O‘zbekistonning mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchisi "UzAuto Motors" o‘zining monopol mavqeidan foydalangan holda mamlakat ichki bozorida avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotmoqda, degan fikrlar ko‘pchilik yurtdoshlarimizning doimiy muhokamasiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, "UzAuto Motors" ichki bozorlarga mashinalarni qimmat sotib, qo‘shni davlatlarga mashinalarni eksport qilganda narxlar ancha arzonligi aytiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi professor-iqtisodchisi To‘lqin Boboqulovning bu boradagi fikrlari quyidagicha.
– Mashinalarning narxi qimmatligi aholi daromadiga nisbatan aytiladi, – deydi To‘lqin Boboqulov. – Hech kimga sir emas, aholining daromad darajasi past. Masalaning ikki tomoni bor. "UzAuto Motors" tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar butlovchi qismining 70 foizi xorijdan valyutada olib kelinadi. So‘m xorijiy valyutaga nisbatan qadrsizlansa, "UzAuto Motors"ning xarajatlari tabiiy ravishda oshib boraveradi. Bu esa mashinalar narxining ko‘tarilishiga olib keladi.
Mashinalarning narxi asosli qo‘yilganmi, yo‘qmi? Buni aniqlash uchun Hukumat komissiyasi tuzib, tannarxning kalkulyatsiyasini tekshirsa bo‘ladi. Misol uchun, mashinaning butlovchi qismlari qanchaga olingan? Balki 1 dollarga olingan narsa 10 dollar qilib ko‘rsatilayotgandir? Bu yerda kimningdir manfaati bo‘lishi ham mumkin. Tannarxning kalkulyatsiyasini tekshirish orqali xulosa bersa bo‘ladi. "Mashinalarning narxi qimat" degan gap-so‘zlar busiz asossizdir.
– Ko‘pchilik "UzAuto Motors" avtomobillari qo‘shni davlatlarga mahalliy bozordan bir necha barobar arzon eksport qilinayotganini aytadi. Bu fikrlarga qanday munosabat bildirasiz?
– Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, davlat avtomobillar eksportiga moliyaviy imtiyozlar qo‘llagan. Masalan, soliq imtiyozlari berilgan.
Ikkinchisi, mashinalarni qaysi mamlakatga sotayotgan bo‘lsak, o‘sha mamlakatdagi boshqa xorijiy avtomobillarning narxi ham hisobga olinadi. Masalan, Rossiyaga bizdan tashqari o‘nlab kompaniyalar avtomobil eksport qiladi. O‘sha xorijiy kompaniyalarning mashinalari narxi o‘rganiladi. Agar bizning mashinalar ularnikidan qimmat bo‘lsa, dilerlarimiz avtomobillarimizni sota olmaydi. Albatta, rossiyalik iste’molchi arzonrog‘ini oladi. Mana shu ikki holatdan kelib chiqib narx belgilanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dKsYmqfk3Bo" title=""UzAuto Motors" avtomobillarining narxi nega qimmat? – Iqtisodchi izohi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Davron Ernazarov (video),
O‘zA