Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglab ko‘ngildan kechgan o‘ylar.
Assalomu alaykum, muhtaram ustoz! Bugun amaldagi taomilga zid ravishda sizga qog‘ozda maktub yozishga undagan, jur’at bergan omil bu –Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida yangragan “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, “...Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim” degan tom ma’nodagi olijanob fikrlar bo‘ldi.
Bundan oldinroq – sentyabrning so‘nggi sanasida O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan tashkil etilgan tantanalarda davlatimiz rahbarining soha vakillari bilan qilgan muloqoti, shuningdek, 30 oktyabr kuni mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazgan yig‘ilishida ham ko‘ngilni tog‘dek ko‘taradigan fikrlar aytilgan edi. Axir biz uzoq yillar davomida tabrikni boshqa birov qiroat bilan o‘qib berishiga ko‘nikib qolgan, ilm-fan rivoji haqida gapirganda esa, “bobolarimiz undoq”, “buyuk ajdodlarning vorisimiz” deyishu, yoppasiga o‘rnidan turib chapak chalishni odat qilgan edik-da. Bu gal bari boshqacha bo‘ldi. Aslida bunday ochiq-oydin gaplar aytila boshlanganiga to‘rt yilcha bo‘lib qoldi...
Avvalo, siz bizni o‘qitgan yillarda ustoz – muallimning mavqei baland, qishloqning oldi kishilaridan sanalardi. Ota-onalar ham farzandlariga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozga katta hurmat-ehtirom ko‘rsatar, “muallim”, “domla” deb alqashardi. O‘quvchilar orasida esa kelajakda o‘qituvchi-muallim bo‘lishni orzu qiladiganlar ko‘p edi. Shunday ruhda maktabni bitirganimga behisob shukrlar qilaman.
Keyinchalik hammasi o‘zgarib ketdi, ota-onalar o‘qituvchiga bepisand qaray boshladi. Dars qilmagani uchun bolasini qattiqroq koyigan yo tanbeh bergan muallimga nisbatan yovqarash qiladiganlar, hatto do‘q-po‘pisa bilan maktabga, uyiga borib haqoratlaydiganlar toifasi paydo bo‘ldi. Bunday munosabatni ko‘rgan o‘quvchilarning o‘zi esa ustozni shunchaki tanishi yoki oddiy tengdoshiday ko‘rishga odatlandi. O‘qituvchining yonida chekish, ichish, beodoblik qilish asta-sekin oddiy holga aylandi. Ustozga hurmatsizlik uyat sanalmaydigan bo‘ldi.
Biz maktabda “Kim bo‘lsam ekan?”, “Men tanlagan kasb”, “Mening orzuim” mavzularida yozgan insholar ham o‘zgardi. O‘qituvchi bo‘lishni orzu qiladigan yoshlar qolmadi hisob.
Esingizdami, ko‘p yillar avval bir yig‘inda yonma-yon o‘tirib qoldik. Nazarimda, siz o‘zingizni ancha oldirib qo‘ygan edingiz. Ilgarigi g‘ayrat, jo‘shqinlik va hayot zavqidan hech narsa qolmagandi. Orada uzoq muddat uchrashmaganimizga yo‘ydim men buni. Negadir nuqul ko‘zingizni mendan olib qochishga urinardingiz. Ehtimol, bu siz yaxshi ko‘rgan va kelajakda o‘zingiz aytmoqchi “odam bo‘ladigan” shogirdlaringizdan biri bo‘lganim uchundir. Xullas, gapimiz qovushmadi.
Bir payt sinfdoshim Avaz “Malim, sigaretdan oling”, dedi sizga qarab. Men uchun sira kutilmaganda siz ham “qolmadi” dedingiz e’tiborsizgina. O‘sha payt ichimdan o‘tganlarini o‘zim va Yaratgan egam biladi, xolos. Nafasim ichimga tushib ketdi, “Nahotki? Bu nimasi? Qanday qilib?” degan savollar boshimda g‘ujg‘on o‘ynar, bir sizga, bir Avazga qarardim. Lekin na sizda va na davradagilarning birortasida hech qanday o‘zgarish sezmadim. Bildimki, bu odatga aylangan, allaqachon shunga ko‘nikib bo‘lingan. Bunisi ham mayli, bir pas o‘tib siz tomoningizdan qilingan harakat meni butkul karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Nuqul “ikki” baho oladigan sinfdoshimiz Mamadalidan nosvoy so‘radingiz, u esa qadah tutgan o‘ng qo‘lini baland ko‘tarib, “kissamda, o‘zingiz oling”, dedi g‘udranib. Lekin “Nega bugun kam ichyapsiz malim, shashtingiz yo‘q, tinchlikmi?” degan gaplari jaranglab chiqdi...
Xullas, ko‘p yillar davomida o‘qituvchining mavqei tushsa tushdiki, aslo o‘nglanmadi. Ustoz-muallimlik kasbiga istehzoli qarashlar ko‘paydi. Ayniqsa, maktab o‘qituvchisi hamma ishni qildi – ko‘cha supurdi, gul ekdi, yantoq chopdi, binoni ta’mirladi... Ko‘plari chidolmay kasbini o‘zgartirdi. Ayniqsa, erkak o‘qituvchilar aksari o‘zini bozorga urdi. Ahvol shu darajaga yetdiki, o‘qituvchi jamiyatdan ongli ravishda chetlatildi. Hududni obodonlashtirishdan tortib, jinoyatchilikning oldini olishu paxta, g‘alla, pilla planigacha “javobgar” bo‘lgan o‘qituvchining sha’ni, obro‘si haqida hech kim qayg‘urmadi, bu haqda o‘ylamadi ham. Vaholanki, ahvolni hamma bilardi, lekin parvo qilmasdi, parvo qiladiganlarning ham dami ichida edi. Mabodo, bitta-yarim shundayi uchrab qolsa, eng kami unga hech kim e’tibor qilmas, juda “o‘ziga kelavermasa” turli vositalar ishga solinar, hatto yot g‘oyalar “targ‘ibotchisi”ga chiqib qolishi ham hech gap emas edi.
Vaqt – davo, deganlari rost. Bu masalada ham shunday bo‘ldi. 2017 yil mamlakatimizda ustozga munosabat butkul o‘zgargan yil sifatida tarixga kirdi. O‘qituvchi kasbini ulug‘lash, ustoz-muallimning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish, uni tom ma’noda jamiyatning ilg‘or qatlami darajasiga ko‘tarish borasida boshlangan ishlar ko‘ngilga yorug‘lik-nur, iliqlik bag‘ishladi. Bu faqat sizning hamkasblaringiz emas, butun jamiyatning kayfiyatiga yaxshi ma’noda ta’sir qildi, odamday yashashga ilhomlantirdi. Ertangi kunga, kelajakka ishonchni oshirdi. Bir so‘z bilan aytganda, ziyoli tom ma’noda ziyo taratuvchiga aylanayotir.
Bu vaqt oralig‘ida faqat shu sohaga oid bir nechta farmon va qaror qabul qilindi. Tizimni tubdan yangilash, uni zamon talablariga moslashtirish, eng muhimi, ustoz-muallimning ijtimoiy mavqeini ko‘tarish, bu sharafli kasbni ulug‘lash borasida ilgari misli ko‘rilmagan ishlar boshlandi.
Ayniqsa, Prezidentimiz umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab 2017 yilda o‘tkazilgan yig‘ilishda yurtimizda o‘qituvchilarga e’tibor susayib ketgani, o‘qituvchining qadri qolmagani haqida afsus bilan gapirgani avvaliga ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Axir davlat rahbari qatnashgan katta anjumanda bunday holat birinchi marta kuzatilayotgan, qolaversa, bu o‘ta “beodoblik” sanalar edi-da. Har tugul o‘shanda men esimni taniganimdan buyon o‘qituvchining haqiqiy ahvoli, ijtimoiy mavqei haqida yuksak minbardan turib ilk bor ro‘y-rost gapirildi, kamchiliklar tan olindi. O‘shandan buyon ham uch marta qovun pishdi. Bu orada yig‘ilishda aytilgan gaplar avvallari bo‘lgani kabi qog‘ozda qolmadi, amalda o‘z ifodasini topmoqda, izchil, bosqichma-bosqich bajarilmoqda.
2020 yil 30 sentyabr kuni davlatimiz rahbari sizlarning bayramingizga bag‘ishlangan tantanada bu haqda yana bir bir bor to‘xtalib, ayrim hollarda hali-hanuz davom etayotgan muammolar va ularning yechimi xususida yanada ochiq gapirdi: “Yashirib nima qildik, ko‘p yillar davomida o‘qituvchiga e’tibor borasida so‘zimiz boshqa, ishimiz boshqa bo‘lib keldi. Oqibatda soha xodimlari go‘yoki keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Maktab o‘qituvchilarining asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz otdi. Yanayam ochiqroq aytsak, muallimlarning “xo‘jayini” ko‘payib ketdi. Bunday nojo‘ya ishlar nafaqat ta’lim sifatiga, balki soha xodimlarining o‘z kasbiga bo‘lgan munosabatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi”.
Murojaatnomani tinglayapmanu ko‘p yillar oldin siz bilan bo‘lgan bir voqea esimga tushdi. Yozning ilk kunlari edi o‘shanda. Tong saharlab negadir o‘ta tushkun kayfiyatda Toshkentga – uyimga keldingiz. Birdan so‘rash o‘zimga ham noqulay bo‘ldi, choy-poydan so‘ng o‘zingiz “yorildingiz”: “Bo‘ldi, maktabdan ketaman. Men ham bozorga chiqaman”. Yuzimdagi hayronlik ifodasini ko‘rib, davom etdingiz: “Bilasan, kichkina qizim shu yerda o‘qiydi. Qishdan buyon borgani yo‘q, sog‘indim. Buning ustiga onasi ham qo‘ymadi. Bekatga taksidan tushishimni bilaman, poylab turishgan ekanmi, hayronman, ikki militsiya xodimi pasportimni so‘radi. Ko‘rsatdim. Propiskasiz mumkin emas, deb olib qo‘yishdi, o‘zimni olib ketmoqchi bo‘lishdi. Har qancha tushuntirishga urinmay, bo‘lmadi. Shuncha pul bering, ketaverasiz, deyishdi. Menda uncha pul qayoqda deysan. Cho‘ntagimdagini qizimga deb olib kelyapman-ku. Xullas, aytganining yarmini olishdi. Qizimning rizqini-ya? Alam qildi, pulim ko‘proq bo‘lgandayam mayli edi”.
Sezdim, siz bola-chaqangiz bilan necha oy ter to‘kib topgan piyozning pulini olishibdi. Yangam ham yaxshi niyatda bir so‘mini kamaytirmay qo‘lingizga tutqazgan va Maqsudaga (qizingiz) berishni qattiq tayinlagan. Sizga shunisi alam qilyapti.
Qo‘limdan hech narsa kelmasligini bilsam-da, sizni majburlab turg‘izib, o‘sha paytlar ROVD deb ataladigan idoraga jo‘nadik. Hech kim dodimizni eshitmadi, aksincha, “Aqllaring joyidami? O‘zlaringni ham tiqib qo‘ymasdan ketsalaring-chi”, degan achinish ifodasi zuhr etardi ayrimlarining yuzida. Noiloj uyga qaytdik. Sizga qarab men ezilaman, siz esa mendan xijolat bo‘lasiz...
Endi bari boshqacha bo‘lib bormoqda. Birovning cho‘ntagiga qarash odobsizlik ekanini bilganim holda, hozir maoshingiz qancha bo‘lgani haqida so‘z yuritmoqchi emasman. Halol mehnatingiz ortidan topayotganingiz o‘zingizga buyursin, yaxshi kunlaringizga ishlating. Lekin ko‘p yillar davomida topganingiz bolalaringizning non-oshiga ham yetmagani bor gap.
“O‘sha voqeani hech unutolmayman, – dedingiz qishloqdagi uchrashuvimizda. – Ichkilik, nos, sigaret deganlarining barini o‘sha kuniyoq tashlaganman, og‘zimga olmayman, U kunlarni eslagim kelmaydi. O‘zing o‘yla, men oliy ma’lumotliman, axir. Ota-onam-chi, meni hozir chet el hisoblanadigan uzoq yurtda o‘qitguncha qancha mashaqqat chekishgan. 5 yil musofirchilikda o‘qiganman. O‘qituvchilikni boshlaganimdan keyin 6-7 yil o‘tib, hammasi o‘zgarib ketdi. Maktabda ishlayman, deyishga istihola qiladigan darajaga keldim. Senga yolg‘on, menga chin, o‘qituvchiman deyishga uyaladigan ahvolga tushdim. O‘z kasbini aytishdan uyaladigan odamning ishida baraka, hayotida fayz, ertangi kuniga ishonch bo‘lmas ekan. Buni men o‘z boshimdan o‘tkazdim. Topish-tutishim maktabning ostonasini majburan hatlagan noshudnikidan eng kamida 5-6 barobar oz edi. Harfni harfga urib arang o‘qiganlarning oshig‘i olchi bo‘ldi. Tagida yangi mashina, traktor – tirkamasi bilan. Hovlisida 10-12 bosh qoramoli, qo‘y-echkisi kavsh qaytarib yotadi. Qiladigan ishi pishiqchilikda, o‘zining tili bilan aytganda, “kliyent” topib, hamqishloqlar yetishtirgan hosilni unga-bunga uradi. Yo‘q, sira hasad qilmayapman, haloli bo‘lsin. Shunchaki, gap kelganda aytayapman-da. Shunday kezlarda ishdan hafsalang pir bo‘lib, hayot ko‘zingga befayz ko‘rinarkan. Bugun bilan yashab, nima qilib bo‘lsa-da, pul topish, oilangni boqishdan o‘zga tashvishing bo‘lmay qolar ekan. Hali aytganimdek, maktabda bolalarga dars beraman, deyish haqoratdek tuyuladigan darajaga yetib qolgan edik. “Tavba, – derdim o‘zimga o‘zim, – odam ham o‘zi orzu qilib tanlagan kasbidan uyalarkanmi?”. Uyalarkan, agar dars vaqtida biror kattakon kelib, ko‘cha supurasan, daraxtni oqlaysan, gul ekasan, deb tursa. Mabodo ekkan nihollaringdan birortasi ikki kungacha qurib qolsa (bizning cho‘l sharoitida bu tabiiy), “undoq qilvoraman”, “bundoq qilvoraman”, deb udag‘aylab tursa. Buning ustiga o‘quvchilaring ko‘z o‘ngida! Shu kasbni tanlaganingdan xafalar bo‘lib ketasan. Alaming keladi, iching yig‘laydi. Dard ko‘p – darmon yo‘q, deganlari shu bo‘ladi.
Oxiri bo‘lmadi, chidolmadim, ketishga majbur bo‘ldim. Mana, ko‘rib turganingdek, otamdan qolgan eski “Jiguli”da kirakashlik qilaman. Ro‘zg‘or o‘tib turibdi. “Kliyent” ko‘p, narxini talashmayman. Axir “kliyent”larning ko‘pi sobiq o‘quvchilarim-ku! Juda qiynalaman, ezilaman. Dardimni birovga aytolmayman. Negadir senga aytgim keldi. Lekin o‘tgan yillarimga achinmayman. Pushkinning “Yesli obmanit tebya jizn, ne pechalsya, ne serdis...” deb boshlanuvchi she’rini sen ham yaxshi ko‘rarding shekilli. O‘zbekchasi yanayam zo‘r chiqqan, deyishingiz bilan men davom ettirdim:
Agar seni aldasa hayot,
Sen noumid bo‘lma hech qachon.
G‘amli kunga qilgin itoat,
Xushnud kunlar keladi, ishon.
Qalb kelajak ishqi-la yashar,
Bu kunimiz qayg‘u va dog‘li.
Bari oniy o‘tishga shoshar,
O‘tgan esa hamisha totli.
Esingda ekanda, unutmabsan, barakalla, dedingiz o‘sha yoshlikdagi tabassum bilan. Bundan mening ham ko‘nglim yorishdi. Birovga unutilmas yaxshilik qilib qo‘yganday xursand bo‘lib ketdim.
Hazrat Ali karamallohu vajhahu “Ustoz urgan joy do‘zaxda kuymas” degan ekanlar. Yoshim ellikdan o‘tib, endi armon qiladi. U paytlarda bu imkonsiz ish bo‘lganini bilsam-da, ba’zan nega shunday hikmatlarni bolalikda o‘qimadim, degan o‘kinch o‘tadi ko‘nglimdan. “Qani edi, yana o‘quvchi bo‘lib qolsamu ustozim tanamda tangacha joy qoldirmay ursa” deb orzu qilaman. “Menga bir harf ta’lim berganning quliman, xohlasa, ishlatsin, xohlasa, ozod qilsin, hoxlasa, bozorga chiqarib sotib yuborsin”, degan ekanlar yana u zot.
To‘g‘risini aytsam, bugun ham maktabda o‘quvchilarga shunday bebaho hikmatlar o‘rgatilyaptimi-yo‘qmi, bilmayman. Lekin Prezidentimiz Murojaatnomada “Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta’lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur”, deganlarida, rosti, beixtiyor o‘rnimdan turib, qarsak chalib yubordim. (Shu choqqacha qancha-qancha ma’ruzayu va’zlarni tinglab, hech bunday holga tushmagan edim. To‘g‘ri, ba’zan ko‘zimga yosh kelgan paytlar bo‘lgan, biroq zinhor o‘rnimdan turgan emasman).
Ustoz, ilgari yoshlar yangi o‘qigan kitoblari bilan maqtanishar edi, hozir esa besh so‘mni qanday qilib o‘nga aylantirganiyu, kimning qanday smartfoni, plansheti, otasining qanday mashinasi borligi bilan maqtanishadi. Nachora, bu ham texnologik taraqqiyotning bir natijasi-da.
Shunday taraqqiyot zamonida o‘ta rivojlangan davlatlarda o‘qituvchi-muallimga munosabat qanday ekan, degan savolga javob izlab ko‘rdim. Qarang, ularda qanday ekan:
Italiyada: “Uchta kasb egalari tirband yo‘lda qolmasliklari kerak – Tez yordam, o‘t o‘chiruvchilar, o‘qituvchilar”.
Fransiyada: “Boylar o‘z yashash joylari bilan maqtanish uchun o‘qituvchilar bilan bir hududda yashashga intiladilar”.
Shvetsiyada: “Birinchi farzandim shifokor, ammo ikkinchi farzandim undan yaxshiroq kasb egallashni istaydi, ya’ni o‘qituvchi bo‘lmoqchi”.
Angliyada: “Bu bola daho, u o‘qituvchidek fikrlaydi”.
Shuningdek, bu yurtda bolalar bog‘chasiga tarbiyachi yoki maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirish uchun bir necha tanlovda g‘olib chiqish talab etilar ekan. Bundan ko‘zlangan maqsad – boshqa ish qo‘lidan kelmagani uchun ta’lim-tarbiya sohasiga tasodifan kirib qolgan loqayd kimsalar bolalarining tarbiyasi bilan shug‘ullanmasin. Ya’ni ota-onalarning o‘zi kelajagi obro‘siz toifa qo‘lida qolishini mutlaqo istamaydi.
Germaniyaning ko‘p yillik kansleri Angela Merkel xonim norozilik bildirayotgan shifokorlarga murojaat qilib bunday dedi: “Sizning maoshingiz sizni o‘qitgan o‘qituvchilarning ish haqidan yuqori bo‘lishini kutmasligingiz kerak”.
Biz bilan solishtirganda go‘yo o‘zga dunyo! 2020 yil yil butun dunyo uchun g‘oyat og‘ir keldi. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston rahbari avvalo, o‘qituvchilar, ustoz-murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida muhim qarorlar qabul qildi, turli yig‘ilishu anjumanlarda buni bot-bot takrorladi. Yakunlangan yil sarhisobi va keyingi yilning chin dasturilamali bo‘lgan Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham buni yana bir bor qat’iy ta’kidladi!
Muhtaram ustoz, pandemiya sababli so‘nggi qariyb bir yilda qishloqqa borolmagan bo‘lsam-da, eshitdim. Sentyabrdan maktabga qaytibsiz. Bilaman, hamqishloqlarning iltimosi o‘z yo‘liga, sizni maktabga qaytargan shaxsan davlat rahbarining o‘zi kasbingizni ulug‘layotgani, o‘qituvchilarga jamiyatning eng ilg‘or va obro‘li vakillari sifatida yuksak e’tibor qaratilishiga da’vat etayotgani bo‘lgan. Bunga hech qanday shubham yo‘q.
Qaddingiz tiklanib, qadringiz yuksalayotgani muborak bo‘lsin, ustoz!
J.Meliqulov,
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
direktorining maslahatchisi.