«Uychi parranda»da yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida «Uychi parranda» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan zamonaviy parrandachilikni rivojlantirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
121 gektar maydonda barpo etilgan loyiha tijorat bankining 50 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilgan. Korxonada Vengriyaning «Aviagen» kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli parranda intensiv texnologiyalar asosida parvarishlanmoqda.
Korxonada kuniga o‘rtacha 60 ming dona yuqori sifatli tuxum ishlab chiqarilib, inkubatsiya jarayoni orqali 50 ming bosh jo‘ja yetishtirish quvvati yaratilgan. Bu respublikada parrandachilikning naslchilik bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Go‘sht yetishtirish yo‘nalishida har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45–50 kun davomida parvarishlanadi. Har bir ishlab chiqarish siklida o‘rtacha 120 tonna parranda go‘shti tayyor mahsulot sifatida ishlab chiqarilmoqda.
[gallery-30378]
Loyiha ichki bozorni parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari bilan ta’minlash, import o‘rnini bosish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda korxona mahsulotlari Afg‘oniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda. Kelgusida Yevropa mamlakatlari bozoriga chiqish rejalashtirilgan.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA