Uychi tajribasi: barcha hududlarda o‘z samarasini bermoqda
Prezidentimiz 2024 yilning 25-26 mart kunlari Namanganga tashrifi chog‘ida viloyatning nisbatan og‘ir hududi – Uychi tumanini ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni namuna sifatida ko‘rsatib, uni ommalashtirish taklifini ilgari surgandi.
Uychi tumanida joriy yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, ishsizlik darajasi 6,9 foiz (6 ming 462 nafar) va kambag‘allik darajasi 10,4 foizni (5,3 ming ta oila) tashkil etib, 7 ming 433 nafar fuqaro mehnat migratsiyasida edi. Eng avvalo, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha shtab tashkil etilib, har bir mahallaga banklar va tashkilotlar biriktirildi. O‘tgan vaqt davomida 20 mingga yaqin ishsiz kishilarning bandligi ta’minlandi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlarining muammo va takliflarini hal etish, tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tomorqa va uy xo‘jaliklariga e’tibor qaratish o‘z samarasini berdi.


Jumladan, 125 ta ijara asosida berilgan 10 sotixli issiqxonada ko‘kat va rediska mahsulotlari, 12 ta 1-2 sotixli issiqxonada bodring va pomidor ko‘chatlari yetishtirishga, danakni qayta ishlash bo‘yicha 410 ta xonadon, 250 ta xonadon chorvachilikka ixtisoslashtirildi.


Danakni qayta ishlash orqali Ovchibuloq mahallasidagi “Abdulvohid Bilol Shamshiddin mehnat” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 110 ta xonadonda 220 nafar, Islomobod mahallasidagi “Asl umid Abror” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 100 ta xonadonda 400 nafar, Yorkatay mahallasidagi “Uychi nuts” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 100 ta xonadonda 200 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Bandlik va migratsiya masalalarini hal etish maqsadida tumanni ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha viloyat hokimi boshchiligida shtab tashkil etildi. Buning natijasida 6 ming 928 nafar shaxs o‘zini-o‘zi band qilishi ta’minlandi.

Tumandagi mavjud ish o‘rinlarida aholi bandligini ta’minlash uchun 15 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ularda 36 ta korxona 1 ming 601 ta ish o‘rni, mehnat sharoitlari va ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq ko‘rgazmali materiallari bilan ishtirok etdi. Yarmarkalar samarasida 405 kishiga tashkilotlarga yo‘llanmalar berilib, shundan 398 nafari bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Shuningdek, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolab, nodavlat ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan, “Ra'noxon Textil Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 297, “Solexa Samo” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 51, “Academy Senior It” mas’uliyati cheklangan jamiyatda 33 nafar fuqaro tikuvchilik, oshpaz-qandolatchilik, raqamli texnologiyalar, multimedia tizimlari texnigi kabi yo‘nalishlarda o‘qishga qabul qilindi.
Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlarimizga yurtimizda yaratilayotgan ish o‘rinlari, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar haqida to‘laqonli ma’lumotlar berildi. Yetarli daromadga ega bo‘lmagan fuqarolarga ularni qaytarish va daromadli ish o‘rinlarida bandligini ta’minlash bo‘yicha kafolat berildi. Natijada, 1 ming 477 fuqaro chet el davlatlaridan qaytarildi va bugungi kunda ulardan 1096 nafari mo‘may ish o‘rnini topdi.
– Mahsulotlarimizni sotishda yurtimizning barcha hududlarigacha qamrov bor. Hatto qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan katta qiziqish bildirilmoqda. Ishimizda mahsulotlarimizning sifatli bo‘lishiga ahamiyat qaratganmiz, – deydi tadbirkor Muhammadali Husanov. – O‘tgan yilning o‘zida 2,5 milliard so‘mga yaqin tovar aylanmasiga ega bo‘lib, 500 million so‘m sof daromad topdik. Ishchilarimizning daromadi ham shunga yarasha, ya’ni oylik maosh 7-8 million so‘mni tashkil etmoqda.
Darhaqiqat, tumanda 40 gektar maydonda tashkil etilgan beshta kichik sanoat zonalarida qiymati amalga oshirilgan 502 milliard so‘mlik 110 ta loyiha ishga tushishi natijasida uch mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. “Uychi tajribasi”ni ommalashtirishda viloyatdagi tijorat banklari ham salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ular tomonidan tomorqadan foydalanish va “Mijozbay” ishlash borasida sezilarli natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Aholi tomonidan auksion savdolar orqali sotib olingan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida tumanning Dehqonobod mahallasida 15 gektar maydonda shirin makka ekishi yo‘lga qo‘yilib, aholi tomonidan yetishtirilgan ushbu mahsulotni “Lider tadbirkor” sanalgan “Benazir Iqbol Mirzo” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan sotib olinishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida 75 fuqaro doimiy daromadga ega bo‘ldi.
“Milliy bank” tomonidan esa joriy yil boshidan buyon 322 kishiga 2,5 milliard so‘m, shundan, “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida 312 fuqaroga 1,5 milliard so‘m, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida 10 mijozga 970 million so‘m kredit ajratildi.
“Xalq banki” tomonidan yil boshidan buyon 619 kishiga 13,1 milliard so‘m, shundan, “Biznesga birinchi qadam” loyihasi asosida 32 fuqaroga 160 million so‘m, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida 15 mijozga 137 million so‘m kredit ajratildi.
– Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 17 iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Uychi tajribasi” o‘zini oqlaganligini e’tirof etilib, yangi sur’at bag‘ishlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi, – deydi Uychi tumani hokimining moliya - iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Farhod Mamadaliyev. – “Uychi tajribasi” o‘zgacha shaklda amaliyotga joriy qilinadi. Buning farqli va o‘ziga xos jihatlari shundaki, tadbirkorlar va biznes bilan shug‘ullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlanadi. Ya’ni, hokimlik yer, elektr, suv, yo‘l va boshqa infratuzilma masalasini, bank esa mablag‘ini hal qiladi. Bunda, hokimlik mutasaddilari tadbirkorlar bilan, banklar rahbarlari esa mijozlari bilan muntazam uchrashib, ularning biznesini kengaytirish uchun zarur choralarni ko‘radi.
Tumandagi mavjud kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 129,7 milliard so‘mlik 37 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 529 ta yangi ish o‘rni yuzaga keladi. Shundan, yoshlar sanoat zonalarida qiymati 37.9 milliard so‘mlik sakkizta loyiha ishga tushirish hisobiga 152 ta ish o‘rni yaratiladi.
Birgina “Inexo Plast” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 8,2 milliard so‘mga teng plastik profillar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ishga tushirish natijasida 31 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Oldinda keng ko‘lamli rejalashtirilgan ishlar turibdi. Ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Bularni barchasi yurt ravnaqi uchun, aholi turmush darajasini yuksaltirishga asoslangan sa’y-harakatlar bo‘lishiga ishonchimiz komil.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.