxbirlari