Uy-joy qurilishi uchun yerlar kamayishi bozorga qanday ta’sir qiladi?
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy qurilishi uchun auksion orqali sotilgan yer maydonlari sezilarli darajada kamaygan. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun sotilgan yerlar 49,9 gektardan 27,6 gektargacha qisqargan. Ko‘p qavatli uy-joylar uchun ajratilgan yer maydonlari esa 48,3 gektardan 14,1 gektargacha tushgan. Shu bilan birga, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uylar uchun yerlar 17,2 gektardan 4 gektargacha kamaygan.
Hududlar kesimida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun sotilgan yer maydonlarining asosiy qismi Xorazm (5,1 ga), Surxondaryo (2,6 ga), Namangan (2,6 ga) va Sirdaryo (1,5 ga) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun yer savdosi ayrim hududlarda yuqori ulushni saqlab qolmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha bu turdagi yerlarning 66,6 foizi Qoraqalpog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, vertikal urbanizatsiya kuchaygan hududlarda yer narxi yuqori shakllangan. Masalan, Namanganda ko‘p qavatli uylar uchun 1 kvadrat metr yerning o‘rtacha narxi 720 ming so‘m, Farg‘onada esa 684 ming so‘mni tashkil etgan. Jizzax va Qoraqalpog‘istonda esa bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yer maydonlari hajmidagi o‘zgarishlar uy-joy bozoridagi umumiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yer taklifining qisqarishi qurilish sur’atiga ta’sir qilib, vaqt o‘tishi bilan bozordagi narxlar dinamikasida aks etishi ehtimoli bor.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA