Uzluksiz ta’lim – taraqqiyot poydevori
Ta’lim va ilm haqida so‘z borganda, Abu Rayhon Beruniyning “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan purma’no hikmati ongimizni chulg‘aydi. Ha, albatta, ta’lim-tarbiya va ilmga e’tiborni ko‘rganimizda, buyuk bobokalonlarimizning orzu-umidlari ro‘yobini ko‘ramiz
Bugungi kunda hikmatlar va orzular ro‘yobi Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining bu boradagi sa’y-harakatlarini ko‘rib, ustoz Abdulla Avloniyning “Ta’lim biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo baxt – yo falokat masalasidir”, degan da’vatlari yodimizga kelaveradi.
Darhaqiqat, kechagi kunimiz tarixini yaratuvchi ham, bugungi kunimizning qudratini belgilovchi ham, ertamizning porloq kelajagini tuzuvchi ham ta’lim va ilmu fan ahlidir.
Shu nuqtai nazardan, Prezidentning 2026-yil 3-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor bo‘ldi.
Keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olingan ushbu Farmon bilan yangi vazirlik zimmasiga maktabgacha ta’lim va tarbiyadan tortib, umumiy o‘rta, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, qo‘shimcha va norasmiy ta’limgacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini amalga oshirish vazifasi belgilab berildi.
Bu Farmonni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturiy vazifalari asosida baholar ekanmiz, ta’kidlash joizki, yagona, uzluksiz va sifatli ta’lim g‘oyasi partiya uchun begona emas. Partiya saylovoldi dasturida ta’limga investitsiya kiritish xalq farovonligi va davlat raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim omil sifatida baholanib, uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta’lim-tarbiya berish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tarafdori ekanligi aniq ifodalangan.

Shu ma’noda, ushbu Hujjatni partiya dasturiy g‘oyalari hayotda o‘z ifodasini topayotgani sifatida ham baholash mumkin. Vaholanki, “Adolat” partiyasi ta’lim masalasiga doimo inson kapitali, ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar nuqtai nazaridan yondashib kelgan. Siyosiy partiyaning dasturiy maqsadi bilan davlat siyosati o‘rtasida uyg‘unlik paydo bo‘lishi – bu, avvalo, jamiyat rivoji uchun ijobiy holat.
Bizning qarashimizcha, sifatli ta’lim insonning munosib hayot kechirishi uchun qanchalik muhim bo‘lsa, mamlakat taraqqiyoti uchun ham hamin qadar zarur. Shuning uchun, bog‘chadan boshlangan ta’lim-tarbiya maktabda uzilib qolmasligi, maktabda olingan bilim kasbiy yoki oliy ta’limda davom etishi, oliy ta’lim esa ilm-fan va zamonaviy mehnat bozori bilan uzviy bog‘lanishi lozim. Ayniqsa, darsliklar va qo‘shimcha adabiyotlar bir-birini to‘ldirib borishi shart.
Farmonda aynan ana shu yondashuv – ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash va yagona samarali boshqaruv tizimini joriy etish maqsadi belgilab berilgan. Bu albatta, yagona maqsad, yagona tizim, yagona natija uchun xizmat qiladi.
Yana e’tiborli jihati, ikki vazirlikning birlashishi – ikki tizimning emas, aslida bir maqsadning birlashuvidir. To‘g‘ri, bir qarashda, gap ikki vazirlikni bitta vazirlikka birlashtirish haqida ketmoqda. Ammo masalaning mohiyati bundan ancha keng. Gap – ta’limning turli bosqichlarini va boshqaruvini yagona mantiqiy zanjirga birlashtirish haqida ketmoqda.
Shunda ta’lim tizimida har bir bosqich keyingi bosqichdan uzilgan alohida tizim emas, balki yagona ta’lim yo‘lining uzviy qismi bo‘ladi. Bu “katta yo‘l” esa partiya dasturida ilgari surilgan uzluksiz ta’lim va tarbiyadagi uzviylik g‘oyasi bilan to‘la uyg‘un.
“Boshqaruvda yakdillik” – eng avvalo, yagona mas’uliyat degani. Yangi vazirlikning tashkil etilishi boshqaruvda qulaylik yaratishi mumkin. Ammo bu jarayonning haqiqiy samarasi uning tashkiliy jihati bilan emas, inson taqdiridagi natijasi bilan o‘lchanadi. Xalqimizda “Ekkaningni o‘rasan” degan hikmat bejiz aytilmagan. Bugun ota-ona farzandining bog‘chadagi tarbiyasi, maktabdagi ta’limi, kasb tanlashi, oliy ta’limga kirishi va keyinchalik mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishigacha bo‘lgan jarayonda bir-biriga bog‘liq tizimlarni ko‘radi.
Shuning uchun davlat boshqaruvining ham ana shu uzviylikni ta’minlashga qaratilgan maqsadi aniq. Ya’ni, bir bola – bir ta’lim yo‘li – yagona davlat siyosati – yagona mas’uliyat qamrovida bo‘lsin. Menimcha, yangi tizimning eng katta muvaffaqiyati ham shunda.
Birlashtirishning o‘zi maqsad emas. Asosiy mezon – natija. Yangi tizim ana shu natijani beradi. Ta’limda yaratilayotgan teng imkoniyatlar – jamiyatdagi ijtimoiy adolatning muhim shartiga aylanadi. Pirovardida, yangi Ta’lim va ilm-fan vazirligining tashkil etilishi nafaqat boshqaruv tizimidagi o‘zgarish, balki inson kapitalini rivojlantirish, teng imkoniyatlarni kengaytirish va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida xizmat qiladi.
Bu ishlarni izchil rivojlantirishga qaratilgan Prezidentning joriy yil 19-oktabrdagi “Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ta’lim va ilm-fan sohasini yanada takomillashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur qarorda ta’lim tizimidagi tashkiliy o‘zgarishlar bilan bir qatorda, bilim va malakalarni baholashning yagona tizimini shakllantirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish va ta’lim sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Darhaqiqat, mamlakatning taraqqiyoti, avvalo, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy kasb-hunarlarni egallagan avlodni tarbiyalashga bog‘liq. Shu ma’noda, ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar nafaqat bugungi kun, balki yurtimizning ertangi istiqboli uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar qog‘ozdagi tashkiliy yangilanishlar bilan cheklanib qolmasdan, o‘qituvchilar faoliyatida, o‘quvchilar bilimida va ta’lim muassasalari samaradorligida aniq natijalar bilan namoyon bo‘lishi lozim.
Ishonchimiz komilki, qarorda belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi ta’lim sifati va ilm-fan salohiyatini yuksaltirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Zero, ta’limda uzluksizlik – bilimda izchillikni, bilimda izchillik – kasbda mahoratni, kasbda mahorat esa mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydi. Adolatli jamiyatda Uchinchi renessansning poydevori esa sifatli ta’limdan boshlanadi.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy Kengashi raisining o‘rinbosari.
O‘zA