“Uztex Group”ning oʻn yilligiga munosib tuhfa
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Uztex Group” kompaniyasining oʻn yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Uztex Group” kompaniyasining oʻn yilligi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Sana munosabati bilan kompaniyaning Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan xom ipni boʻyashga ixtisoslashgan fabrikasining ham tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati rivojida “Uztex Group” kompaniyasining ham alohida oʻrni bor. Kompaniya 2009-yildan oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, bugun u oʻnta korxonani oʻzida jamladi. Bu korxonalarda ayni kunda 10 mingdan ortiq ishchi mehnat qiladi. Korxonalar faoliyatida klaster shaklidagi ish tartibi joriy etilgan boʻlib, unda paxta yetishtirishdan to tayyor kiyimgacha boʻlgan jarayon amalga oshiriladi.
Ayni kunda “Uztex Group” mahsulotlarining 95 foizi eksportga yoʻnaltirilmoqda. Korxonalarda ip, matolar, kiyim-kechaklar, momiq sochiqlar, paypoqlar ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Italiya, Germaniya, Angliya, Fransiya kabi dunyoning 45 davlatiga eksport qilinmoqda. Ichki bozorga esa matolar chiqarilayotir.
– Bugungi talab va ehtiyojlar “Uztex Group” jamoasini faqat izlanishga hamda yangidan-yangi gʻoyalar ustida ishlashga undamoqda, – dedi “Uztex Group” kompaniyasi bosh direktori Fazliddin Sirojiddinov. – Bir joyda toʻxtab qolish esa mumkin emas. Xom ipni boʻyashga moʻljallangan yangi fabrikamiz shu izlanishlarimiz natijasi, qolaversa, “Uztex Group” faoliyatining oʻn yilligiga munosib tuhfadir. Bu yerda 300 dan ziyod ish oʻrni yaratildi va u sutkasiga 50 tonna xom ipni boʻyash quvvatiga ega. Yana bir ahamiyatli jihati, korxonamiz Shvetsariya, Germaniya va Turkiyaning eng yangi va zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlanganidadir.