Jizzaxdagi "Jizzax kibersport arena"da dzyudo bo‘yicha “Uzbekistan Judo Tour” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mukofot jamg‘armasi 200 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur turnirda polvonlar to‘rtta vazn toifasida o‘zaro raqobatlashdi.
Musobaqaning -66 kg vazn toifasida Dilshodbek Baratov (Surxondaryo) va Dilshod Hamroyev (Buxoro) final bosqichida kuch chinashdi. Qizg‘in o‘tgan bellashuvda D.Baratov g‘olib chiqdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu vaznda yarim finalga qadar yetib borgan Obidxon Nomonov (Namangan) hamda Javlonbek Qo‘ldoshboyev (Samarqand) shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oldi.

Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Bahrom Botirov (Buxoro), Javohir Murodullayev (Jizzax) va Sita Qadamboyeva (Xorazm) oltin medalga sazovor bo‘ldi. Turnir yakunida tashkilotchilar g‘oliblarni 22 million so‘m mukofot puli bilan taqdirladi. Shuningdek, kumush medal sohiblari 14, bronza medal egalari 7 million so‘mni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA