So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotda xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ustuvorlik qaratib kelayotgan davlat sifatida dunyo iqtisodiyotida alohida o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.
Sababi, Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan, xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash borasidagi institutsional va ma’muriy islohotlar uzviy davom ettirilmoqda.
Shu boisdan, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali, aholi daromadini oshirib, kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida bugun fuqarolarimiz hech ikkilanishlarsiz, yerga egalik qilish orqali daromadini oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z faoliyati ko‘lamini kengaytirish bugungi zamon talabi ekanligini tushunib yetmoqda.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini hamda xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirishga qaratilgan bir qator maqsad va vazifalar belgilab olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan bir qator maqsadlar amaliyotga tatbiq etilib, davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozorini erkinlashtirish hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishini kengaytirishga yo‘l ochib beruvchi bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.
Jumladan, Farmon bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini shaffof tarzda xususiylashtirishda, eng avvalo, xususiy investorlarni jalb qilishni muhim omili sifatida belgilash hamda yerlarni auksionga chiqarishda ularning jozibadorligini oshirish uchun infratuzilma va boshqa zaruriy sharoitlarni yaratib berish muhim ekanligi belgilab berildi.
Albatta, ushbu vazifalarning hayotga tatbiq etilishi qisqa fursatda o‘z samarasini ko‘rsatishi shubhasiz. Boisi jannatmakon iqlim sharoitiga ega bo‘lgan O‘zbekistonning har bir hududida aholi dehqonchilik qilishi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun barcha zaruriy mahsulotlar, eng asosiysi inson resursi yetarli darajada. bugungi kundagi yagona muammolardan biri bu — infratuzilma va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq boshqa zaruriy sharoitlarni yaratish bo‘lib qolayotgan edi.
Farmon bilan endi har bir hududdagi yer maydonlari, avvalambor, barcha sharoitlar yaratilgan holda savdoga chiqarilishi belgilab berilmoqda. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xususiylashtirishni jadallashtirish, iqtisodiyotda samarasiz ishlayotgan korxonalar ulushini kamaytirish hisobiga sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga asoslangan investitsiyalar va ishlab chiqarish unumdorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalarning ko‘payishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.
Bunda, iqtisodiyotning drayver tarmoqlari, xususan, tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni kafolatlangan xomashyo bazasi bilan ta’minlash uchun geologiya-qidiruv ishlariga, qazib chiqarish va qayta ishlash jarayoniga xorijiy investorlarni jalb qilishni jadallashtirish, mineral xomashyo bazasi zaxiralarini ko‘paytirish qo‘llab-quvvatlanadi.
bugungi kunning yana bir global muammolardan biri, ichimlik va oqova suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti kabi masalalar hamda obodonlashtirish, yo‘l qurilishi, aviatsiya infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik
loyihalarini keskin ko‘paytirib, «komplayens» nazorat tizimini keng joriy etishga, xaridlar tizimi shaffofligi ta’minlab, korrupsiyaning oldini olishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Shuningdek, 2022 yil 1 maydan boshlab norezident jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 12 foiz qilib belgilanmoqda.
1 mayga qadar esa, tajribali investitsiya banki jalb etilib, 2022 yil yakuniga qadar «O‘zbekneftgaz» AJning, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushi, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonlari boshlanadi.
2022 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyasi xulosalari asosida «O‘zbekgidroenergo» AJni isloh qilish strategiyasi ishlab chiqilib, yangi kichik va o‘rta gidroelektrostansiyalarni qurishda xususiy sektor ishtirokidagi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosidagi loyihalarni amalga oshirishga ustuvorlik beriladi.
Shu bilan birga, joriy yil 1 sentyabrga qadar “Uzbekistan airways” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushi aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali savdoga chiqarilsa,1 avgustga qadar “UzAuto Motors” AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismi mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtiriladi.
Iqtisodiyotning barcha bosqichlarida Davlat ulushini kamaytirib, xususiylashtirishga ustuvorlik qaratish orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, mahsulotlar sifatini va hajmini oshirish borasida o‘tgan vaqt davomida to‘plangan tajribadan samarali foydalangan holda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirish qisqa fursatlarda mamlakatmiz iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirishi shubhasiz.
Maxfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati