🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

Uygʻonish davri haqida nimalarni bilasiz?

Uygʻonish davri haqida nimalarni bilasiz?
Jamiyat
Tanlaş
14:50 / 25.07.2020

Tarix zarvaraqlariga nazar tashlasak, urushlar taraqqiyotgasalbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, oʻzaro savdo va madaniy aloqalar almashinuvi, ilm-fanga berilgan eʼtibor esa rivojlanishga katta hissa qoʻshgan.


Yoki Somoniylar davlati boshqaruvi va huquqiy tizimiga

bir nazar

Tarix zarvaraqlariga nazar tashlasak, urushlar taraqqiyotgasalbiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, oʻzaro savdo va madaniy aloqalar almashinuvi, ilm-fanga berilgan eʼtibor esa rivojlanishga katta hissa qoʻshgan.

Yurtimiz hududida qadimdan ilm-fanga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida nafaqat yurtimiz, balki butun insoniyat ilmiy taraqqiyotining yuksalishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan Uygʻonish davri madaniyati jarayoni yuzaga kelganini koʻrishimiz mumkin.

Markaziy Osiyo - Sharq renessansining asosiy markazi hisoblangan. Mintaqada dunyoviy ilmlarga intilish, madaniy boyliklardan foydalanishga boʻlgan ulkan qiziqish Sharq Uygʻonish davri madaniyatining asosiy belgilari sifatida namoyon boʻladi.

Bundan tashqari, diniy tasavvur va taʼlimotlar negizida diniy-axloqiy mavzuning ustunligi, inson hulqi, ichki maʼnaviy kamoloti, shaxs sifatida yuksalishi, komillik sari intilish yoʻllarining rivojlanishi kabi omillar ham Uygʻonish davri madaniyatining ajralmas qismidir.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, barcha davrlarda ham davlatchilik siyosatida madaniy muhitning rivojlanishiga katta eʼtibor qaratilishi bevosita har qanday mamlakatda ilm-fan rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlib kelgan. Xususan, aynan Sharq Uygʻonish madaniyatining paydo boʻlishi va rivojlanishida IX-X asrlarda Movaraunnahr va Xuroson hududlarida mavjud boʻlgan Somoniylar davlatining ahamiyati katta.

Tarixiy voqeliklar guvohlik beradiki, har qanday davlatda fan va madaniyatning taraqqiy etishi, oʻz navbatida, ushbu jamiyat hayotida ilm-fanning tutgan oʻrni va unga berilgan eʼtibor bilan belgilangan. Aynan Somoniylar davlati ham mazkur tarixiy xaqiqatdan istisno emas.

Biroq, shuni ham taʼkidlash joizki, qachonki davlat boshqaruvi mukammal, barqaror mexanizm asosida ishlasagina, ushbu davlat siyosatida ilm-fanga eʼtibor kuchayadi. Oʻrta asrlardayurtimiz hududida mavjud boʻlgan Somoniylar davlatiham oʻsha davr hayoti uchun mukammal boshqaruv tizimini yarata oldiki, buning natijasida bizning yurtimiz hududida ilm-fan sohasida misli koʻrilmagan yutuqlarga erishildi.

Somoniy hukmdorlar Movaraunnahr va Xurosonda mustaqil davlat tuzish uchun dastlabki oʻrindakuchli markazlashgan boshqaruv tizimi joriy etilishi zarurligini yaxshi tushungan. Bu, ayniqsa, maʼrifatparvar hukmdor Ismoil Somoniy hukmronligi yillarida dolzarb masalaga aylandi.

Shu boisdan ham aynan Ismoil Somoniy tomonidan boshqaruvda maʼmuriy islohot oʻtkazilib, unga binoan boshqaruv tizimining asosini Oliy hukmdor dargohi (saroy) va devonlar (vazirliklar) majmui tashkil etilishi belgilab qoʻyildi. Jumladan, dargohda asosan hukmdor va ayonlarning yashash joylari mavjud boʻlib, dargoh oʻsha davr uchun eng mukammal boʻlgan harbiy qoʻriqlov tizimi asosida qoʻriqlangan. Bosh Hojib va uning koʻl ostidagilar dargoh hamda boshqa qator muhim davlat idoralarining havfsizligini taʼminlashga masʼul boʻlgan.

Devon boshqaruvi oʻn yoʻnalishdan iborat boʻlib, poytaxt Buxoroda alohida binolarda joylashgan. Devon tarkibiga bosh vazir, moliya, davlat rasmiy hujjatlarini ishlab chiqish, soliqchilar, xat-xabarlar, saroy ish boshqaruvchisi, muxtasib(shahar va qishloqlarda, koʻcha va bozorlarda ijtimoiy tartibni himoya qilish, diniy marosimlarni amalga oshirishda chegaradan chiqmaslik kabi ishlarni bajaruvchilar xizmati); vaqflar, qozichilik ishlari devonlari kiritilgan.

Mazkur devonlarning mahalliy joylarda boʻlimlari mavjud boʻlib, markaziy hokimiyat bilan mahalliy hokimiyat tizimi oʻrtasida uzviy bogʻliqlikka alohida eʼtibor qaratilgan. Davlat ishlariga qabul qilishda davlat tilini mukammal bilish, zamona huquq meʼyorlaridan toʻliq xabardorlik, tarix, adabiyot ilmlarini oʻzlashtirganlik, hisob-kitob ishlarida bilimdonlik kabi bir qator talablar mezoni mavjud boʻlgan.

Yuqorida keltirib oʻtilgan maʼlumotlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, somoniylar davrida davlat boshqaruvi va harbiy siyosatning oʻz davri uchun murakkab va salohiyatli tizimi tashkil topgan. Shuningdek, davlatning umumiy yillik daromadi 45 million dirhamni tashkil etgani holda shundan 20 million dirhami davlat boshqaruvi va lashkarlarga sarflangan. Bu davlat boshqaruv tizimiga juda katta eʼtibor qaratilganidan darak beradi.

Somoniylar davlatida joriy etilgan bunday boshqaruv tizimidan keyinchalik Temuriylar hamda XVI asrdan Gʻarbiy Yevropa davlatlarining boshqaruv tizimining asoslarini yaratishda foydalanilib, yana-da isloh qilinishi ham uning oʻz zamonasi uchun mukammal tarzda yaratilgani dalilidir.

Somoniylar davlatida barcha sohalar kabi huquq tizimida ham mukammal mexanizm yaratilgan. Davlat hududining ulkanligi va unda turli hil xalqlar va qabilalar istiqomat qilganligi sababli undagi qonun-qoidalar ham bir-biridan qisman farq qilgan. Islom huquqshunosligi davlat xuquqiy tizimida asosiy oʻrinni egallasada, boshqa millat va elatlarning urf-odat va qonun-qoidalari ham butunlay yoʻqqa chiqarilmagan.

Islom huquqshunosligi huquq tizimining asosiy manbai boʻlganligi bois fuqarolik huquqi, jinoyat huquqi va sud ishlari shariatga muvofiq amalga oshirilgan. Jismoniy shaxslar fuqarolik munosabatlari subyekti sifatida koʻrsatilgan. Yuridik shaxslarning huquqiy pozitsiyasi oʻsha davr sharoitidan kelib chiqib alohida shaklda belgilanmagan boʻlsada, jismoniy shaxslarning toʻla huquq layoqatiga ega, toʻliq boʻlmagan huquq layoqatiga ega va huquq layoqatiga ega boʻlmagan kabi turlarga boʻlingan.

Shaxslarda huquq layoqati tugʻilishi bilan (meros masalalarida esa baʼzan tugʻilmasidan ham avval) yuzaga kelib, huquq layoqatiga ega boʻlishda shaxsning jinsi, tabaqasi, diniy eʼtiqodi va ayniqsa, mulkiy ahvoli muhim rol oʻynagan. Toʻliq darajadagi huquq va muomala layoqatiga mulkdor musulmon erkaklar, hukmron tabaqa vakillari ega boʻlgan. Inson vafoti yoki bedarak yoʻqolgani sababli uning huquq layoqati ham oʻz-oʻzidan tugatilgan. Yosh bolalar, 15 yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar, shuningdek, ruhiy xasta va aqli zaiflar muomala layoqatiga ega emas, deb hisoblangan.

Somoniylar davlatida sud ishlari shariat qonun-qoidalariga asoslangan holda qozikalon, qozilar, mufti va raislar tomonidan amalga oshirilgan. Ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga oʻlim jazosi yoki uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlangan. Viloyatlarda ogʻir jinoyat sodir etganlar qozikalon yoki amir hukmiga havola etilgan. Agarda jinoyatchi oʻlim jazosiga mahkum etilgan boʻlsa, bu jazoning ijrosidan aholi ibrat olishi uchun hukm ijrosi Buxoro Registonida amalga oshirilgan. Oʻgʻirlik qilgan jinoyatchilar esa muhtasib va uning mirshablari tomonidan ushlanib, shahar markazi yoki bozorlarda aholi guvohligida qoʻli chopib tashlangan. Agar jinoyatchining qilmishi yengil, deb topilsa, unga tan jazosi (kaltak, darra) yoki jarima solish bilan kifoyalanilgan.

Xulosa qilib aytganda, oʻzbek davlatchiligi tarixida Somoniylar davlati ilm-fan sohasida ulkan ilmiy yangiliklarga erishganligi hamda boshqaruv va huquqning mukammal tizimini oʻrnata olganligi bilan alohida oʻrin egallaydi.

Bakzod Abdullayev,

Yuristlar malakasini oshirish

markazi masʼul xodimi.