Ustuvor vazifalar ijrosi samaradorlikni ta’minlaydi
Davlatimiz rahbari huzurida joriy yil 7-aprel kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini hududlarda samarali tashkil etish, sohada korrupsiyaga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash, elektron boshqaruv tizimining imkoniyatlari va ommaviy sport tadbirlarini raqamli boshqarish masalasi bugungi globallashayotgan davrning ustuvor vazifalari hisoblanadi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da sport maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarda shu haqda so‘z bordi.
Sohaning yetakchi mutaxassislari, ekspertlar, tegishli tashkilot vakillari mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ta’lim muassasasi mutasaddilariga rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi shaxsiy mas’uliyati, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xizmat faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, belgilangan ustuvor vazifalarni hududlarda tizimli tashkil etish yuzasidan tushuntirishlar berdi.

Shuningdek, sport maktablari uchun belgilab berilgan asosiy ko‘rsatkichlarga erishish, aholini ommaviy sportga jalb etish, raqamli texnologiyalar va professional sportchi tayyorlash tizimini takomillashtirish orqali muassasalar faoliyatida samaradorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash mezonlari tahlil qilindi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA