“UzFood 2026” mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun hamkorlikka keng yo‘l ochmoqda
Bugun “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Oziq-ovqat mahsulotlari, ingrediyentlar va ishlab chiqarish texnologiyalari – UzFood 2026” xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Polsha Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vaziri Stefan Krayevskiy hamda “ICA Events” kompaniyasi bosh direktori Edvard Stroon so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimiz oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanayotgani, bu esa mahalliy va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirayotganini ta’kidladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanovaning qayd etishicha, 2026-yilgi tadbir ishtirokchilar soni va keng geografiyasi bilan ajralib turadi. E’tiborlisi, u majmuaning barcha maydonlarini qamrab olgan. Namoyishda 26 mamlakatdan 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Ular orasida Germaniya, Belarus, Rossiya, Koreya, Polsha va Tailandning yetakchi milliy va jamoaviy ekspozitsiyalari, shuningdek, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Italiya va Malayziyadan keng ko‘lamdagi kompaniyalar bor. An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmada professionallar uchun barcha mahsulotlar, ya’ni ingrediyentlar va uskunalardan tortib tayyor mahsulotlargacha namoyish etilyapti.
Belarus Respublikasidan kelgan “Virtex Food” kompaniyasi vakili Sofya Umerenkova ushbu ko‘rgazmada ilk bor qatnashishini va undan katta natijalar kutayotganini aytib o‘tdi.
[gallery-28497]
– Ayni paytda Pinsk shahrida “Virtex Food”ga qarashli to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega bo‘lgan to‘rtta yirik zavod faoliyat yuritmoqda. Korxonada 75 nafar texnolog mehnat qiladi va ular mahsulotlarni noldan boshlab ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Mahsulot yaratish jarayoni laboratoriya sharoitida ta’m xususiyatlarini ishlab chiqishdan boshlanadi. Keyin ko‘p bosqichli tasdiqlash jarayonlaridan o‘tgach, ishlab chiqilgan texnologiyalar amaliyotga joriy etiladi va mahsulotlarni sanoat miqyosida ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Ushbu ko‘rgazmada ishtirok etishdan maqsad O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi ishonchli va kuchli distribyutorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat, – dedi u.
“ISTIQLOL TEA CO” mahalliy kompaniyasining Toshkent shahar bo‘yicha menejeri Muhriddin A’zamov mazkur korxona 20 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgani ta’kidladi.
– Korxonamiz o‘rta biznes toifasiga kiradi va uning asosiy faoliyati choy hamda qahva mahsulotlarini qayta ishlashdan iborat. Kompaniya zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifat standartlarini qo‘llab, mahsulotlarning uzluksizligini ta’minlaydi. Asosiy maqsadimiz esa iste’molchilarga sifatli va tabiiy mahsulot taqdim etish hamda hamkorlar bilan barqaror va samarali sheriklikni rivojlantirishdir. Mazkur ko‘rgazma biz uchun bozorlardagi sheriklik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 3-aprelga qadar o‘z ishini davom ettiradi.
Nasiba Ziyodullayeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA