"UzChess Cup-2025": Ehtimollar haqiqatga aylanarmikan?
Bugun, 24 iyun kuni poytaxtimizda davom etayotgan "UzChess Cup-2025" turnirining 6-turida mazkur musobaqaning o‘tgan yilgi "Masters" guruhi g‘olibi Nodirbek Yoqubboyev va bu yilgi bahslarda yetakchilik qilayotgan Nodirbek Abdusattorov ro‘baro‘ keladi.
Kecha kuchlilar guruhida kechgan 5-tur bahslarida hamyurtlarimizdan N.Abdusattorov hindistonlik Aravind Chitambaramga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va ochkolari sonini 4 taga yetkazib, guruhda yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi.

Ushbu turda Javohir Sindorov oq donalarda Richard Rapportni mag‘lubiyatga uchratgan vaziyatda Shamsiddin Vohidov oq donalarda Erigaisiga yutqazib qo‘ydi. Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Yan Nepomnyashiy bilan murosa yo‘lini tanladi.
"Challengers" guruhida o‘tgan 5-tur musobaqalarining barchasida durang natija qayd etildi.
Xalqaro turnirning “Futures" guruhida peshqadamlik qilayotgan Ortiq Nig‘matov 5-turda qora donalarda Abdumalik Abdusalimovga yengilgan bo‘lsa-da, 3,5 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi. Bunga qaysidir ma’noda g‘oliblikka da’vogarlik qilayotgan turkmanistonlik Saparmurat Atabayevning oq donalarda iste’dodli shaxmatchimiz Humoyun Bekmurotov bilan durangga erishgani ham sabab bo‘ldi, deyish mumkin.

Ortda qolgan 5-tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, "Masters" guruhida ta’kidlaganimizdek Nodirbek Abdusattorov turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa, eronlik Parxam Magsudlu va hindistonlik Arjun Erigaisi 3 ochko bilan uni ta’qib etishmoqda.
“Challengers" guruhi musobaqasida 3,5 ochkoga ega Nikolas Teodoru g‘oliblikka asosiy da’vogar sanaladi. Keyingi pog‘onalarda borayotgan AQSHlik Endryu Hong hamda hamyurtimiz Muhiddin Madaminov hisobida 3 ochko mavjud.

Bugun o‘tkaziladigan 6-turda Jahongir Vohidov qora donalarda Teodorudan ochko tortib ola bilsa, shuningdek Endryu Hong oq donalarda ukrainalik tajribali Vasiliy Ivanchuk to‘sig‘idan o‘ta olmasa, o‘z navbatida Madaminov qora donalarda shvetsiyalik Vitaliy Sivukni mag‘lub eta olsa, "UzChess Cup-2025"ning 7-tur o‘yinlari ostonasida 3 ta guruhda ham o‘zbekistonlik shaxmatchilar yetakchiga aylanadi. Bu taxmin. Ehtimollar esa bugun tashkil etiladigan o‘yinlar natijasida haqiqatga aylanadi.
Mukofot jamg‘armasi 121 ming 500 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnir musobaqalari 27 iyungacha davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA