Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ustuvor vazifa: kimyo mahsulotlari eksporti hajmi 720 million dollarga yetkaziladi

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida respublikadagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ul vazirlik va idoralar, “O‘zkimyosanoat” AJ rahbarlari ham qatnashib, sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan ochiq va amaliy muloqot tashkil etildi.

Uchrashuvda kimyo sanoatidagi mavjud muammolar, ishlab chiqarish jarayonlarida tadbirkorlarni qiynab kelayotgan masalalar hamda ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tgani tadbirkorlarga o‘z fikr va tashabbuslarini erkin bildirish imkonini berdi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda kimyo mahsulotlari eksporti hajmini 720 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Shu bois, tarmoq oldida ulkan vazifalar turibdi. Qishloq xo‘jaligi uchun zarur mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsad qilingan. Xususan, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha ishlar boshlangan. 

Shu ustuvor vazifalarga asosan tadbirda kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish va muammoli masalalarni tezkor hal qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar tomonidan tarmoqda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish yuzasidan qator takliflar bildirildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar sohani yanada rivojlantirish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA