Uyning ziynati naqsh-nigoru ashyolarda emas…
Oila oʻz baxti va saodati, orzu havaslari, maqsad-muddaolarini mushtarak qilgan, oʻzini inson sifatida idrok etib, hayot nashidasini suradigan muqaddas makon.
Oila oʻz baxti va saodati, orzu havaslari, maqsad-muddaolarini mushtarak qilgan, oʻzini inson sifatida idrok etib, hayot nashidasini suradigan muqaddas makon. Uning jamiyat maʼnaviyatining shakllanishidagi ahamiyati ham buyuk boʻlib, u asosiy tarbiya oʻchoqlaridan ekanligi barchaga ayondir.
Muqaddas islom dinimizda bu maskanga katta eʼtibor beriladi. Oila insonning dunyoviy saodatini taʼminlovchi qoʻrgʻondir.Unda doimo tinchlik va totuvlik davom etishi uchun er va xotin oʻzlarining vazifa va burchlarini toʻliq ado etib borishlari lozim.
Erning xotini oldidagi ijtimoiy ham moliyaviy burchini Islom shariati oʻzining asosiy manbalari Qurʼoni karim va sunnati Nabaviydan olib, ushbu burchlarni mufassal bayon qilib bergan. Jumladan Alloh taolo Qurʼoni karimda: “...Ayollar bilan kelishib, tinch-totuv yashanglar...” (Niso,19), deb amr qilgan.
Darhaqiqat Islom dini ayollarga yaxshi munosabatda boʻlgan erkaklarni insonlarni eng yaxshilari qatoriga qoʻshadi. Bu haqda Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar: “Sizlarning ichingizdagi eng yaxshi erkak ahli ayoliga yaxshi munosabatda boʻlganidir. Men esa, ahlimga sizlardan koʻra yaxshiroq munosabatdaman”.
Albatta, inson zoti aybu nuqsondan holi emas. Shunday ekan, shariatimiz erkaklarni ayollari bilan murosayu madorada boʻlishga buyurib, oilani mustahkam boʻlishini koʻzlab ularga pandu nasihat qilishni tavsiya etadi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom: “Hech bir moʻmin hech qaysi moʻminani yomon koʻrmasin. Agar u xulq-atvoridan birini yoqtirmasa, boshqa xulqini yoqtirishi mumkin” - deganlar.
Islom dini erkaklarni oilaga boshchilik qilishdek sharafli oʻringa koʻtargan ekan, oʻz navbatida, ularga maʼlum masʼuliyatni ham yuklaydi. Rasululloh (s.a.v.) “Har birimizning zimmamizdagi xotinlarimizning haqlari nimalardan iborat?”- deb sahobalar soʻrashganida, “Oʻzingiz yeganingizdan yedirmoqligingiz, kiyganingizdan kiydirmoqligingiz, yuziga urmasligingiz, yomon soʻzlar bilan haqorat qilmasligingiz, urishib qolgan taqdiringizda ham (uydan bosh olib chiqib ketmasdan) gaplashmay yurishingiz mumkin”, - deb javob berdilar.
Erkak kishining eng katta burchi oilasini uy-joy, kiyim-kechak va oziq–ovqat bilan taʼminlashdir. U oʻz qaramogʻidagilarni oʻzgalarga qaram boʻlib qolishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. Paygʻambarimiz alayhissalom: “Kishi oʻz qaramogʻidagilarini nafaqasiz tashlab qoʻyishi, uning qattiq gunohkor boʻlishiga kifoya qiladi” - deb marhamat qilganlar.
Ayol kishining eng muhim vazifalaridan biri oʻz oilasi va farzandlari borasida masʼulligidir. Farzand koʻrish, unga tarbiya berish, ularga goʻzal odob-axloq namunalarini oʻrgatish, taʼlim olishga undash, ularni iymon-eʼtiqodli, qanoatli, oʻz yurtini va tinchlikni qadriga yetuvchi qilib tarbiyalash ayolning muhim vazifalaridandir. Uy yumushlari bilan shugʻullanish, xonadonni saranjom-sarishtali va pok-ozoda tutish, farzandlar tarbiyasi oiladagi ayol zimmasida boʻlsa, oilaning moddiy taʼminoti er kishining vazifasi, ammo moddiy taʼminot boʻyicha ayol eridan uning toqati yetmaydigan narsalarni talab qilishi mumkin emas.
Ulamolarimiz aytadilarki, erning topganiga qanoat qilmasdan, undan yana-da koʻproq narsa talab qilgan ayollar gunohkor boʻladilar.Xalqimizda qars ikki qoʻldan chiqadi, degan naql bor. Oʻz navbatida oilani mustahkam tutishda Alloh taolo ayollarning ham zimmasiga bir qancha vazifalarni yuklaydi. Bular xotinning eri oldidagi majburiyatlari hisoblanadi.
Islom taʼlimotida oilali ayolning zimmasiga qator vazifalar yuklatilishi bilan barobar, oilada u oʻz haq-huquqiga ham ega ekanligi aytilgan boʻlib, bu haqida Qurʼoni karimda: “...Ayollar uchun (belgilangan huquqlar) oʻz meʼyorida erkaklar (huquqi) bilan tengdir...” – deb bayon qilingan, (Baqara, 228).
Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning: “Ayollar erkaklarning ajralmas bir qismidirlar” – degan hadislariga binoan ayol kishi jamiyatning ajralmas bir boʻlagi ekan, u ijtimoiy hayotda oʻz mavqeiga ega boʻlib, ilm olishga, kasb-hunar qilishga haqlidir.
Hayotdagi eng goʻzal fazilat qanoatdir. Risoladagi xotin oʻzini bu fazilat bilan ziynatlamogʻi darkor. Turli hoyu havas, zeb-ziynat talab qilib, erni qiyin ahvolga solish yaxshi emas. Avvallari momolarimiz rizq-roʻz topish uchun joʻnab ketayotgan erlariga: «Harom kasb qilmang. Allohdan qoʻrqing. Biz ochlik-nochorlikka chidaymiz, lekin doʻzaxning azobiga chiday olmaymiz», der ekanlar.
Uyning sodda, saranjom-sarishta boʻlishi ham asosan xotin kishiga bogʻliq. Uyning ziynati naqsh-nigoru ashyolarda emas, balki sarishtaligu, totuvlik va mehr-muhabbatda ekanligini hech qachon unutmaslik kerak.
Xotin kishi oʻz erining vijdoniga aylanib, uni gunoh, yomon ishlardan qaytargani, savob - yaxshi ishlarga undab turganligi maʼqul. Bunday xotinlar Paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam: “Moʻmin banda Allohga boʻlgan iymondan soʻng erishgan eng yaxshi narsa soliha xotin boʻlib, unga qarasa xursand qiladi va Allohning amrini bajarishda yordam beradi”, deb maqtagan ayollar qatoriga kiradi. U oʻz eriga yengil paytida ham, ogʻir paytida ham yaqin kishi, dardkash, maslahatchi boʻladi. Uni sabr-chidamga daʼvat qiladi, tushkun kunlarida koʻnglini choʻktirmay doimo oldinga intilishga undaydi.
Eng avvalo, oilada sogʻlom maʼnaviy muhit, oila aʼzolarida oʻzaro hurmat-ehtirom ruhini yaratish, yuksak axloqiy va maʼnaviy qadriyatlarimizni saqlab qolish, yoshlarimiz ongiga sogʻlom turmush tarzini singdirish asosiy vazifamiz boʻlib qolishi lozim.

Alisher Naimov,
Fargʻona viloyati
bosh imom-xatibi oʻrinbosari