Ustoz rejissyorning aziz xotirasi yodi
Poytaxtimizdagi “Diydor” teatr-studiyasining yangi ijodiy mavsumi ochilishi ustoz san’atkor, O‘zbekiston san’at arbobi, mohir rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev xotirasiga bag‘ishlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga ijodkor ziyolilar, teatr san’ati muxlislari, talaba-yoshlar taklif etildi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ustoz rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev mamlakatimiz milliy san’ati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan fidoyi inson sifatida xalqimiz qalbida manguga muhrlanib qolganini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ustoz rejissyor mamlakatimizdagi nufuzli tadbirlar, shu jumladan, davlat miqyosidagi yirik tantanalar, bayram shodiyonalari, Mustaqillik kuni va Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilgan konsertlar, «Sharq taronalari», Mirzo Ulug‘bekning 600 yilligi va Amir Temurning 660 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda bosh rejissyor sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, Bahodir Yo‘ldoshev bir qator badiiy filmlarda esda qolarli rollar yaratgan ijodkor edi. Ustoz milliy teatr san’atimizdagi eng yorqin spektakllarning sahna yuzini ko‘rishiga, ularning tomoshabin qalbidan chuqur o‘rin egallashiga sababchi bo‘lgan o‘tkir zehnli, qat’iyatli, o‘z teran qarashlari, ijodiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan san’at arbobi edi. Zero, milliy teatrimiz sahifalaridagi eng yorqin, badiiy jihatdan puxta va mukammal sahna asarlarining zalvorli ismi ustoz san’atkorning fidokorona mehnatlari, chekkan zahmatlari bilan bevosita bog‘liqdir.
Ayni paytda Bahodir Yo‘ldoshev ko‘plab iste’dodli aktyor va rejissyorlar, ijod ahli uchun ham kasbga sadoqatda, mehnatda, Vataniga, xalqiga fidoyilikda o‘rnak bo‘lishga arzigulik inson edi. U asos solgan “Diydor” teatr-studiyasi ko‘plab yoshlarni yangi izlanishga chorlashi, o‘ziga xos rag‘bat, ilhom maydoniga aylangani, betakor spektakllari bilan ham qadrlidir.
Tadbirda ustoz san’atkorning ijodi, sermashaqqat faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi. “Diydor” teatr-studiyasining yangi ijodiy mavsumi atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani asosida sahnalashtirilgan shu nomdagi spektakl namoyishi bilan boshlandi.
N.Usmonova, O‘zA