UZEX “Eng yaxshi korporativ boshqaruv” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi
“O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (UZEX) 2025-yil yakunlari bo‘yicha “Eng yaxshi korporativ boshqaruv” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. Ushbu e’tirof birjaning korporativ boshqaruv tizimi yuqori samaradorlik bilan yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi.
Mazkur tizim aksiyadorlar va menejment manfaatlari o‘rtasida muvozanatni ta’minlash, faoliyat shaffofligini oshirish, biznes jarayonlarini takomillashtirish hamda barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, bugungi kunda UZEX mamlakatdagi yirik savdo maydonlaridan biri bo‘lib, elektron tijorat sohasida 9 ta tizim bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Birja infratuzilmasi 14 ta hududiy filial, 300 dan ortiq savdo maydonchalari va xorijdagi 50 ta maydonchani o‘z ichiga oladi. Tizimda 500 mingdan ortiq ishtirokchi xizmatlardan foydalanmoqda.
Kompaniyaning barqaror moliyaviy ko‘rsatkichlari, yuqori rentabelligi va dividend to‘lovlarining izchil o‘sishi UZEXning investorlar orasidagi jozibadorligini oshirib kelmoqda. Birja aksiyalari fond bozorining “Premium” toifasiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu e’tirof Investitsiya institutlari milliy uyushmasi (NAII) tomonidan 2025-yil yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan taqdirlash marosimida ma’lum qilindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA