Poytaxtimizda o‘tayotgan "UzChess Cup-2025" turnirining ortda qolgan 6-tur uchrashuvlari har jihatdan murosasiz kechdi.
Mazkur turda ikki mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Yoqubboyev va Nodirbek Abdusattorov o‘rtasidagi o‘yin eng uzoq davom etgan bahs sifatida yodda qoldi.

Qora donalarda harakatlangan Abdusattorovning kichik xatosi, Yoqubboyevning g‘oliblik sari jon-jahdi bilan intilishi hisob 1:0 ko‘rinishida poyoniga yetishiga olib keldi.

Ushbu turda Arjun Erigaisi - Javohir Sindorov va Aravind Chitambaram - Shamsiddin Vohidov qarama-qarshiligidagi o‘yinda hamyurtlarimiz g‘alabaga teng durangga erishgan bo‘lsa, vengriyalik Richard Rapport hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxadan 1 ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, eronlik Parxam Magsudlu va rossiyalik Yan Nepomnyashiylar o‘rtasidagi o‘yinda murosa yo‘li tanlangani "Masters" guruhida yetakchilik yo‘lidagi raqobatchilar safi kengaymasligiga imkon yaratdi.

Bugun, 25 iyun kuni o‘tkaziladigan 7-tur o‘yinlari ostonasida Arjun Erigaisi, Parxam Magsudlu va Nodirbek Abdusattorov 4 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Javohir Sindorov 3,5 ochko bilan kuchli to‘rtlikka ko‘tarildi. Shamsiddin Vohidov 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 5-o‘rindagi joyini mustahkamladi.

Mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning “Challengers" guruhida o‘tgan 6-tur bahsida Jahongir Vohidov qora donalarda g‘oliblikka asosiy da’vogar Nikolas Teodoruga yutqazib qo‘ydi. AQSHlik Endryu Hong oq donalarda ukrainalik tajribali Vasiliy Ivanchukka yutqazib qo‘ydi. Qora donalarda harakatlangan hamyurtimiz Muhiddin Madaminov shvetsiyalik Vitaliy Sivuk bilan murosa yo‘lini tanladi. Muhammadzohid Suyarov - Gulruhbegim Tohirjonova uchrashuvida ham durang qayd etildi.

O‘tkazilgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, 7-tur o‘yinlari ostonasida “Challengers" guruhida Nikolas Teodoru 5 ochko bilan yakka peshqadamga aylangan bo‘lsa, Endryu Hong 4 ochko bilan 2-o‘rinni, Muhiddin Madaminov 3,5 ochko bilan 3-o‘rinni band etib turibdi.
“Futures" guruhidagi o‘yinlarda kutilganidek hamyurtimiz Ortiq Nig‘matov peshqadamlik qilmoqda. Nig‘matov 6-turda ispaniyalik Alan Pishoni mag‘lubiyatga uchratib, ochkolari sonini 4,5 taga yetkazdi.

Bugun musobaqaning 7-tur bahslari o‘tkaziladi. Eslatib o‘tamiz, 9 ta turdan iborat turnirning "Masters" guruhi g‘olibi 20 ming AQSH dollari, “Challengers” guruhida yetakchiga aylangan shaxmatchi 6 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA