“Uzbek Gift Contest” tanlovining ikkinchi bosqichiga start berildi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Uzbek Gift Contest” ko‘rik-tanlovining ikkinchi bosqichi boshlandi.
Tanlovdan maqsad milliy hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy turistik sovg‘a sifatida targ‘ib qilish, hududlardagi ijodkorlar salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda turistlar uchun ixcham, sifatli va hamyonbop esdalik sovg‘alari namunalarini yaratishdan iborat.
Ikkinchi bosqich hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar birinchi bosqichda g‘olib deb topilgan 10 ta eng yaxshi dizayn va eskiz bilan tanishadi. So‘ng ulardan birini tanlab, shu asosida amaliy suvenir mahsuloti yaratadi.
Hunarmandlar o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, mahsulotni ijodiy g‘oyasi asosida yanada takomillashtirishi mumkin. Ishtirok etish uchun onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Tayyorlangan mahsulot joriy yilning 10-noyabriga qadar “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarmalariga topshiriladi.
Kelib tushgan ishlar orasidan eng yaxshi 10 ta mahsulot g‘olib deb topiladi. G‘oliblarning har biri 20 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA