Mamlakatimizda «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, kredit ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 6-bandiga asosan, kredit oluvchilar quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos bo‘lishi kerak.
Xususan, kredit olish uchun murojaat qilgan kunida 18 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlarning alohida toifalariga mansub O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi zarur.
Shuningdek, «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarning yangi turmush qurganlari (nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan bo‘lishi lozim).
Qolaversa, daromad manbalariga, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan doimiy daromadga, shuningdek, kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni va asosiy qarzni to‘lov jadvaliga muvofiq har oyda to‘lash uchun yetarli bo‘lgan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa daromad manbaiga ega bo‘lishi lozim.
Qarz yuki ko‘rsatkichi qarz oluvchining barcha kreditlari va mikroqarzlari bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlarining ushbu qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning tasdiqlangan o‘rtacha oylik daromadlarining 70 foizdan yuqori bo‘lmasligi, yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha uy-joy qurish ishlari qiymatining kamida 15 foizi miqdorida boshlang‘ich badalni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Kredit ajratishni ko‘rib chiqish vaqtida qarz oluvchining kredit tashkilotlaridan avval olingan kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi, ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka kreditlaridan va ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalardan foydalangan holda kvartira yoki yakka tartibdagi uy-joy hamda uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha boshqa yordam olmagan bo‘lishi kerak.
Yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga umrbod egalik qilishi yoki mulk huquqi va belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga ega bo‘lishi talab etiladi.
E’tiborli jihati shundaki, yuqoridagi nizomning 17-bandiga asosan, yakka tartibdagi qo‘shimcha uy-joyni qurish ishlari uchun Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan yoshlarning alohida toifalariga kreditlar banklar tomonidan quyidagi shartlar asosida ajratiladi.
Bozor stavkasida mijoz xohishiga ko‘ra 6 oy imtiyozli davr bilan 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga, boshlang‘ich badali yakka tartibdagi xonadonda qo‘shimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bir qarz oluvchiga kreditlar 33 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda beriladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, ariza uzog‘i 3 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Arizangizni ko‘rib chiqish natijasida hujjatlar to‘liq taqdim etilgan va unda kamchiliklar yoki yolg‘on ma’lumotlar aniqlanmagan taqdirda, uy-joy ta’mirlash yoki qurish uchun bank 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA