| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Uy-joy bozori: narxlar va savdo hajmi oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oktyabr oyidagi O‘zbekiston uy-joy bozori dinamikasi bo‘yicha yangilangan tahlilni taqdim etdi.
Unga ko‘ra, oy davomida uy-joy oldi-sotdi bitimlari 12 foizga oshib, 27,1 mingtani tashkil etdi. Bu 2023 yilning avgustidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Oktyabr oyida uy-joy bozoridagi faollik o‘sishi respublikaning barcha hududlarida qayd etildi. Eng katta oylik o‘sish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, bu hududlarda uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rtacha 26 foizga ko‘paydi. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa o‘sish mo‘’tadil bo‘lib, mos ravishda taxminan 2 foiz va 4 foizni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Oktyabr oyida poytaxtda savdo hajmi oylik hisobda 5,3 foizga, yillik hisobda esa 32 foizga oshdi. Oktyabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasi biroz tezlashdi.
Bir oy ichida 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 2,4 foizga oshdi, sentyabrda bu ko‘rsatkich 0,6 foiz bo‘lgan edi. O‘tgan yilning oktyabriga nisbatan hisoblaganda, ikkilamchi bozorda o‘rtacha narx 1 kv. metr uchun 7,4 foizga o‘sgan.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qayd etildi, bu hududlarda uy-joy narxlari taxminan 20 foizga oshdi.
Oktyabr oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar deyarli o‘zgarmasdan qoldi, o‘rtacha o‘sish 0,7 foiz atrofida bo‘ldi. Yillik hisobda, o‘tgan yil oktyabr oyiga nisbatan, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari 1 foizga pasaygan. Eng sezilarli tushish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida qayd etilgan. Bu yerda o‘rtacha narxlar taxminan 5 foizga arzonlashgan.
Poytaxtning birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar o‘sishi kuzatilmoqda. Oktyabr oyida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narx yillik hisobda 2,1 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan bo‘lib, bu hududlarda narxlar o‘rtacha 5,5 foizga o‘sgan. Oktyabr oyida Toshkentda o‘rtacha ijara stavkalari o‘tgan oy darajasida qolib, 1 kv. metr uchun 8,5 dollarni tashkil etdi. Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy hududlari Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida saqlanmoqda. Bu hududlarda 1 kv. metr uchun o‘rtacha ijara haqi taxminan 10,2 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning oktyabriga nisbatan Toshkentda uy-joy ijara narxlari 1,6 foizga oshgan.
Eng katta o‘sish Bektemir, Yashnobod va Sergeli tumanlarida qayd etilgan: ijara narxlari o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA
Muallif: mohigulqosimova




