Uyushqoqlik — virusga qarshi eng samarali yoʻl
Ayniqsa,yurtimizda ham koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat qayd etilgach, bu boradagi gap-soʻzlar aholimiz orasida ancha koʻpaydi.
Soʻnggi kunlarda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishi dunyo hamjamiyati xususan keng jamoatchilikning asosiy mavzusi boʻlib qoldi. Ayniqsa,yurtimizda ham koronavirusga chalinish bilan bogʻliq ilk holat qayd etilgach, bu boradagi gap-soʻzlar aholimiz orasida ancha koʻpaydi.
Zero, koʻpgina mamlakatlarga tarqalgan virusning respublikamizda ham qayd etilishi ehtimoli bor edi. Shu bois joriy yilning 18-mart kuni Prezidentimiz tomonidan mahalla va oila masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham mazkur kasallikni ortiqcha talafotlarsiz oʻtkazish boʻyicha mutasaddi tashkilotlarga bajarilishi zarur boʻlgan topshiriqlar berdi. Yigʻilishda barcha taʼlim muassasalari karantinga olinganligi, shuningdek, profilaktik choralar kuchaytirilishi xususida soʻz yuritildi. Bu esa mamlakatimizda aholi salomatligini muhofazalash borasida qoʻyilgan yana bir muhim qadamdir.
Shuningdek, yigʻilishda bundan keyin ham kasallik profilaktikasi va uning keng tarqalmasligi uchun mutasaddi tashkilotlar barcha choralarni koʻrishi qayd etib oʻtildi.
Mazkur jarayonda yaʼni profilaktika ishlari hamda kasallikning keng tarqalishini oldini olish choralarini koʻrishda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi ham joylardagi fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faollari ham fidoyilik bilan ishtirok etmoqda. Ammo shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish zarurki, fuqarolarimizdan ham ushbu kasallikning chetlab oʻtishi uchun bir qator amallarni bajarishini soʻrab qolardim Eng avvalo, oʻz sogʻligʻingizga jiddiy munosabatda boʻlib, shaxsiy gigiyena qoidalariga muntazam amal qilishingiz, tegishli himoya vositalaridan foydalanish va boshqa zaruriy ehtiyot choralarini koʻrishingiz zarur. Yaqinlaringiz hamda doʻstlaringizni ham bu borada hushyorlikka chorlashingizni soʻraymiz.
Shuningdek ortiqcha vahimaga berilish faqat zarar keltiradi. Shu bois xotirjamlik va bosiqlik bilan ish tutishingizni soʻrab qolamiz.
Uyushqoqlik, xotirjamlik, insonparvarlik tamoyillarini unutmagan holda bir tan-u bir jon boʻlib kasallikka qarshi kurashsak albatta tez orada uning bartaraf etilishiga ishonchim komil. Bunga erishish yoʻlida esa, ham mutasaddilar ham keng jamoatchilik yelkasida katta masʼuliyat turganini unutmaylik.
Naima JABBAROVA,
Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Katta Qorasuv”
mahalla fuqarolar yigʻini raisi