Samarqandda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi.
– Har birimiz qo‘limizga qalam tutqazib, ilk saboq bergan tarbiyachi va muallimlarimizdan tortib oliy ta’limda kasb, mutaxassislik o‘rgatgan professor-o‘qituvchilar, hayotda o‘z yo‘limizni topishimiz uchun qimmatli maslahatlarini ayamagan ustozlarimizdan minnatdormiz, doim ular oldida qarzdormiz, – dedi E.Turdimov. – Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimiz ta’lim sohasini isloh qilish jarayonida soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rnini oshirish, ularning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘qituvchi va murabbiylar qadr topgan yurtda ta’lim-tarbiya sifati yuqori bo‘ladi, maktabning, ta’lim dargohlarining nufuzi oshadi va, eng muhimi, yuksak intellektual salohiyatli yosh avlod kamol topadi. Bugun yurtimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylandi. Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi, degan hayotbaxsh g‘oya barcha sa’y-harakatlarimizning asosi bo‘lmoqda.
[gallery-19535]
Tadbirda bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan samarqandlik o‘qituvchi va murabbiylarga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
– Oltmish yildan buyon sport sohasida mehnat qilib kam bo‘lmadim, – deydi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali professori, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Hamroqul Rofiyev. – Viloyatimizda sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlashga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdim va hozir ham yoshlarga o‘z hayot tajribalarimni o‘rgatib kelyapman. Muhimi, sportga oshno bo‘lganim tufayli bugun – 85 yoshimda ham o‘zimni bardam va tetik his qilaman. Ustozlar bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilganim, yuksak davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganim esa menga yangi kuch-shijoat bag‘ishladi.
Marosimda samarqandlik ta’lim tizimi ilg‘orlaridan yana bir guruhiga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tashakkurnomasi hamda viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari