Uy bizniki, koʻcha kimniki?
Avval quvonch... Yana quvonchmi, deyapsizmi? Bir gal yozganlarimni oʻqigan hamkasb singlim:
Avval quvonch... Yana quvonchmi, deyapsizmi? Bir gal yozganlarimni oʻqigan hamkasb singlim:
– Qutlibeka opa, doim maqolalaringizni ijobiy ruh bilan boshlaysiz. Bu ihotami yo... – deb soʻrab qoldi. Javob berganday boʻldim-ku, ammo oʻylab koʻrsam, bu savol faqat uning dilidan oʻtmagan boʻlsa kerak... Shuning uchun asosiy mavzuga oʻtmasdan bir ogʻiz shu fikr atrofida soʻzlagim keldi.
Men yaqin Abdulla Qodiriy hazratlarining tergov jarayonlari aks etgan “Qatlnoma” asarini qayta oʻqidim. Xalqini, millatini sevgani uchun oʻlimga hukm etilgan, zamonlarning qora koʻlankasi, iztirob, ogʻriqlarini yashadim. Sevgi uchun qatl buyurgan zamonlar, jon qoʻrquvi uchun xoinlar yaratgan zamonlarda ham bizning xalqimiz yashagan. Shu kunlarda Ikkinchi Jahon urushi tez-tez tilga olinmoqda. Alpday oʻgʻlonini urushga joʻnatib, sovuq diydorini ham koʻra olmagan, quchib yigʻlay desa, bagʻridagi hijron oʻtini soʻldiray, sovutay desa qabrini ham topa olmagan hijronzada onalar ham bizning xalqimizga tegishli edi. Ular yashagan zamon tarix deyilsa-da, hali bu tarixni yillar changi bosgani yoʻq. Yoki olti million tonna paxta beramiz, deb xomilador ayollaru, soqoli koʻksiga tushgan chollar ham qor bosgan dalalarda etak osib izgʻib yurgan paytlardan ham unutadigan darajada uzoqlashib ketmadik. Agar shularga (boshqa davrlarning ham ezishlarning jarohatlari hali yoshi katta avlodlarning yuraklari tubida ekani bor gap) qiyoslasak, bugungi zamonni “zamonlar sultoni” deb baholasak, xalqona aytganda, kaftidan suv oʻgirib ichsak arziydi.
Mana bugun... Dunyo ahliga “tojdor virus” degan bir ofat yopirilganda, aholimizning hayotini asrash uchun uyda oʻtqazib qoʻygan boʻlsa... Dasturxonimizdagi osh-nonlargacha qaygʻurayotgan boʻlsa... Har lahza, har onda inson ekanligimiz, qadrlanayotganimizni his qilib tursak... Quvonchga sabab boʻlmaydimi shu omillar?! Bilim olishdan, yaratish, ijodkorlikdan yoʻlimiz toʻsilmagan boʻlsa...
Ammo biz – qadrga loyiq koʻrilganlar oʻzimizni shunga munosib tutyapmizmi? Men aslida bugun shu savolga javob bermoqchiman. Aslida aytadiganim oʻta oddiy va koʻp aytilgan gap. Lekin aynan bugunning talabi boʻlgach va bu talabga loqaydlikni sezgach, yana yozgim keldi. Saharda havo olish uchun niqobimni taqib koʻchaga chiqdim. Oʻylagan edimki, hamma yoq toza... Chunki necha kundan buyon tashqarini ochiq derazadan kuzatyotgan edim. Ammo, ne koʻz bilan koʻrayki, hovli oʻsha-oʻsha edi... Har qadamda turli shirinliklar oʻrovlari... Turli salqin ichimliklardan boʻshagan yelim idishlar... Bir tarafi yirtilib (kechasi it-mushuklar titgan) ahlati sochilib yotgan yelim xaltalar... Hatto, bundan ikki hafta avval hovlimizda hashar boʻlganida yoʻl yoqasiga toʻplangan hazonlaru shoh-shabbalar ham yerosti hashoratlariga uya boʻlib uyulib turibdi. Ustini esa yana oʻsha axlat qutisiga borishga eringanlar uylaridan chiqqan chiqindilar bilan “bezab” qoʻyishibdi. Umrida suv koʻrmagan ariqlarning ichi ham axlatzor... Demak, odamlar koʻchaga chiqayotgan ekan-da... Hatto, yoʻlak oldiga qoʻyilgan oʻrindiqlar ostida oddatdagiday pista poʻchoqlari sochilib yotibdi... Yoʻq, mening gapim odamlarning koʻchaga chiqishi haqida emas... Ozodalik, tozalik havo suvday zarur paytda (zotan, tozalikning kerak boʻlmagan payti yoʻgʻ-u) odamlarning beparvoligi... Yana bolalariga:
– Koʻcha ham bizniki, chips yeb, oʻrovini koʻchaga tashlama, uning qogʻozi chirindiga qoʻshilib ketmaydi, uzoq vaqt sasib-bijib yotadi! – deb uqdirmagani!
Bir yoqda qancha-qancha mablagʻlar sarflanib, havoni tozaligi uchun dezinfeksiya qilinsa-yu, ikkinchi yoqda oziq-ovqat chiqindilarini koʻchaga toʻplab oʻtirsak... Tuppa-tuzuk oilalarning bolalari derazalardan pastga poʻchoqlarini otishadi, hatto, uyini changyutgich bilan tozalab, xaltasini koʻchaga qoqishadi. Bugun... Hatto, bugun ham shu holatning davom etayotgani, bizni “bizniki” deya jonimizni qadrlab turishgan paytda ham, biz koʻchalarimizni “bizniki” deya olmayotganimiz, bu egalik tuygʻusiga yeta olmayotganimiz menga bir nonkoʻrlik, nodonlikdek tuyuladi. “Loqaydlik, beparvolik”, deganlari yumshoq bahonaga oʻxshayapti.
Har kimning yashagan joyi oʻziga oʻxshaydi. Har kim yashagan joyining bir qismi. Nahot biz shunday bebaho, beqiyos Vatanning koʻrimsiz qismi boʻlib yashashga rozi boʻlsak?!
Qutlibeka Rahimboyeva