Ustozga ehtirom — kasbga ehtirom
Inson hayotida shunday ulug‘ zotlar borki, ularning bergan sabog‘i yillar o‘tgani sari qadri yanada ortib boradi. Ustoz ana shunday buyuk maqom sohibidir. U nafaqat bilim beradi, balki kasbga sadoqat, mas’uliyat, halollik va insonparvarlik kabi fazilatlarni ham shogird qalbiga singdiradi. Shu bois ustozga ko‘rsatilgan hurmat — bir insonga emas, balki avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtalarga, hayotiy tajriba va kasbiy an’analarga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromdir.
Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksaltirish, ularning mehnatini qadrlash, yosh avlod tarbiyasidagi fidokorona xizmatini munosib rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadri, ta’lim va tarbiya, ustozlarni e’zozlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bu boradagi ezgu ishlarga yanada keng yo‘l ochmoqda.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi jamoasi tomonidan ko‘p yillar davomida tizimda sharafli xizmat qilgan faxriy bojxona xodimlaridan hol so‘rash, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazish an’anaviy tus olgani ham ana shu yuksak qadriyatning amaliy ifodasidir.
Zero, bu uchrashuvlar shunchaki bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbir emas. Ularda bir necha avlodni birlashtirgan kasbiy xotira, hayotiy tajriba va ustoz-shogird an’analarining uzviyligi mujassam. Bugungi zamonaviy bojxona xizmatida erishilayotgan natijalar zamirida kecha shu tizimda mehnat qilgan, uning rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan fidoyi insonlarning ham ulkan mehnati bor.

Ana shunday faxriy bojxona xodimlaridan biri — Izzatillo Atoyev. U uzoq yillar davomida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida turli mas’ul lavozimlarda sidqidildan xizmat qildi. O‘z kasbiga sadoqat, xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashish, har bir topshiriqni vijdonan bajarish uning faoliyatining asosiy mezoni bo‘ldi.
Bojxona xizmati — oson kasb emas. Bu soha xodimdan yuksak mas’uliyat, bilim va zukkolik bilan bir qatorda, prinsipiallik, halollik va Vatan manfaatlariga sadoqatni talab etadi. Chunki bojxona xodimi mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish, qonuniylikni mustahkamlash kabi muhim vazifalarning bevosita ishtirokchisidir.
Izzatillo Atoyev ana shu mas’uliyatni teran anglagan holda, yillar davomida o‘z kasbiy tajribasi va bilimini boyitib bordi. Biroq uning xizmat faoliyatining eng qimmatli jihatlaridan biri shundaki, u to‘plagan bilim va tajribasini yoshlarga o‘rgatdi, shogirdlariga yo‘l ko‘rsatdi, kasb sirlaridan ogoh qildi.
Faxriy xodim bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat davomida bojxona xizmatidagi yillar, o‘sha davrdagi mehnat jarayonlari, kasbning o‘ziga xos jihatlari, hamkasblar va shogirdlar haqidagi iliq xotiralar yodga olindi. Bunday suhbatlarning qimmati, ehtimol, qog‘ozga sig‘maydi. Chunki har bir xotira ortida bir umrlik mehnat, mas’uliyat va inson taqdiri bor. Bir qarashda oddiydek tuyulgan har bir voqea aslida yosh xodim uchun katta hayotiy saboq bo‘lishi mumkin.

Faxriy xodimning xotiralarida kasbga bo‘lgan mehr, xizmat intizomiga sadoqat, hamkasblarga hurmat va shogirdlarga nisbatan g‘amxo‘rlik uyg‘unlashib ketgani seziladi. Ustozlikning buyukligi ham shunda. Ustoz shogirdiga faqat “qanday ishlash”ni emas, “qanday inson bo‘lish”ni ham o‘rgatadi. Bojxona sohasida bu jihat ayniqsa muhim. Chunki bu yerda kasbiy bilim bilan bir qatorda halollik, qonunga sadoqat, mas’uliyat va yurt manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qo‘yish kabi fazilatlar ham katta ahamiyatga ega.
Har bir kasbning o‘z maktabi bo‘ladi. Bu maktabni kitobdangina o‘rganib bo‘lmaydi. Ustozlarning hayotiy tajribasi, ko‘rgan-kechirganlari, murakkab vaziyatlarda qabul qilgan qarorlari, kasbga munosabati yosh mutaxassis uchun beqiyos saboq vazifasini o‘taydi. Shu ma’noda, faxriy xodimlarni yo‘qlash — kechagi avlodni eslashgina emas. Bu bugungi va ertangi avlodga kasbiy xotirani yetkazish, sohada shakllangan ezgu an’analarni asrash demakdir.
Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, katta hayotiy va mehnat tajribasiga ega avlod vakillarini e’zozlash, yoshlarni bilim va tarbiya bilan ta’minlash, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.
Bugun yosh bojxona xodimlari zamonaviy texnologiyalar, raqamli tizimlar va yangicha yondashuvlar asosida faoliyat yuritmoqda. Biroq texnologiya qanchalik rivojlanmasin, kasbning insonga bog‘liq jihatlari — halollik, mas’uliyat, tajriba va sadoqat hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Shuning uchun kechagi ustozning sabog‘i bugungi zamonaviy xizmat bilan uyg‘unlashib, ertangi avlod uchun mustahkam kasbiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun faxriy bojxona xodimlarining xonadonlariga borib, ularning holidan xabar olish, suhbatlarini tinglash, duolarini olish — samimiy ehtiromning yorqin ko‘rinishidir. Bunday uchrashuvlarda avlodlar o‘rtasidagi masofa yo‘qoladi. Kechagi tajriba bugungi bilim bilan tutashadi. Ustozning xotiralari shogirdning qalbida yangi mas’uliyat uyg‘otadi. Ehtimol, ustoz uchun eng katta mukofot ham shu — o‘zidan keyin kelayotgan yoshlarning kasbga sadoqat bilan xizmat qilayotganini ko‘rish.
Izzatillo Atoyev singari faxriy xodimlarning hayot yo‘li esa bugungi yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ularning mehnat faoliyati, kasbga munosabati va shogirdlariga qoldirgan saboqlari vaqt o‘tishi bilan yanada qadrli ma’naviy merosga aylanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri