UZCARD CyberWeek 2.0’ni davom ettirmoqda: ikki kun, ikki yo‘nalish, yagona vazifa — xavfsiz raqamli muhit
29–30-sentabr kunlari Urganch shahrida CyberWeek 2.0 loyihasining navbatdagi hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
CyberWeek 2.0 — UZCARD, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O‘zbekiston mahallalari uyushmasining aholining raqamli savodxonligini oshirish, kiberfiribgarlikning oldini olish hamda raqamli moliyaviy xizmatlardan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbusidir.

Hududiy bosqich ikkita ish yo‘nalishini birlashtirdi: bank sektori vakillari bilan professional muloqot va mahalla vakillari bilan ma’rifiy ishlar. Bunday format bir vaqtning o‘zida moliya sohasi darajasida kiberxavfsizlik masalalarini muhokama qilish hamda hududlar aholisi bilan bevosita muloqot qiladigan vakillarga amaliy bilimlarni yetkazish imkonini beradi.
29-sentabr kuni Urganch shahar hokimligi binosida bank sektori vakillari uchun ixtisoslashtirilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar dolzarb kibertahdidlar, moliyaviy xizmatlar foydalanuvchilarini himoya qilish masalalari, raqamli firibgarlikning oldini olish hamda naqdsiz to‘lovlar xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qildilar. Firibgarlikka qarshi kurashishning amaliy jihatlariga, shuningdek foydalanuvchilarning keng tarqalgan ijtimoiy muhandislik sxemalari, fishing va boshqa turdagi raqamli tahdidlarga nisbatan chidamliligini oshirish zaruratiga alohida e’tibor qaratildi.
30-sentabr kuni dastur Ma’mun universitetida davom etdi. Bu yerda mahalla vakillari uchun raqamli savodxonlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Ishtirokchilarga raqamli moliyaviy xizmatlardan xavfsiz foydalanish, shaxsga doir va to‘lov ma’lumotlarini himoya qilish, shuningdek keng tarqalgan firibgarlik sxemalari haqida amaliy materiallar taqdim etildi.
Olingan bilim va materiallardan mahalla vakillari aholi bilan olib boriladigan keyingi ma’rifiy ishlarda foydalanishlari mumkin. Bu aholiga raqamli muhitda yaxshiroq yo‘nalish olish, ehtimoliy tahdidlarni aniqlash hamda shubhali qo‘ng‘iroqlar, xabarlar yoki takliflarni olganda o‘ylamay qilingan harakatlardan saqlanishga yordam beradi.

«Biz uchun raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilimlar faqat professional hamjamiyat doirasida qolib ketmasligi muhim. Mahalla vakillari bilan ishlash amaliy tavsiyalarni bevosita raqamli xizmatlardan har kuni foydalanadigan va firibgarlikning yangi sxemalariga duch keladigan aholiga yetkazish imkonini beradi», — dedi “UCMG” MChJ Bosh direktorining axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurjau Bolatbek.
CyberWeek ikkinchi yil davomida amalga oshirilmoqda va bosqichma-bosqich hududiy ta’lim tadbirlari turkumidan raqamli savodxonlikni oshirish hamda kiberfiribgarlikning oldini olish bo‘yicha tizimli dasturga aylanib bormoqda. Loyiha doirasida bank sektori vakillari uchun ixtisoslashtirilgan seminarlar va hududlar aholisi uchun ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

2025–2026-yillar yakunlariga ko‘ra, CyberWeek ta’lim tadbirlarida 3 500 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi, loyihaning umumiy media va televideniye qamrovi esa 10 million kishidan oshdi. Axborot kampaniyasi doirasida 2,92 million nafar aholi qamrab olindi. Loyiha amalga oshirilgan davr mobaynida oltitadan ortiq hududiy bosqich o‘tkazildi.
2026-yilda CyberWeek ta’lim formatlarini ham kengaytirdi. APK-firibgarligi, soxta investitsiya va savdo takliflari, shuningdek onlayn xaridlar paytidagi firibgarlik kabi keng tarqalgan firibgarlik ssenariylari haqida qisqa videoroliklar tayyorlandi. Amaliy materiallar oddiy algoritm asosida tuzilgan: tahdidni aniqlash, to‘xtash va o‘z ma’lumotlari yoki pul mablag‘larini begona shaxslarga bermaslik.
CyberWeek 2.0 davlat organlari, moliya sektori va ekspertlar hamjamiyatini yagona vazifa — raqamli muhitni yanada xavfsiz qilish va foydalanuvchilarga zamonaviy kibertahdidlardan himoyalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘maklashish atrofida birlashtiradi.
UZCARD. Qulay yashang.
O‘zA