UZEX: yilning to‘qqiz oyida 1,7 milliondan ortiq bitim tuzildi
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi savdo platformalarida 1,7 milliondan ortiq bitim tuzildi. Bitimlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga oshdi. Shuningdek, 27,6 mingdan ziyod yangi mijoz birja platformalariga jalb qilindi.
"O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi" AJ matbuot kotibi Hikmatullo Tillaboyevning ma’lum qilishicha, birja faoliyatini takomillashtirish, savdo jarayonlarini raqamlashtirish va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida savdo platformalarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilmoqda.
Xususan, 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida birja va elektron savdo platformalar orqali 1,7 milliondan ortiq bitim tuzildi. Shu davrda 27,6 mingdan ziyod yangi mijoz jalb qilindi. Umuman, savdo platformalaridagi bitimlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga oshdi.
Xususan, birja savdolari 31 foizga, davlat xaridlari 32 foizga, ko‘rgazma-yarmarka savdolari esa 68 foizga o‘sdi. Tashqi savdo bitimlari hajmi uch barobardan ziyod ko‘payib, 646,6 million dollarga yetdi.
-Davlat xaridlari yo‘nalishida ham samaradorlikni oshirishga e’tibor qaratyapmiz. "Xarid" elektron tizimi orqali o‘tkazilgan xaridlar natijasida 6,8 trillion so‘m mablag‘ tejaldi. Platformaning yangi versiyasida qidiruv va narxlarni tahlil qilish imkoniyatlari takomillashtirildi, foydalanuvchilarga tezkor javob berish uchun sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etildi. Shuningdek, markazlashgan xaridlar mexanizmi va farmatsevtika mahsulotlari savdosiga mo‘ljallangan maxsus platforma ishga tushirildi.
Suyultirilgan gaz savdosi ham o‘sish tendensiyasini ko‘rsatdi. Bu davrda birja orqali 312,8 ming tonna gaz sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,3 foiz ko‘pdir.
Qimmatbaho metallar savdosi, mobil raqamlarni elektron auksion orqali sotish va boshqa yo‘nalishlarda ham elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirdik. Mobil raqamlar savdosida qariyb 5 mingta raqam realizatsiya qilindi. Ayni paytda foydalanuvchilar uchun operatorni mustaqil tanlash va raqamlarni elektron tarzda sotuvga chiqarish imkoniyatlari yaratildi.
Yana bir muhim yo‘nalish esa xalqaro fyuchers savdolarida mahalliy tadbirkorlar ishtirokini ta’minlashdir. Shu maqsadda Singapurning "Phillip Capital" kompaniyasi bilan hamkorlikda "UZEX GLOBAL" qo‘shma korxonasini tashkil etdik.
Buning natijasida mahalliy ishtirokchilarga yirik xalqaro birjalarda mis, bug‘doy, paxta, neft va oltin kabi tovarlar bo‘yicha fyuchers bitimlarini amalga oshirish, narx o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish imkoniyati yaratilmoqda.
Kelgusida ham birja infratuzilmasini rivojlantirish, elektron xizmatlarni kengaytirish, savdo jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz, - dedi H.Tillaboyev.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.