Uzumchilik genofondining oltin zahirasi
Mamlakatimizda uzumchilik sohasini rivojlantirish, yangi uzumzorlar, xususan, sanoatbop tokzorlar ko‘lamini kengaytirish va qayta ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda.
Sanoatbop, hosildor uzum navlarini ko‘paytirish, uzumchilik bo‘yicha malaka va tajribalarni almashish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Uzumchilikda yangi navlarni yaratish, hosildor navlarni saqlab qolish borasida mintaqamizda yagona hisoblanmish O‘simliklar genetik resurslari institutining o‘rni alohida ahamiyatga ega. 1924 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ushbu institutda bugungi kunda uzumning 1800 dan ortiq navi o‘stirilmoqda. Xususan, Fransiya, Avstriya, Amerika, Germaniya, Yaponiya va yana o‘nlab davlatlardan olib kelingan tok ko‘chatlari bu yerda ilmiy xodimlar va mutaxassislar tomonidan ilmiy tajriba asosida o‘rganib kelinadi.

Hayratlanarlisi, mazkur institutda o‘stirib kelinayotgan uzum navlarining ba’zilari hatto o‘z mamlakatlarida ham saqlanib qolinmagan. Institut jamoasining ta’kidlashicha, mamlakatimizga kelgan fransuz mutaxassisi uzumning “Ferdinand De Lesp” navi yurtimizda yetishtirilayotganini ko‘rganida, ko‘zidan yosh qalqigan ekan. Chunki nav originatori bo‘lgan ushbu uzum navi Fransiyaning o‘zida yo‘qolib ketgan. Darhaqiqat, xalqning uzoq yillik oziq-ovqat manbai bo‘lgan ushbu navning o‘z mamlakatida saqlanib qolinmagani va uni o‘zga yurtda namuna sifatida asrab kelinayotganini ko‘rgan ushbu mehmonning hayajonini tushunsa bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibiga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunda O‘simliklar genetik resurslari institutida 8 ta uzum navidan bir million dona ko‘chat yetishtirilmoqda. Asosan danaksiz, sovuqqa chidamli ushbu uzum ko‘chatlarini yetishtirish hamda fermer va dehqon xo‘jaliklari, aholi xonadoniga yetkazib berish uchun bir milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu mablag‘lardan oqilona foydalanilgan holda bu yerda dunyo bozorida mashhur, Yevropada keng tarqalgan navlar — Pino gri, Pino mine, Kaberne Sovinon, Kaberne Fran, Risling, Donzelino, Shardone, Gran Nuar, Aspiran belыy, Aspiran chernыy, Tentyure kabi sanoatbop uzum navlari ko‘paytirilmoqda.
Bundan tashqari, Yevropa va MDH davlatlariga eksport qilish mumkin bo‘lgan 10 dan ortiq sanoatbop uzum navlari tanlab olinib, chegaralangan miqdorda ko‘paytirish pitomniklari tashkil qilingan. Jumladan, Shardone, Sovinon, Kaberne Sovinon, Kaberne Fran, Pino Nuar, Pino Blan, Aleatiko va boshqa uzum navlari ko‘paytirilyapti.

Uzumchilik sohasida olib borilayotgan islohotlar mazkur institut va olimlar hayotida ham o‘z aksini topib bormoqda. Bugun institutda faoliyat ko‘rsatayotgan 88 nafar ishchi-xodimning 27 nafari ilmiy xodimlardir. Soha bo‘yicha olib borilayotgan aksariyat tadqiqotlarga ushbu dargoh olimlari bosh-qosh bo‘lmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, uzumchilik sohasida mazkur institutning o‘rni va ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda ushbu institutni haqli ravishda uzumchilik genofondining oltin zahirasi, deyish mumkin.
M.Komilova, O‘zA