“Uzum sayli – 2026”: xalqaro festival muvaffaqiyatli yakunlandi
Parkentning so‘lim tabiati bag‘rida ikki kun davom etgan “Uzum sayli – 2026” xalqaro festivali ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar bilan yakunlandi.
Festival doirasida uzumchilikning qadimiy an’analari, milliy qadriyatlar va zamonaviy imkoniyatlar o‘ziga xos uyg‘unlikda namoyon bo‘ldi. Turli hududlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar eng sara uzum navlari, milliy taomlar, hunarmandchilik namunalari hamda ijodiy chiqishlari bilan o‘z mahoratini namoyish etdi.

– Mazkur festival faoliyatimizni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi zarkentlik usta dehqon Alimardon Dehqonov. – Hozirda 1 gektar 30 sotix maydonda uzumning "Rizamat ota", "Toifi", "Kishmish"ning qora va oq navlarini yetishtiryapmiz. Aslida bu zaminda uzum yetishtirish — shunchaki hosil olish emas. Bu tuproqning tilini, iqlimning xususiyatini anglash, suvni tejab ishlatish, har bir navning tabiatini bilish, uni mehr bilan parvarishlash, hosilni saralash, saqlash va qayta ishlash, so‘ngra sifatli mahsulotni jahon bozoriga olib chiqishgacha bo‘lgan ulkan mehnat va bilim jarayonidir. Hududlarimiz lalmi yerlardan iborat. Qishda qor, bahorda yomg‘ir suvidan unumli foydalanib, tokzorlarni parvarishlaymiz. Bu kasb ota-bobomizdan meros bo‘lib qolgan. O‘tgan yili uzum saylida 15 million so‘mlik hosil sotdik. Bu yil ham hosil mo‘l, xaridor ko‘p bo‘ldi. Mehnatning ortidan farzandlarimizni o‘qitdik, uy-joylar soldik, to‘ylar qildik. Uzumning barakasi bor.

Darhaqiqat, Zarkentdagi uzum sayli nafaqat hosil bayrami, balki halol mehnat qadri ulug‘lanayotgan, dehqonning rizqi va barakasi namoyon bo‘layotgan fayzli ayyomdir. Har bir xaridor dasturxoniga bir bosh uzum bilan birga Zarkent dehqonining mehnati va mehr-oqibatidan ham olib ketgandek bo‘ladi. Xorijlik sayyohlar ham katta taassurotlarga ega bo‘ldi.

– Men yashaydigan Xitoyning Sinszyan provinsiyasida ham uzumning turli xil, ajoyib navlari yetishtiriladi, – deydi xitoylik mehmon Yan Jun. – Ammo, O‘zbekiston uzumlarining ta’mi, xushbo‘yligi va tashqi ko‘rinishi o‘ziga xos ekanini his qildim. Festivalda yurtingizda yetishtirilayotgan uzum navlari, ularning xilma-xilligi va sifatini ko‘rib, O‘zbekistonda uzumchilik sohasi katta salohiyatga ega ekaniga amin bo‘ldim. Bu sayohatimiz davomida o‘zbek va xitoylik uzum yetishtiruvchilar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalarni ham belgilab oldik.

Tadbirning ikkinchi kuni hududlar o‘rtasida turli nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar yakunlanib, g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlandi. Xususan, festival doirasida eng sara she’rlar tanlovi ham tashkil etildi. Unda ijodkorlarning ona diyor, tabiat, uzumchilik an’analari va yurtimizning betakror go‘zalligiga bag‘ishlangan ijod namunalari hakamlar tomonidan munosib baholandi. G‘oliblar tantanali ravishda mukofotlandi. Mazkur marosimda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda mutasaddilar ishtirok etdi.
Festival davomida rang-barang konsert dasturlari, milliy urf-odat va an’analar aks etgan sahna ko‘rinishlari, xalq amaliy san’ati namunalari hamda turli ko‘rgazmalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ayniqsa, Parkentning mashhur uzumchilik maktabi, serhosil tokzorlari va sohibkoru fermerlarning mehnati keng namoyish etilgani festivalning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Ikki kunlik bayram o‘z nihoyasiga yetgan bo‘lsa-da, uning yorqin taassurotlari, milliy ruhi va samimiy muhiti ishtirokchilar xotirasida uzoq saqlanishi shubhasiz.
A.Musayev, O‘zA