UzOman mamlakatimizda yangi bank ochadi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov "UzOman" investitsiya kompaniyasi bosh ijrochi direktori Umar Bahrom bilan navbatdagi yangi loyihaning tashkiliy jihati va jarayonni tartibga solish masalasini muhokama qildi.
O‘mon Sultonligida ro‘yxatdan o‘tgan ushbu korxona yurtimizda yangi bank tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston - O‘mon investitsiyaviy hamkorligi izchil rivojlanayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar jadal o‘sish sur’atini namoyon etayotganiga urg‘u berdilar. Suhbat davomida "UzOman" ishtirokida amalga oshirilayotgan boshqa loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, qo‘shma tadbirlar samaradorligini oshirish, amaliy tashabbuslar ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Umumiy sa’y-harakatlar tomonlar uchun yangi loyihalar ilgari surish, o‘zaro sarmoya jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi e’tirof etildi. Moliyaviy hamkorlik istiqboliga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida har ikki tomon muloqotni mustahkamlash, institutsional aloqalarni kengaytirish, sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha samarali axborot almashinuvini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
M.Pirmatova, O‘zA