Uzoq Meksikada eshitganlarim
Xalqimizning mehr-oqibat va bag‘rikenglik fazilatlari haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin.
Buyuk G‘alabaning 75 yilligiga
dunyodagi eng mahobatli va muhtasham haykal o‘zbek xalqiga qo‘yilishi kerak ekan
Xalqimizning mehr-oqibat va bag‘rikenglik fazilatlari haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Uzoq Meksikaning Kankun shahrida bo‘lib o‘tgan quyidagi voqea bu fikrni to‘liq tasdiqlaydi va shu millat vakili sifatida ko‘nglimni faxr-iftixorga to‘ldirib, bir umr xotiramda muhrlanib qolgan, desam yanglishmagan bo‘laman.
Do‘stim Nizomjon Rustamov bilan uzoq yillar sud-huquq sohasida faoliyat yuritganimiz, har ikkimiz tuman va viloyat sudlarida rahbarlik lavozimlarida ishlaganimiz bois bizda vaqt tig‘izligi, ish mas’uliyati nuqtai nazaridan biror-bir chet davlatga chiqish imkoniyati yo‘q edi. Nafaqaga chiqqanimizdan so‘ng farzandlarimiz bizga tuhfa sifatida xorijga sayohatga chiqish imkoniyatini yaratishdi.
Jiyanim Amerikaning Nyu-York shahrida uzoq yillardan buyon tadbirkorlik faoliyati bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanib keladi, shu bois ukam ham oilasi bilan shu yerda istiqomat qiladi.
Farzandlarimiz yaratgan sharoit va ukamning taklifiga ko‘ra biz do‘stim Nizomjon bilan 2013 yil dekabr oyida Nyu-York shahriga, ukamning uyiga mehmon bo‘lib bordik. Jiyanim Saidjonning rejasi bo‘yicha qisqa muddat Meksikaning Kankun shahrida dam oldik.
Kankun haqiqatdan ham dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb qiladigan nihoyatda so‘lim oromgoh shahar ekan. Biz Nizomjon, Sobirjon ukam va jiyanim har kuni nonushtadan so‘ng suv bo‘yida dam olib o‘tirish uchun mo‘ljallangan joyda dildan suhbatlashamiz. Bir kuni shunday suhbatlashib o‘tirganimizda, yonimizdan o‘tib ketayotgan yoshi ancha ulug‘ rusiyzabon er-xotin (ismi Ivan ekan) bizning o‘zbekcha gaplashayotganimizni ko‘rib yaqinlashdi va qaerdan ekanimizni so‘radi. O‘zbekistondanligimizni eshitib, so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan darajada xursand kayfiyatda, bizga cheksiz mehr-muhabbat ifoda etib, uning uchun eng qadrli odamlar ekanimizni ta’kidlab, biz bilan suhbat qilish uchun ijozat so‘radi. Tabiiyki, biz bu taklifni minnatdorlik bilan qabul qildik.
Ayolining qaergadir borishlari zarurligi haqidagi eslatmasiga esa, hozir biz bilan suhbatlashish hamma narsadan zarur va ahamiyatli ekanini ta’kidlab, o‘zi boraverishi mumkinligini aytdi.
Ivan aka sherigi bilan yonimizga o‘tirdi va sherigiga dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lganini, lekin biror joyda o‘zbeklar kabi mehridaryo, bag‘ri keng, saxovatli, oliyjanob xalqni uchratmaganini bildirdi. Buning tasdig‘i sifatida bolalik yillarida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar va unga ana shu azobli kunlarda o‘zbek ayoli ko‘rsatgan mehr-muruvvatni ko‘ziga yosh olgan holda gapirib berdi. Onasi yoshligida vafot etib ketgani, otasi esa harbiy rahbar sifatida oilasiga vaqt ajratish imkoniyati bo‘lmagani, shu sababli to‘liq ma’noda ota-ona mehridan bahramand bo‘lmaganini ham qistirib o‘tdi.
Urush yillari 7 yoshida minglab bolalar kabi O‘zbekistonga evakuatsiya qilingani haqida gapirib berdi. Ular poezdda 10 sutkadan ortiq yo‘l yurib Farg‘ona shahriga yaqinlashganida barcha bolalar kabi uning xayolidan ham hozir ularni vokzaldan to‘g‘ri bolalar uyiga olib ketishlari, begona yurtda katta bolalar tazyiqida aziyatli hayot kutib turgani haqidagi fikr o‘tganini esladi. Lekin poezd Farg‘ona vokzaliga to‘xtaganida butun vokzal ayollar bilan to‘lib-toshganini ko‘rib hayron bo‘lgani, erlari frontda bo‘lgan bu ayollar o‘zlari 7-8 bolani qiyinchilik bilan boqayotgan bo‘lishsa-da, unga o‘xshagan norasida, mehrga muhtoj bolalarni o‘z oilasiga olib ketish uchun kelganlarini eshitib, bu insoniylikni tom ma’noda ifoda etuvchi mehr-muhabattdan hayratga tushganini aytdi. Sherigidan sen shunday xalqni ko‘rganmisan, eshitganmisan, deb jiddiy tarzda so‘radi, u esa yo‘q deb javob berdi.
Uning eslashicha, sochlari oqarib ketgan bir ayol mas’ul harbiy rahbarga murojaat qilib, bir bolani oilasiga olib boqish uchun berishni va aynan uni quchog‘iga olib, shu bolani bermasa bu yerdan ketmasligini aytgan. Harbiy rahbar o‘zingni nechta bolang bor deb so‘rganida 7 ta deb javob bergan. Harbiyning shundoq ham bolalaring ko‘p ekan, buning ustiga ering frontda bo‘lsa, qiynalib qolmaysanmi, hammasiga qanday qilib yegulik yetkazasan degan savoliga yetti bolaga yetgan yegulik sakkizinchisiga ham yetadi, axir bu bolaning aybi nima, deb uni yanada qattiqroq ba
g‘riga bosib, peshonasidan o‘pgan ekan.
Mehr-oqibat bilan sug‘orilgan bunday iliqlik taftini, faqat onam bag‘riga olgandagina his qilgan edim, men bu mehribon o‘zbek ayoli timsolida xuddi o‘z onamni topgandek bo‘ldim va beixtiyor yig‘lab yubordim, dedi. Xullas, bu mehri daryo o‘zbek ayoli meni o‘z bolasidek bag‘riga bosib, uyiga olib ketdi.
Ivan aka ko‘zida yosh bilan sen shunday xalqni ko‘rganmisan, begona ayoldan shunday mehr-muhabbatni his qilganmisan, deb sherigidan yana so‘radi. U ham ko‘zda yosh bilan yo‘q deb javob berdi va men yozuvchi Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romanini o‘qiganimda bu xalqqa nisbatan chuqur hurmat-ehtirom paydo bo‘lgan edi, lekin o‘zbek xalqining bunchalar mehr-oqibatli, bag‘ri keng va saxovatli ekanini bilmagan ekanman, deb qo‘shimcha qildi.
Inson ko‘nglini eritib yuboruvchi, mehr-muhabbat va yuksak ma’naviyatga undovchi bunday xotiralardan bizning ko‘zimizda ham beixtiyor yosh paydo bo‘ldi.
– Menga onadek bo‘lib qolgan bu o‘zbek ayoli uyiga olib borganida, faqat undan emas, balki uning 7 nafar bolasidan ham hamisha mehr-muruvvatni sezib turdim, deb davom etdi suhbatdoshimiz. – Biz tug‘ishganlardek ahil-inoq yashay boshladik. Bunga menimcha ularning qalbiga o‘zbeklargagina xos mehr-oqibat va bag‘rikenglik fazilati singdirilgani asosiy omil bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Ivan aka ko‘ziga yosh olib, bu o‘zbek ayolining yana bir haqiqiy insoniy fazilati haqida gapirib berganida bizning ham ko‘nglimiz beixtiyor bo‘shashib ketdi.
O‘sha vaqtda vujudga kelgan moddiy qiyinchilik bilan bog‘liq ahvol va non tanqisligi tufayli onasi o‘z bolalariga kuniga uch mahal ikki burdadan, unga esa uch burda non berar ekan. Ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng o‘zbek tilini ancha tushunib qolgach, bolalardan biri, onasidan nima sababdan ularga ikki burda, Ivan akaga uch burda non berilishini so‘rab, nonga to‘ymayotganlarini aytganida, garchi bu o‘zbek ayoli biror-bir o‘quv dargohida tahsil olmagan bo‘lsa-da, uning ma’naviy darajasi har qanday faylasufdan kam bo‘lmagan javobni aytgani, ya’ni “sizlarga ikki burda, unga uch burda non berishimning sababi u yetim, uning onasi yo‘q, men esa sizlarni bag‘rimga bosib to‘ydirib qo‘yaman“, degan ekan. Beixtiyor hammamizning ko‘zimizdan duvillab yosh quyildi.
Bundan tashqari, ayol o‘z bolalarini uxlatganidan so‘ng Ivan akani bag‘riga olib, alla aytib uxlatar ekan. Shu sababli alla men uchun eng totli ashula bo‘lib qolgan, dedi Ivan aka. Uning sherigi bu qanday ashula, ozgina hirgoyi qilib berolmaysanmi, deb so‘radi. Ivan aka bu ashulani faqat o‘zbek ayollari o‘ziga xos mehr-muhabbat bilan aytishi, men shunchaki ayta olaman, xolos, dedi va yana ko‘ziga yosh oldi.
Ivan aka onasi o‘sha yillarda vafot etgani, otasi haqida esa hech qanday xabar yo‘qligini, lekin ko‘nglida otasi tirikligi va u bilan albatta uchrashish umidi bo‘lganini haqida gapirdi. Oradan besh yil o‘tib, ya’ni 12 yoshga kirganida bu orzusi ro‘yobga chiqqani tafsilotlarini alohida hayajon bilan gapirib berdi.
O‘zbek xonadonida odatda eshik yopilmasligi haqida ham to‘lqinlanib so‘zladi. Bir kuni eshikdan general-polkovnik unvonidagi otasi va bir necha general kirib kelishgan. Otasi uni qidirgani va Farg‘ona shahrida o‘zbek ayoli tarbiyasida ekanini aniqlab, bu ayolning nechta bolasi borligi, eri frontdan qaytgan-qaytmagani haqida surishtirgan. 7 nafar bolasi borligi, eri urushdan qaytmaganini biladi. O‘zining yetti bolasi bilan birga uning bolasini ham o‘z tarbiyasiga olib boqayotgan ayoldan bir umrga qarzdor ekani, agar o‘g‘li kasalmand ahvolda bo‘lsa ham, bu ayolga chuqur minnatdorlik bildirishini aytgan. O‘g‘lini sog‘-salomat ko‘rib, o‘zbek ayoli uning peshonasidan silab, bag‘riga bosib turgan holatga shohid bo‘lgan otasi garchi egnida general-polkovnik libosi, harbiy qo‘mondon sifatida temir irodali kishi bo‘lsa-da, ko‘ziga yosh olib, men bu mehr-muhabbatli ayol timsolida bag‘ri keng, saxovatli ulug‘ o‘zbek xalqiga ta’zim qilaman, deb ayol qarshisida uch marta tiz cho‘kib ta’zim qilib, peshonasidan o‘pgan ekan.
- Men harbiyman, san’atdan xabarim yo‘q, shu sababli uning qanday bo‘lishini bilmayman, lekin bu bag‘ri keng, saxovatli o‘zbek xalqiga eng mahobatli va muhtasham haykal o‘rnatish kerak, – degan ekan Ivan akaning otasi.
Ivan aka o‘zbek ayolining yana bir insoniylik xususiyati to‘g‘risida to‘xtalib, ayolning bu bola men uchun o‘zimning bolalarimdan farqi yo‘q, usiz hayotni tasavvur qilishim qiyin, lekin uning otasini bolani unga berish-bermasligim haqidagi masala albatta o‘ylantirayotgan bo‘lishi kerak. Unga tushuntiringlar, men bola tirik yetim emasligidan, otasini topganidan xursandman. Shu sababli albatta uni otasiga beraman, lekin bitta iltimosim bor, men uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan bu bolani ma’lum vaqt bag‘rimga bosib olib o‘tirishni so‘rayman, degan ekan. Shunda Ivan akaning otasi ko‘zida yosh bilan o‘zbek ayolini bag‘riga bosib, o‘g‘li bilan ko‘p vaqt o‘tirgan ekan.
Ivan aka so‘zining oxirida uning uchun eng totli narsa o‘zbek noni ekani, o‘sha non hidini va nonni juda-juda sog‘inganini aytdi.
Ukam Sobirnikiga Amerikaga borishdan oldin O‘zbekistondan nima olib borishni so‘raganimizda, iloji bo‘lsa patir non olib kelishni iltimos qilgan edi. Biz uning iltimosiga ko‘ra olib borgan patirlarni Ivan akaning Amerikaning Boston shahridagi doimiy yashash joyi bo‘yicha uyiga jo‘natdik. U esa buning uchun telefon orqali chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu patir nonlarning ma’lum qisimni tanish-bilishlariga bag‘ri keng o‘zbek xalqi nomidan ulashganini mamnuniyat bilan ma’lum qildi.
Siz keyinchalik O‘zbekistonda bo‘lganmisiz, deb so‘rganimizda Ivan aka borishim mumkin bo‘lganida moddiy jihatdan imkoniyatim yo‘q edi, hozir esa afsuski, sog‘ligim ko‘tarmaydi. Menga qadrdon bo‘lgan bu jannatmakon yurtga bora olmayman, lekin O‘zbekistonni juda sog‘inganman, shu sababli men uchun nihoyatda qadrli bo‘lgan xalq vakillari – sizlar bilan uchrashganim, dildan suhbatlashib turganimdan nihoyatda xursandman, dedi va har birimizni alohida-alohida quchog‘iga olib, xalqimizga bo‘lgan o‘z mehr-muhabbatini yana bir bor izhor qildi.
Karimjon SAIDOV,
sud tizimi faxriysi