Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahriga tashrif buyurib, transport va ijtimoiy infratuzilma, raqamli texnologiyalar, sanoat hamda shaharsozlik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, yirik qurilish loyihalariga start berdi.
Davlatimiz rahbari dastlab O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi pullik muqobil avtomobil yo‘li qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.
Mamlakatimiz yetakchisi ushbu loyiha Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudrati va transport-logistika salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
– Bugun bu sohada tom ma’noda yangi davr boshlanmoqda, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Xalqimiz uchun taraqqiyot va farovonlik timsoli bo‘lib xizmat qiladigan ushbu yirik loyihaning boshlanishi barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezident.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra o‘sdi. 2030-yilga borib uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa yo‘l-transport va logistika infratuzilmasini iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga muvofiq rivojlantirishni talab etadi.
Bugun O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tadi. Ularning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va Transafg‘on temir yo‘llari ishga tushgach, mamlakatimiz Tinch okeanidan Yevropagacha bo‘lgan eng qisqa quruqlik yo‘lagining asosiy bo‘g‘iniga aylanadi. Pokiston portlari orqali Hind okeani va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ham yangi imkoniyatlar ochiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga qo‘shimcha 15-20 million tonna tranzit yukini qabul qilish 400-600 million dollar daromad, logistika markazlari va terminallar uchun 3 milliard dollar investitsiya hamda 50 mingta barqaror ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Shu maqsadda 2030-yilga qadar Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘lovchi 4 ming kilometr xalqaro yo‘llarni yuqori talablarga javob beradigan zamonaviy tranzit yo‘laklarga aylantirish rejalashtirilgan. Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li ushbu strategik dasturning muhim qismi bo‘ladi.
So‘nggi 10 yilda 78 trillion so‘m hisobidan 128 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Endi mamlakatimizda ilk bor eng yuqori toifadagi zamonaviy avtomagistral barpo etilmoqda.
Qiymati qariyb 2,2 milliard dollar bo‘lgan olti polosali yo‘lning umumiy uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi aholisi 2 milliondan ziyod bo‘lgan 13 ta tuman orqali o‘tib, hududlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yer osti yo‘laklari va suv o‘tkazish inshootlari quriladi.
Yo‘l qoplamasi og‘ir va yuqori tezlikda harakatlanadigan transport vositalari qatnoviga chidamli monolit betondan barpo etiladi. Tekis hududlarda harakat tezligi soatiga 150 kilometrgacha bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy xavfsizlik yechimlari, raqamli va innovatsion qulayliklar yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
– Ushbu loyiha ishga tushganidan so‘ng uning afzalligini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida, albatta, his qiladi. Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatga qisqaradi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yangi avtomagistral sutkasiga 60 mingdan 80 mingtagacha transport vositasini o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Tirbandliksiz va bir maromda harakatlanish energiya sarfi, amortizatsiya va texnik xarajatlarni kamaytiradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yuk tashish tannarxi 19-24 foizga pasayadi. Bu, ayniqsa, tez buziladigan meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa mahsulotlarni bozorlarga qisqa muddatda va sifatli yetkazish imkoniyatini kengaytiradi.
Yangi yo‘l Farg‘ona vodiysi va mamlakatimizning markaziy hududlarini janubiy hamda g‘arbiy viloyatlar bilan bog‘lashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, xalqaro transport yo‘laklari samaradorligini oshirib, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi transport-logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Jahon banki tahlillariga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga kiritilgan har bir dollar iqtisodiyotga 5 barobargacha samara keltiradi. Yangi yo‘l Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari yalpi hududiy mahsulotining 3 foizga o‘sishiga turtki berishi kutilmoqda.
Yo‘l bo‘yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona va turizm ob’ektlari barpo etiladi. Bu yangi ish o‘rinlari, xizmatlar bozori va mahalliy byudjetlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratadi.
Qurilish jarayonida mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalaniladi. Bu mahalliy korxonalar uchun yirik buyurtmalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shimcha ish o‘rinlari deganidir.
To‘rtta hudud rahbarlariga “Yagona koridor – yagona standart” tamoyili asosida yer uchastkalarini ajratish, logistika, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini birgalikda rejalashtirish vazifasi qo‘yildi.
Avtomagistral Yevropa, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida loyihalashtirilgan. Birinchi bosqichda yo‘l xitoylik hamkorlar bilan EPC modeli asosida barpo etiladi, keyinchalik uni boshqarish, saqlash va ekspluatatsiya qilishning zamonaviy mexanizmlari joriy etiladi.
Loyiha xalqaro sifat, xavfsizlik va ekologik standartlar asosida amalga oshirilib, 2030-yilda foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari mazkur loyiha mamlakatdagi yirik yo‘l qurilishi dasturining bir qismi ekanini ta’kidladi. Xiva – Urganch yo‘li qurilishi davom etmoqda, Toshkent – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida, Toshkentni Bo‘stonliq bilan bog‘lovchi yo‘l uchun xususiy sherikni aniqlash ishlari olib borilmoqda.
– Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo‘ymoqdamiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari xitoylik hamkorlar, mahalliy va xorijiy mutaxassislar, muhandislar, loyihachilar va quruvchilarga muvaffaqiyat tilab, O‘zbekiston tarixida ilk bor “yashil” va innovatsion yo‘l barpo etilayotganini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent – Samarqand yangi avtomobil yo‘li poydevoriga kapsula qo‘yib, uning qurilishini boshlab berdi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida A-373 va Toshkent katta xalqa yo‘llari kesishmasida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent shahri bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi.
Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard so‘mni tashkil etdi. Ob’ekt tarkibida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr bo‘lgan ko‘prik, 450 metrlik yer osti avtomobil yo‘li, ikkita ortga qayrilish yo‘lagi, to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi va 950 metrlik aylana halqa yo‘li qurildi. Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, sakkizta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirog‘i hamda 6 kilometr yo‘l to‘siqlari barpo etildi.
Yangi ob’ektning ishga tushirilishi natijasida yo‘nalishning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga yetadi. Bu esa poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, tirbandliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.
Prezidentimizga loyihaning texnik yechimlari, transport oqimini boshqarish imkoniyatlari hamda kelgusida Toshkent – Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida ham axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali bo‘yida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida sohil bo‘yi maskanlarini tartibga solish va u yerda zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday loyihalar nafaqat aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratishga, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish orqali hududlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumanidagi Qorasuv kanali sohili ham bugun ana shunday so‘lim maskanlardan biriga aylanmoqda. O‘tgan yili boshlangan qurilish ishlari natijasida 32 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ hisobidan sohil bo‘yining 9 kilometr uzunlikdagi qismi obodonlashtiriladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilayotgan bo‘lib, dastlab Tinchlik va Qorasuv mahallalari oralig‘idagi 1,6 kilometr uzunlikda sohil qismi obodonlashtirildi. Piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark hamda ko‘prik osti tunneli aholi xizmatiga shay.
Hududda, shuningdek, manzarali daraxtlar, qulay o‘rindiqlar bilan birga umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham barpo etilgan.
Keyingi bosqichda Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan o‘tuvchi qismida ko‘ngilochar, dam olish va gastronomik ko‘chalari tashkil etiladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari soni 6 taga yetkazilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Nurafshon shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligining yangi barpo etilgan Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat ijtimoiy xizmatlari ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyatida ilk marotaba tashkil etilgan Ijtimoiy himoya majmuasi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kompleks xizmatlarni bir joyda ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
U yerda 5 ta muassasa – Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi, hududiy Ijtimoiy inspeksiya, Nurafshon shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi hamda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirilgan.
Majmua barpo etilishi hisobiga har yili Nurafshon shahri hamda unga yaqin bo‘lgan O‘rta Chirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlarida 10 mingga yaqin fuqaro ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.
Mazkur muassasada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning jamiyatga to‘laqonli va mustaqil moslashishiga ko‘mak beriladi.
Shuningdek, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida fuqarolarning individual ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda nodavlat sektor imkoniyatlarini keng jalb etish orqali 5 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Natijada ko‘p yillar uyida o‘tirib qolgan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan bolalar jamiyatga integratsiya qilinadi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari nogironligi bo‘lgan shaxslarni yangi standart va sun’iy intellekt yordamida tashxislash, Toshkent viloyat tajribasi asosida mahalladagi ijtimoiy xodimlarning yangicha ishlash mexanizmlari taqdimoti bilan tanishdi.
Prezidentimiz mazkur Ijtimoiy himoya majmuasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, aholining muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatga munosib moslashishi hamda ijobiy ruhiyat bilan yashashiga ko‘maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyatidagi “Inson” volontyorlari jamoasi bilan suhbatlashib, ularning loyihalari bilan tanishdi. Majmua faoliyatini ma’qullab, respublika bo‘ylab shunga o‘xshash hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini uch barobarga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirib, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini respublikada kamida 90 taga yetkazish maqsad qilingan. Bunda yangi markazlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi ko‘p istiqomat qiladigan, transport qatnovi qulay hamda fuqarolar uchun yetib borish oson bo‘lgan hududlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatimizni mintaqaviy IT-xabga aylantirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Buning uchun davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy aloqa infratuzilmasini rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda innovatsion ekotizimni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda yaratilgan qulay sharoitlar natijasida yurtimizda IT kompaniyalar, yuqori daromadli ish o‘rinlari va raqamli xizmatlar eksporti izchil ko‘paymoqda. Mazkur jarayonda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
“Cyber University” davlat universiteti Prezidentimizning 2025-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida mustaqil oliy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilgan.
Universitetda axborot va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot sohalari uchun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda oliygohda 2 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritib, 8 ta bakalavriat hamda 2 ta magistratura yo‘nalishida qariyb 1 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Universitetda 1 ming 585 o‘rinli o‘quv binosi, 805 o‘rinli talabalar turar joyi, zamonaviy sport majmualari, oshxona va axborot-resurs markazi tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari universitetda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oliygohda tahsil olayotgan yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
– Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi. Shuning uchun sizlar o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, eng zamonaviy bilimlarni egallashingiz kerak, – dedi Prezidentimiz.
Universitet jamoasi xalqaro kiberxavfsizlik musobaqalari va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi xakatonlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ekologik barqarorlik tamoyillari asosida shakllantirilgan oliygohga “Yashil kampus” maqomi berilgan.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida buyuk ajdodimiz Muhammad al-Xorazmiy asos solgan algoritmlar bugun global iqtisodiyotning o‘zagi va insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi.
Hozirgi dunyoda raqobat yillar va oylar bilan emas, balki daqiqalar va soniyalar bilan o‘lchanmoqda. Raqamlashtirishni ortga surgan, sun’iy intellektni o‘zlashtirmagan va innovatsiyalarga sarmoya kiritmagan davlatlar global taraqqiyotdan ortda qolishi qayd etildi.
– Hayotimizning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shug‘ullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emas. Busiz kelajagimiz yo‘qligini barchamiz teran anglashimiz kerak, – dedi Prezident.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Joriy yilda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar ko‘payib, o‘sish sur’ati bo‘yicha mamlakatimiz jahonda birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekistonning milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 5 million dollar bo‘lgan Prezident startap tanloviga start berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotining ta’sischilaridan biri bo‘lib, bu boradagi global jarayonlarni shakllantirishda ishtirok etadigan davlatlar safidan joy oldi.
Umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. U ta’lim, ilmiy-tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo‘ladi.
Nurafshon shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu yerdagi “Cyber University”da kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.
Markazda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter hamda ma’lumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Uchuvchisiz dron qurilmalari va robototexnika vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5 megavattli energetika quvvatlari barpo etiladi.
Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, mazkur innovatsion ekotizimda 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi. Markaz Toshkent viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va hududning innovatsion salohiyatini yuksaltirishga katta turtki beradi.
Qayd etilganidek, joriy yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.
– Uzoqni ko‘zlab, chin dildan amalga oshirayotgan ortga qaytmas islohotlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. “Raqamli O‘zbekiston” kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sun’iy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad ekani ta’kidlandi.
Kelajak texnologiyalari markazida amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalar, texnologik yechimlar va kashfiyotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 465 million dollar bo‘lgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi.
Ushbu yangi quvvatlar ishga tushishi natijasida yana 5 mingta ish o‘rni yaratiladi, aholining zamonaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlar, mutaxassislar va quruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.
So‘ng davlatimiz rahbari Nurafshon shahridagi “Nurafshon maxsus texnika” korxonasiga bordi.
Mamlakatimizda avtomobilsozlik va mashinasozlik tarmoqlarini zamonaviy talablar asosida isloh qilish, sohaning raqobatbardoshligi va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 25,8 gektar maydonda tashkil etilgan “Nurafshon maxsus texnika” korxonasida bugungi kunda “KRANTAS” brendi ostida maxsus turdagi avtomobillar, harbiy texnika va turli mexanizmlar ishlab chiqarilmoqda, 300 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassis doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.
Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan uskuna va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy hamda Turkiya davlatlaridan keltirilgan.
O‘tgan davrda 2 yarim ming tonnaga yaqin metall konstruksiya, 300 dan ziyod avtomobil ustqurmasi, 200 dan ortiq shassi va 20 dan ziyod traktor ishlab chiqarildi. Jumladan, o‘tgan yilda 275 milliard so‘mlik texnika va mexanizmlar buyurtmachilarga yetkazib berildi.
Korxona import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 10 gektar yer maydonida yangi zavod qurish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga 15-18 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari majmuadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar hamda zamonaviy texnologik yechimlarni ko‘zdan kechirdi. Soha mutasaddilari va muhandislar bilan muloqotda mahalliylashtirishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Toshkent viloyati jamoatchiligi bilan tantanali uchrashuvda ishtirok etdi.
Tadbirda nuroniylar, yoshlar va faollar qatnashdi. Mamlakatimiz yetakchisi yig‘ilganlarni samimiy qutlab, viloyat ahli bilan yana bir bor diydor ko‘rishib turganidan mamnunligini bildirdi.
Qayd etilganidek, yaqin yillargacha katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega Toshkent viloyatining o‘z ma’muriy markazi mavjud emas edi. Qisqa vaqt ichida Nurafshon shahri yangitdan barpo etilib, bu yerda zamonaviy ma’muriy, ijtimoiy va madaniy infratuzilma shakllantirildi.
Shaharda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, “Vatanparvar bog‘i”, matonatli o‘zbek ayoli Zulfiya Zokirovaga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasi, xiyobonlar, sun’iy ko‘l, amfiteatr va favvoralar, keng yashil hududlar, velosiped hamda piyodalar yo‘laklari barpo etildi.
– Bu yerdagi har bir korxona, har bir ko‘cha va bino, maydon va xiyobon serg‘ayrat, mehnatkash va fidoyi viloyat ahli bilan birgalikdagi ishlarimizning natijasidir, – dedi Prezidentimiz.
Bugun Nurafshon shahri Yangi O‘zbekiston timsoli sifatida namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. Shaharning nomi “nur sochuvchi”, “ziyo tarqatuvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Shu bois, go‘zal kent zamonaviy qiyofasi, taraqqiyoti, madaniyati, boshqaruvi va inson qadriga bo‘lgan munosabati bilan ham boshqalarga namuna bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Nurafshon mamlakatimizda “aqlli shahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinchi shahar sifatida ham tarixga kirmoqda. Bu yerda raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejamkor texnologiyalar, madaniy maskanlar va ekologik infratuzilma yagona tizimga birlashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Nurafshonni ilm-fan, yuksak texnologiyalar va yoshlar shahriga aylantirish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi. Bu yerda ming o‘rinli madaniyat saroyi, Badiiy akademiyaning viloyat bo‘limi, Sun’iy intellekt markazi, Axborot-resurs kutubxonasi va kasblar markazini o‘z ichiga olgan zamonaviy “Yoshlar shaharchasi” bunyod etilmoqda.
“Nurafshon biznes siti” loyihasi doirasida ma’muriy, biznes, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va turar joy hududlari o‘zaro uyg‘un holda rivojlantirilmoqda. Jumladan, 700 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
Sharq bozori, hunarmandchilik ko‘chalari, milliy pavilonlar, amfiteatr va zamonaviy dam olish maskanlarini qamrab olgan turistik-madaniy majmua ham Nurafshonning tashrif qog‘oziga aylanadi.
Tadbirda Toshkent viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik tayanch hududlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizi viloyat hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi besh yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 3 mingtaga, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashdi.
Prezidentimiz viloyatni Toshkent shahri bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirishga doir yangi loyihalar haqida ham so‘z yuritdi. Poytaxt bilan bog‘lovchi jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilib, Toshkent – Nurafshon yo‘nalishida zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
– Siz, aziz Toshkent viloyati faollari, tadbirkor va fermerlar, ziyolilar, nuroniylar va serg‘ayrat yoshlar bilan birgalikda bu zaminni yanada yashnatamiz, mamlakatimiz taraqqiyotining mustahkam va qudratli tayanchiga aylantiramiz. Men bunga qat’iy ishonaman va Prezident, davlat rahbari sifatida butun xalqimiz qatori Toshkent viloyati aholisining tinch, farovon, baxtli hayot kechirishi uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatimni safarbar etaman, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.
Tadbir madaniy dastur bilan davom etdi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatiga safari yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Abdulaziz MUSAEV,
O‘zA maxsus muxbirlari