O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, "Buyuk xizmatlari uchun" hamda "Do‘stlik" ordenlari sohibi Said Ahmad asarlari samimiy, milliy va xalqchilligi bilan o‘quvchilar mehrini qozongan. Ustoz adib hayot bo‘lganida tabarruk 101 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.
Adabiyotshunoslarning fikricha, o‘tgan asrning 50-yillari avvali, 60-yillar oxirida Said Ahmadning ijodi yanada yuqoriroq badiiy darajaga ko‘tariladi. U o‘nlab lirik va hajviy hikoyalar yaratib, o‘zbek adabiyotining hikoya janri rivojida muayyan o‘ringa ega bo‘lgan. Bu yillar Said Ahmad ijodida yangi mavzu alohida e’tiborga loyiq – bu Markaziy Farg‘onaning bo‘z yerlarini o‘zlashtiruvchilar hayotining aks etish mavzusidir. Bu hikoyalar “Cho‘l burguti”, “Cho‘l shamollari” va “Tunlar va cho‘llar” kabi to‘plamlardan joy olgan bo‘lib, bizning ko‘pmillatli adabiyotimizdagi “qishloq nasri”ning o‘ziga xos timsollari hisoblanadi.
Said Ahmad haqida gap ketsa, o‘quvchilar ko‘z o‘ngiga darhol mashhuri jahon spektakl "Kelinlar qo‘zg‘oloni" asari kelishi tabiiy. Ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan ushbu asar oilaning muqaddas ekani, milliy qadriyatlarning bardavomligidan so‘zlaydi. Kim uchundir yozuvchining qarashlari, pozitsiyasi ko‘proq "Yo‘qotganlarim va topganlarim", "Qorako‘z majnun", "Kiprikda qolgan tong" kabi asarlarida namoyon bo‘lganini qayd etadi. Ayni paytda "Ufq ", "Jimjitlik" kabi asarlari adibning ijodiy salohiyati nechog‘li zalvorli bo‘lganini yana bir karra o‘quvchi yodiga soladi.
Har holda xalqimiz Said Ahmad domlaning ko‘plab feletonlaru tanqidiy maqolalar yozgan qalami o‘tkir muxbir, yaxshigina rassom va umuman dilkash va samimiy inson bo‘lganini hamisha mehr va cheksiz ehtirom bilan yodga oladi.
Ustoz adibning anjumanlar, adabiy yig‘inlar, muxlislar bilan uchrashuv chog‘idagi so‘zlaganlari ham xuddi asarlaridagidek sodda, samimiy, yurakdan, ravon bo‘lgani bois odamlar qalbiga darrov yetib borar edi.
Sho‘rolar davri zug‘umidan ancha jabr ko‘rgan ustoz adib ehtimolki umr yo‘ldoshi Saida Zunnunovaning mehri, sadoqati, keyinchalik esa porloq xotirasi bois hayot murakkabliklari, toru tangliklarini matonat bilan yengib kelgan.
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonidagi Said Ahmad hamda betakror ijodkor Saida Zunnunova haykali nainki 10 iyunda, balki yil bo‘yi adabiyot muxlislari bilan birga gavjum. Og‘ir pandemiya davri bo‘lishiga qaramay mamlakatimizda 2020 yili Said Ahmad tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi.
Kitobxonlikka e’tibor kuchaygan bugungi kunda ustoz adibning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. Bu ijodkor oila haqida hayotiy kartinalar yaratilmoqda. Said Ahmad asarlaridagi milliy ruh, beg‘uborlik, teran fikr, samimiyat, ko‘ngli ochiqlik har bir adabiyot muxlisi uchun g‘oyat qadrlidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA