Uychi tumani mahallalari obod bo‘lmoqda
Namangan viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Sh. Abdurazzaqov Uychi tumanida bo‘lib, mahallalarga ajratilgan mablag‘lardan foydalanish holati va olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab 2-sektor hududidagi “Quvurboshi” mahallasi ko‘zdan kechirildi. Mahallada 3100 kishi istiqomat qiladi. Hududda jami 7 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Buning 4,400 metri mahalliy byudjet hisobidan, qolgani hashar yo‘li bilan amalga oshirildi. Natijada 250 ta xonadon, 44-maktab va mahalla aholisi to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. To‘rtta ko‘chada 6 kilometr yo‘lni shag‘allash ishlari yakunlandi. Aholi talab-istagidan kelib chiqib, bu yerda 310 million so‘m evaziga 3 kilometr elektr tarmog‘i yangilanmoqda, qo‘shimcha transformator qo‘yiladi.
Viloyat rahbari bir yilda tomorqadan 3-4 martagacha hosil olayotgan Rahmonberdi Mahkamov va Obiddin Otamirzayev xonadonlarida ham bo‘ldi va ularning tajribalari bilan tanishdi.
Keyingi manzil 4-sektor hududidagi “Oqtosh” mahallasining “Barakot” ko‘chasida to‘rtta ichki ko‘cha shag‘allanib, asfalt qilinadi. Hududga 400 metr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda. 190 million so‘m evaziga 1,5 kilometr elektr tarmog‘i ulanadi, yangi transformator o‘rnatiladi.
[gallery-926]
Bu yerda viloyat hokimi mahalla oqsoqollar kengashi a’zolari bilan suhbatlashdi.
3-sektor hududidagi “Umid” MFYda ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Salkam 4,5 ming aholi yashaydigan mazkur mahallaning Jayhun, Rayhon va Yog‘du ko‘chalarida 360 million so‘m mablag‘ evaziga 3 kilometr elektr tarmog‘i yangi quriladi, 2 dona transformator o‘rnatiladi. Ko‘chalarni shag‘allash ishlari ham jadal ketmoqda.
“Ziyokor” mahallasi esa 1-sektor hududida joylashgan bo‘lib, hududga 1,5 kilometr elektr tarmog‘ini tortish va yangi transformator o‘rnatish ishlari boshlangan.
Viloyat hokimi tumanga tashrifi davomida 1-, 2-sektorlar hududidagi 9-, 44-maktablarda ham bo‘ldi va u yerda issiqlik ta’minoti, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. 9-maktab faollar zalini ta’mirlash va konditsioner bilan ta’minlash, 44-maktabga sport zal qurish, yoshlar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Hotam MAMADALIEV (suratlari) O‘zA