Uy-joylar barpo etishda mahalliy devorbop materiallarning sifati oshmoqda
bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining asosi hisoblangan mahalliylashtirish dasturi asosida har qanday mahsulot yoki materiallarni yurtimizda ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish muhim hisoblanadi.
2000 yildan buyon dastur doirasida 2600 dan ziyod loyihalar amalga oshirildi. Mahalliylashtirilgan korxonalarda 5 ming turdan ortiq sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘rgandik, bu esa yiliga qiymati 7 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan chetdan olib kelinadigan import mahsulotning o‘rnini bosdi, deganidir.
Birgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan gazobeton bloklar ishlab chiqarish mamlakatimizda 7 baravar oshayapti.
Energiya tejaydigan qurilish materiallariga talab katta ekanligi bois “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi import o‘rnini bosadigan gazobeton bloklar ishlab chiqaradigan zavodni foydalanishga topshirgan edi. Qisqa muddatda ushbu korxonada oyiga 10-11 ming metr kub gazobeton mahsuloti tayyorlanib, qurilish maydonlariga yetkazilayapti.
Navoiy shahridagi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hududida xorijning yetakchi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 11 million dollarni tashkil etuvchi gazobeton va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali zamonaviy zavodda hozirda 300 ga yaqin mutaxassisning bandligi ta’minlangan.
Bundan tashqari, gazobloklar odatiy g‘ishtlarga qaraganda yengilroq, bu esa zarur poydevor ishlarining xarajatlarini kamaytirish va qurilish ishlari tezligini an’anaviy g‘isht qurilishiga nisbatan kamida 40 foizga oshirishga imkon beradi.
Mahalliylashtirish darajasini oshirish iqtisodiyotning yanada yaxshiroq va samarali rivojlanishini ta’minlaydi. Shu asnoda zamonaviy raqobatbardosh mahsulot tayyorlashga ulkan shart-sharoit yaratilmoqda.
Ulug‘bek Fayziyev,
Oliy Majlis Senati a’zosi, “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi.
O‘zA