Ustuvor vazifalar yoshlar kamoloti uchun
Buxoro innovatsion tibbiyot institutida davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari, mahalla “beshligi” vakillari, shuningdek ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.


Yoshlar masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida hamisha diqqat-e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Ayniqsa so‘nggi yillarda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, hayotda munosib o‘rin topishi yo‘lida tizimli islohotlar amalga oshirildi. Kelajagimiz vorislarining taqdiri uchun katta investitsiyalar yo‘naltirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida “Yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, keng jamoatchilikning, butun jamiyatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi”, – deb alohida ta’kidladi. Endilikda “Yangi O‘zbekiston yoshlari” dasturi ishlab chiqilib, unda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta’minlash, axborot texnologiyalari, xorijiy til, zamonaviy kasblarga o‘qitish, sportga jalb qilish va boshqa masalalar nazarda tutilishi qayd etildi.

Yuqoridagi ustuvor vazifalar barcha oliy o‘quv muassasalari qatori, institutimiz professor-o‘qituvchilari zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yukladi. Buning uchun yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularni yangi marra va yutuqlar sari yetaklash, jamiyatimiz uchun yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, bir so‘z bilan aytganda, yosh avlodning ilmu ma’rifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Davra suhbati bu boradagi muhim yo‘nalishlarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, taraqqiyot sifatli ta’limdan boshlanadi.
Tolib Odinayev,
Buxoro innovatsion tibbiyot
institutining yoshlar va tashkiliy
ishlar bo‘yicha prorektori
O‘zA