Uyshinliklarning uzog‘i yaqin bo‘ldi (+video)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi olis va chekka hududlaridan biri – Uyshin mahallasi aholisi uzoq yillar davomida kutgan yangi oilaviy shifokorlik punktining ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q.
Ilgari uyshinliklar mahalladan 8-9 chaqirim uzoqlikda joylashgan Qipchoq shaharchasi hududidagi 1-Oilaviy poliklinika xizmatidan foydalanar edi. Ayniqsa, qishning izg‘irinli kunlari yoki yozning jazirama issig‘ida olis manzilga qatnash keksalar yoki yosh bolali oilalar uchun anchayin mushkul edi.
Ehtiyojni inobatga olgan holda, saxovatpesha tadbirkorning tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Uyshin mahallasi hududida yangi tibbiy punkt qurish loyihasi tasdiqlandi. E’tiborlisi, mazkur inshoot to‘liq tadbirkor homiyligida barpo etildi. Bu xususiy sektorning ijtimoiy sohadagi faol ishtirokining yorqin namunasidir.
[gallery-31564]
Ushbu zamonaviy tibbiy punktida bugungi kunda ikkita tibbiy brigada tashkil qilingan bo‘lib, jami 4 ming nafardan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Bu yerda aholining tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, sifatli muolaja olishi va davolanishi uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat, video), O‘zA