Ustozlarga ehtirom
Andijon shahridagi "Shodlik” tantanalar saroyida "Ustozlarga ehtirom!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda Andijon davlat universiteti jamoasining professor-o‘qituvchilari, ishchi va xizmatchilari, faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida universitet rektori, professor Baxtiyorjon Akbaraliyev so‘z olib, ustozlarni bayram bilan muborakbod etdi, universitet ilmiy salohiyatini yuksaltirish, reytingini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan hamda uzoq yillar davomida samarali faoliyat yuritib kelayotgan ustozlarning mehnatlarini e’tirof etib, ularga minnatdorlik bildirdi.


Tadbirda ustozlarning ibratli hayot yo‘li, samarali faoliyati hamda malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi beqiyos o‘rni haqida samimiy so‘zlar aytildi.
Bir guruh ustozlarga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari, shuningdek, viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, universitet rektorining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.



Fayzli dasturxon atrofida, yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan bayram tadbirining badiiy dasturi ishtirokchilarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.

Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri