9-may – Xotira va qadrlash kuni
Toshkent davlat yuridik universitetida 9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami munosabati bilan «Faxriylar doim e’zozda» mavzusida adliya organlarida faoliyat yuritgan faxriylar, tizim xodimlari va talabalar o‘rtasida «Uch avlod uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ishtirokchilarni samimiy qutlab, mamlakatimizda keksa avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, ijtimoiy hayotdagi faolliklarini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Muloqot davomida o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukronalar aytish – kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi. Bunyodkorlik ishlariga tomoshabin bo‘lib emas, kamarbasta bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik bilan yashash esa yoshlarning burchidir.
Tadbirda o‘zbek huquqshunoslik maktabi darg‘alarining ishtiroki ulkan faxr tuyg‘ularini uyg‘otdi. Ustozlardan olgan bilim va tajribalar, huquqshunoslik kasbi qadriyatlariga sadoqatni yosh avlodga, shogirdlarga bus-butun va yanada rivojlangan holda yetkazish lozimligi, ustoz-shogird an’analarini uyg‘unlashtirish, keksalarning boy tajribasini yosh avlodga ulashish esa milliy kadrlar tayyorlashning ajralmas qismi ekanligiga e’tibor qaratildi.

Talabalar oldida ulkan imkoniyatlar mavjudligi, bo‘lajak huquqshunoslar esa berilgan imkoniyatdan o‘z vaqtida va unumli foydalanishi kerakligi aytildi.
Adliya faxriylari so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘zlarining hayot yo‘llari, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlarga huquqshunoslik kasbini puxta egallash borasida maslahatlar berildi.
Muloqot davomida faxriylarga Adliya vazirligi sovg‘alari ham topshirildi.
Universitet talabalari ijrosida mehmonlar uchun konsert dasturi namoyish etildi.
N.Abduraimova, O‘zA